Talonchilik jinoyati tushunchasi.

Jinoyat kodeksida talon-taroj qilishning quyidagi shakllari ko‘zda tutilgan:

-bosqinchilik (JKning 164-moddasi), tovlamachilik (JKning 165-moddasi), talonchilik (JKning 166-moddasi), o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish (JKning 167-moddasi), firibgarlik (JKning 168-moddasi),  o‘g‘irlik (JKning 169-moddasi).

Shu o‘rinda talonchilik jinoyatiga to‘xtalib o‘tamiz.

TTalonchilik, ya’ni o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish — uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Talonchilik:

  1. a) hayot va sog‘liq uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatib yoxud shunday zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitib;
  2. b) ancha miqdorda;
  3. v) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, — uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Talonchilik:

  1. a) takroran yoki xavfli residivist tomonidan;
  2. b) uy-joyga, omborxona yoki boshqa xonaga g‘ayriqonuniy ravishda kirib;
  3. v) ko‘p miqdorda sodir etilgan bo‘lsa, — besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Talonchilik:

  1. a) juda ko‘p miqdorda;
  2. b) o‘ta xavfli residivist tomonidan;
  3. v) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa, — o‘n yildan o‘n besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Talonchilik o‘zgalar mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish deb belgilanadi. Aybdor, jabrlanuvchi va boshqalarning ko‘z oldida o‘zganing mulkini egallab olayotganligini va ular uning harakatlarining jinoiy xususiyatini tushunganligini anglaganda, o‘zganing mulkini oshkora talon-toroj qilish talonchilik hisoblanadi.

Talonchilikning ob’ektiv tomoni o‘zgalar mulkini zo‘rlik ishlatmay oshkora egallab oluvchi faol harakatlarda ifodalanadi. Oshkora talon-toroj deb tan olish uchun, birinchidan, mulkdor, mulk egasi yoki boshqa shaxslar aybdorning harakatlarini ko‘rib turgan bo‘lishlari va ularning jinoiy xususiyatga ega ekanligini tushunishlari, ikkinchidan, aybdor bu holatni anglagan, biroq nazar-pisand qilmagan bo‘lishi zarur.

Agar ishtirok etuvchilar talon-toroj qilinganligini sezmasalar yoxud buyum olinganligi faktini ko‘ra turib, uni qonuniy hisoblasalar va aybdor ham shunga umid qilgan bo‘lsa, u holda talon-torojni oshkora deb tan olinishi mumkin emas. Ishtirok etuvchilardan birontasi o‘zgalar mulkini noqonuniy o‘zlashtirish bo‘layotganligini, lekin aybdor boshqa shaxslarga sezdirmay harakat qilaman deb uylayotganligini sezgan hollarda ham talon-torojni talonchilik sifatida kvalifikatsiya qilish mumkin emas.

Yashirin ravishda boshlangan talon-toroj ba’zan o‘zgalar mulkini ochiqdan-ochiq egallashga aylanib ketadi. Bunday hollar, mulkni egallash jarayonida jinoyatchini sezib qolishganida, lekin buni tan olmay o‘z harakatlarini davom ettirib, mulkni oshkora egallab olgan hollarda sodir bo‘ladi. Yashirin ravishdagi talon-torojning oshkor bo‘lishi haqidagi masala, o‘g‘irlik sifatida boshlangan harakatlar hali tugallanmagan, ya’ni aybdor mulkni egallab olmagan va undan foydalanishning real imkoniyatlarini qo‘lga kiritmagan yoki ulardan o‘z bilganicha foydalanib ulgurmagan hollarda yuzaga keladi.

Talonchilik tarkibi - moddiydir. Shuning uchun uning ob’ektiv tomonining muqarrar belgisi mulkdorga yoki mulkning qonuniy egasiga mulkni zarar yetkazish shaklidagi ijtimoiy xavfli oqibatlardan iboratdir. Demak, mulkni amalda egallab olish, ya’ni jinoyatchida talon-toroj qilingan narsadan foydalanish yoki undan boshqacha tarzda o‘z bilganicha foydalanish imkoniyati paydo bo‘lishi vaziyatidan boshlab bu jinoyat tugallangan hisoblanadi.

Aybdorning noqonuniy harakatlari va kelib chiqqan zararli oqibatlar o‘rtasidagi sababiy bog‘lanishlar ham talonchilikning ob’ektiv tomoniga kiradi.

Talonchilikning sub’ektiv tomoni to‘g‘ri qasdda ifodalanadi. Aybdor oshkora, ya’ni boshqa shaxslarning ko‘z o‘ngida begonalarning mulkiga haqi bo‘lmagan holda egalik qiladi, o‘z harakatlari bilan mulkdor yoki mulkning qonuniy egasiga mulkiy zarar yetkazishni oldindan biladi va shu oqibatlarning kelib chiqishini istaydi. G‘arazli motivlarga asoslanib, u o‘zgalar mulki hisobiga noqonuniy foyda olishni ko‘zlaydi.

Talonchilikning kvalifikatsiya tarkibi sog‘liq va hayot uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatish yoxud shunday zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish kabi o‘ziga xos belgini o‘z ichiga oladi (JK 166-m., 2-q., “a” bandi). Bu belgini to‘g‘ri qo‘llash uchun uchta holatni hisobga olish zarur. Birinchidan, Qonun amalda zo‘rlik ishlatilganliginigina emas, uni qo‘llash bilan tahdid qilinganligini ham nazarda tutadi. Bu bilan ruhiy zo‘rlik ishlatib talonchilik qilish mumkin yoki mumkin emasligi haqidagi asossiz bahslarga chek qo‘yildi. Xuddi jismoniy zo‘rlik kabi, jismoniy zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish orqali ruhiy zo‘rlik ham talonchilikning kvalifikatsiya belgisi hisoblanadi. Ikkinchidan, talonchilikda zo‘rlik mulkdor yoki mulkning boshqa qonuniy egasiga, shuningdek real holda yoki aybdorning fikricha talon-torojga to‘sqinlik qiluvchi boshqa shaxslarga nisbatan ham ishlatilishi mumkin. Uchinchidan, o‘z xarakteri jihatidan hayot va sog‘liq uchun xavf tug‘dirmaydigan zo‘rlik, zo‘rlik ishlatish yo‘li bilan bosqinchilik qilishning belgisi hisoblanadi. Bunday zo‘rlik deganda, hayot uchun xavf tug‘dirmaydigan va sog‘liqqa real ziyon yetkazmaydigan, jabrlanuvchiga jismoniy azob yetkazuvchi urish yoki erkinligini cheklab qo‘yuvchi harakatlar tushuniladi.

Aybdorning jabrlanuvchiga emas, uning buyumlariga nisbatan jismoniy zo‘rlik ishlatib qilgan harakatlari zo‘rlik ishlatish deb kvalifikatsiya qilinishi mumkin emas (masalan, boshdan telpakni yulib olish yoki qo‘lidan sumkani tortib olish).

Agar zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish mulkni egallash yoki uni egallagandan so‘ng saqlab turish vositasi bo‘lib xizmat qilgan hollardagina talonchilik zo‘rlik ishlatish yo‘li bilan sodir etilgan deb hisoblanadi. Shuning uchun, talonchi o‘g‘irlik tamom bo‘lgandan so‘ng ushlashdan qochish sifatida amalga oshirilgan qo‘rqitish, uni tugallangan talonchilikka aylantirishi mumkin emas. Aksincha, jinoyat zo‘rlik ishlatmasdan talonchilik yoki hatto o‘g‘irlik sifatida boshlansa, lekin uni bilib qolishgach aybdor mulkni egallash uchun zo‘rlik ishlatsa yoki uni yashirin egallangandan keyin ushlab turish uchun ishlatsa, qilmish zo‘rlik ishlatish yo‘li bilan talonchilik qilishga aylanadi.

Insonga nisbatan zo‘rlik ishlatish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish bu talonchilik turining yuridik mohiyatini o‘zgartiradi. Bunday hollarda jinoyat ikki ob’ektli bo‘lib qoladi: mulk munosabatlari bilan birga sog‘liq, shaxsiy erkinlikni va badan daxlsizligini ta’minlovchi ijtimoiy munosabatlarga zarar yetadi yoki ularga bevosita xavf tug‘iladi.

Jinoyat sodir etilgan joyda hozirning o‘zida zudlik bilan emas, balki keyinroq, ancha muddat o‘tgach zo‘ravonlik qo‘llash tahdidi tovlamachilik belgisi bo‘lib, talonchilikka kirmaydi.

O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan bo‘ladigan qo‘rqitish talonchilik tarkibiga kiradi va JK 112-moddasi bilan qo‘shimcha baholashni talab qilmaydi. Agar mol-mulkni egallash asnosida zo‘ravonlikni qo‘llash tahdidi amalga oshirilsa, qilmishni yetkazilgan tan jarohatining og‘irlik darajasiga qarab talonchilik yoki bosqinchilik sifatida baholash lozim.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Oltinsoy tuman sudining

 sudya yordamchisi

 J.Eshonqulov