Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
Ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qo‘layliklar yaratildi.
E‘lonlar / 2023-05-29

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev tomonidan ma’muriy jarimalarni to‘lashda qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish kiritish bo‘yicha qonun imzolandi. Keyingi yillarda mamlakatimizda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ma’muriy huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladigan jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lashning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi.

Shu bilan birga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishini, shuningdek sud qarorlariga asosan qo‘llaniladigan ma’muriy jarimalarga nisbatan jarimalar solish to‘g‘risidagi qarorlarni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi qo‘llanilishini taqozo etmoqda.

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 332-1-moddasiga ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs tomonidan jarimaning 50 foizini o‘n besh kun ichida yoki 70 foizini o‘ttiz kun ichida ixtiyoriy ravishda to‘lash tartibi joriy etilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish kiritildi. Mazkur tartib sud qarorlariga asosan qo‘llaniladigan jarimalarga nisbatan ham tatbiq etildi.

Jarima solish to‘g‘risidagi qarorni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi kodeksning 131, 132, 136 va 140-moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar sodir etilganda qo‘llanilmaydi. Shuningdek quyidagi hollarda tatbiq etilmaydi:

  • jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest bildirilganda;
  • xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin 1 yil davomida takror sodir etilganda.

Ushbu Qonun 2023 yilning 1-may kunidan kuchga kirgan.

 

 

N.Xoliyorov,           -Oltinsoy tumani adliya bo‘limi boshlig‘i,

I.Ibragimov              -Oltinsoy tumani Adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
23 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?