Oltinsoyliklar Qorliq mahallasidagi Navro‘zsoyda bayramni tantanali nishonladi
Yurtimizga Navro‘zi olam kirib keldi. Turnalar karvoni feruza osmonda «Qurey-qurey» deya arg‘imchoq solib uchmoqda.
Tumanimiz mehnat ahli 2022 yilning Navro‘zini ham quvonchli yangilikldar, mehnat zafarlari bilan kutib olishdi.
Bugun Oltinsoy tumanidagi Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan xalq sayli Qorliq mahallasi adirlarida erta tongdan boshlandi.
Tong yorisha boshlagandan bayram o‘tkaziladigan joyga odamlar daryoday oqib kela boshladi. Turnaqator mashinalar karvoni qirga qarab tirmashardi. Rango rang kiyingan opa-singillarimiz, ot mingan chavandozlar, o‘sma qo‘ygan qizchalar, chopayotgan bolakaylar, mashinalar karvoni ajib manzara kasb etmoqda.
Adirlar ustiga tikilgan oq o‘tovlar kattakon gulday yashnab turibdi. Qirlarga o‘rnatilgan pannolardagi «Navro‘z muborak bo‘lsin!» degan tabrik yozuvlari olis-olislardan ko‘rinadi.
Adirda bayram avjiga chiqdi. Bir tomonda Sherali baxshi Jumaevning jarangdor ovozi adirni tutdi, bir yonda yoshlar sport musobaqalarini boshlab yuborishdi.
Mahallalarning o‘tovlari oldida qo‘shiq va raqslar, kelin salomlar, chanqovuz ohanglari, folklor ansambllari raqslari nigohlarni sehrladi. Odamlar keng adirlikda ko‘ngil g‘uborlarini yozdilar.
Bayram tantanalari oldidan qo‘rg‘onlar ko‘rigi o‘tkazildi. Ular rango rang so‘zanalar bilan bezatilgan. Bahoriy taomlar dasturxonlarni bezatib turibdi. Doshqozondagi osh nuroniylar va mehnat faxriylariga, baynalmilal jangchilarga tarqatilmoqda.
Olam yam-yashil. Odamlar turfa kiyingan. Hammaning yuzida quvonch.
15-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi yosh ijrochilarining doiralari gumburlab, dalalarning asriy sukunatini buzayapti.
Xalq bu yoqdan bu yoqqa daryoday oqadi. Tumandagi tadbirkorlar, oshpazlar, do‘konchilarning bozori qizigan. Ko‘chma oshxonalar ishlab turibdi.
Kim mehnat jamoasi bilan, kim oilasi bilan maysalarga gilam yozib yayramoqda.
Soat 10-00da baland joyga o‘rnatilgan katta sahnaga tuman hokimi o‘rinbosari Xayrulla Qosimov chiqib, Oltinsoy tumani hokimi Alisher Djumaevning tuman ahliga Navro‘z tabrigini o‘qib eshittirdi.
Shundan so‘ng oltinsoyliklarning Navro‘z bayramida qatnashish uchun Toshkentdan kelgan taniqli san’atkor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Bahrom Nazarov Oltinsoy ahlini bayram bilan tabrikladi va diltortar qo‘shiqlarini ijro etdi. El sevgan xonandaning qo‘shiqlari gulduros qarsaklar bilan olqishlandi. Tuman madaniyat bo‘limi raqqosalari sahnani to‘ldirib raqsga tushdi. Dilbar qo‘shiqlar tobora avj olgan sari tomoshabinlarning sevinchi orta bordi. Barcha-barcha raqsga tushib ketdi.
Bayram kuni tuman sportchilari ham yashil maydonda o‘zaro kuch sinashdilar.
Bir so‘z bilan aytganda, elimiz shu kuni yayrab bayram qildi. Keksalar yurtimiz tinchligi va obodligi uchun duolar qildi. Bu kunlarga yetkazgani uchun shukronalar aytishdi.
Elimiz 2022 yilning Navro‘zini ana shunday xushbaxtlik bilan kutib oldi.
© Oltinsoy tumani hokimligi veb-saytlari 2025