RUHIY HAYAJONLANISH HOLATIDAGI QOTILLIK.
Jumladan, jabrlanuvchi tomonidan qilingan g‘ayriqonuniy zo‘rlik yoki og‘ir haqorat, shuningdek, uning boshqa g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli to‘satdan yuz bergan kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirish bu O‘zbekiston Respublikasining JK 98-moddasida belgilab qo‘yilgan norma sanaladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudining 2024 yil 30 sentyabrdagi hukmiga ko‘ra, Abdullaev Abdullaga (ism-familya o‘zgartirilgan) O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “j” bandi bilan 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoning dastlab 1 yil
6 oyini turmada o‘tkazish belgilangan.
Biroq, sudlanuvchi A.Abdullaevning advokati tomonidan keltirilgan apellyatsiya shikoyatida, sudlanuvchi A.Abdullaevning harakatlarini JKning 98-moddasiga, ya’ni kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirish kabi jinoyat turkumiga malakalab, unga yengillik berishni so‘ragan.
Ish hujjati bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahar Hokimligi Sog‘liqni saqlash Bosh boshqarmasi ruhiy asab kasalliklar klinik shifoxonasi ekspertlarining xulosasiga ko‘ra, kriminal holat vaziyati A.Abdullaevda, “kumulyativ” dinamika mexanizmi asosida (salbiy kechinmalarining yig‘indisi) kechadigan fiziologik affektning (kuchli ruhiy hayajonlanish) xarakterli belgilariga ega bo‘lgan uch bosqichda kuzatilgan, deb xulosa keltirgan. Biroq, ushbu holatga birinchi bosqich sudi yetarli darajada e’tibor qaratmasdan, A.Abdullaevga o‘ta og‘ir turdagi jinoyatni sodir etganlikda aybloq qo‘yilgan.
Natijada, Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2024 yil 10 dekabr kunidagi ajrimi bilan sud hukmi bekor qilinib, A.Abdullaevning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi JKning 97-moddasi 2-qismi “j” bandidan, ushbu kodeksning 98-moddasiga qayta malakalanib, unga shu modda bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi hamda jazoni manzil-koloniyalarda o‘tattirish belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, yurtimizda inson, uning hayoti, qadr-qimmati eng oliy qadriyat hisoblanadi. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25-moddasida, yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir. O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi, deb ko‘rsatilgan.
Surxondaryo viloyat sudi
sud katta yordamchisi B.Normurodov