Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
VATAN  POSBONLARIGA BAG‘IShLANGAN TADBIR

Bugun, 12 yanvar kuni Oltinsoy tumani markazida joylashgan Davlat xizmatlari binosi oldidagi katta maydonda tuman hokimligi, tuman ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi,tuman Mudofaa  ishlari bo‘limi  hamkorligida O‘zbekiston Pespublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 30 yilligi va 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda boshlovchilik qilgan Oltinsoy tuman madaniyat bo‘limi xodimi Maqsuda Mahmatqulova tomonidan sarhadlarimiz posbonlariga, Vatan himoyachilari-harbiylarga  bag‘ishlangan she’rlar o‘qildi.

Tadbirda  dastlab so‘z olgan Oltinsoy tumani hokimi o‘rinbosari Xayrulla Qosimov tadbir ishtirokchilari va tuman ahlini 14 yanvar—Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 30 yilligi bilan qizg‘in tabrikladi.  Notiq o‘z nutqida Prezidentimiz rahnamoligida milliy Armiyamiz kuch-qudrati yildan-yilga mustahkamlanib borayotgani, bugungi kunda Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilish har bir yigitning muqaddas orzusiga, shon-sharaf ishiga aylanganligini alohida ta’kidladi.  Shu boisdan ham tumanimizdan har yili yuzlab yigitlar harbiy xizmatga tanlov asosida yuborilmoqda,  dedi Xayrulla Qosimov.

Shundan so‘ng Oltinsoy tuman Mudofaa ishlari bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Sherbek Niyazov tabrik uchun so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganligining 30 yilligi munosabati bilan Prezidentimizning 2021 yil 1 dekabrdagi Farmoniga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 30 yil” esdalik nishoni ta’sis etilgani  vatanimiz sarhadlarini qo‘riqlayotgan posbonlarga, harbiylarning samarali xizmatlariga bo‘lgan chuqur ehtirom ifodasi ekanligini aytib o‘tdi.

 

Qo‘shni tumandan tadbirga tashrif buyurgan N-qism harbiylar yetakchisi, mayor Rustam Abdurahimov tadbir ishtirokchilarini tabriklar ekan, xalqimiz osoyishtaligini ta’minlashda qism harbiylari doimo hushyor va o‘z postlarida sergak ekanliklarini bayon etdi.

    Shundan so‘ng davlatimiz madhiyasi yangradi.

Tadbirda N-qism Faxriy qorovul bo‘linmasining  chiqishlari, harbiy qurol-aslahalar ko‘rgazmalari yoshlarda va ishtirokchilarda katta taassurotlar qoldirdi. Ayniqsa, N-qism harbiy orkestri  solistlari G‘affor Saidov hamda Hasan Sultonovlar ijrosidagi  Vatan, armiya haqidagi kuy va qo‘shiqlar  barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.  Tadbirda Oltinsoy tuman madaniyat bo‘limi  san’atkorlari tomonidan tayyorlangan  konsert dasturi namoyish etilib, Vatanni, tinchlikni, shu bebaho ne’matni ko‘z qorachig‘iday himoya qilayotgan milliy Armiyamiz, yurtimizning mard va jasur harbiy o‘g‘lonlarini madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar bayram shodligiga shodlik qo‘shdi.

Haqiqatan ham  bu har qancha ulug‘lansa arziydigan bayram. Boisi, mustahkam va jangovar milliy armiyamiz bor ekan – xalqimizning ko‘ngli  doimo xotirjam.

    Gulhayo XUDOYBERDIEVA,

    Odiljon SODIQOV.

 

Ro`yxatdan o`tish
8 ta foydalanuvchi hozir saytda
OpenByudjet loyihasida ishtirok etyapsizmi?