Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
Odil sudlovni ta’minlash imkoniyatlari yanada oshirildi
Tadbirlar rejasi / 2023-02-02

 

Ma’lumki bugungi kunda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq sohasini takomillashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash, mustaqil, ochiq va shaffof sud tizimiga erishish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, sud-huquq sohasini takomillashtirish, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirish borasidagi o‘zgarishlar fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilmoqda.

2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlash va odil sudlov sifatini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 16 yanvardagi “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-11-son Farmoni qabul qilindi.

Mazkur Farmon bilan sud-huquq tizimining jadal isloh qilinishini ta’minlash, aholining odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish maqsadida 2023 – 2026 yillarga mo‘ljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi tasdiqlandi.

Jumladan, Farmonda “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish hamda uning faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yo‘naltirish, adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqali xalqning, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, har bir shaxs sud va sudyalar siymosida o‘zining ishonchli himoyachisini ko‘rishiga erishish ustuvor vazifa qilib belgilandi.

Shuningdek, Farmon bilan:

tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada ko‘rilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta ko‘rib chiqish;

viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish;

viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida ko‘rilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hay’atlarida taftish tartibida qayta ko‘rib chiqish;

yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan ko‘rish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ularga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish mas’uliyatini yuklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganligi qayd etildi.

Shu bilan birga, sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash maqsadida ularning ishiga har qanday aralashuv qat’iy jazolanishi, sudyalarning xavotirsiz ishlashi uchun davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratilishi nazarda tutildi.

Bundan tashqari, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda ta’minlashga qaratilgan yangi mexanizmni joriy etish maqsadida odil sudlovni amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusini tashkil etish belgilanib, ularga sud protsessining boshqa ishtirokchilari bilan teng huquqlardan foydalangan holda odil sudlov faoliyatining samarali amalga oshirilishiga ko‘maklashish, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda davlat ayblovini faqat qonunga asoslanib, xolislikni saqlagan holda sifatli qo‘llab-quvvatlash, fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari sud yo‘li bilan samarali himoya qilinishiga erishish va boshqa vazifalar yuklatildi.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, ushbu qabul qilingan Farmon “Inson qadri uchun” g‘oyasi asosida adolatli sud tizimini yanada mustahkamlash bilan birgalikda, xalqimiz manfaati va inson
qadr-qimmatini samarali himoya qilishga xizmat qiladi.

 

 

                               Jinoyat ishlari bo‘yicha

                                              Oltinsoy tuman sudining raisi

       K.Nazarov

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
11 ta foydalanuvchi hozir saytda
OpenByudjet loyihasida ishtirok etyapsizmi?
Ha!
1%
Yo'q!
1%
Nima ekan "OpenByudjet"???
100%
Jami: 710 ovoz berildi.