Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
SUV TEKIN EMAS
E‘lonlar / 2023-12-13

Surxondaryo viloyatidagi bir guruh nuroniylar va
 jamoat tashkilotlari vakillarining

 viloyat aholisiga

 MUROJAATI

 

Qadrli vohadoshlar!

Inson hayotida suv eng muhim o‘rin egallashini barchamiz yaxshi anglaymiz. Nafaqat insoniyat, balki butun tabiatni suvsiz tasavvur etish qiyin. Chunki suv ijtimoiy, maishiy hayotimiz asosi, taraqqiyot va tiriklik manbaidir.

Davlatimiz rahbari boshchiligida izchillik bilan olib borilayotgan  islohotlarning bosh maqsadi inson qadrini ulug‘lash, xalqimizning farovon hayotini, turmush obodligini ta’minlashga qaratilganini barchamiz dildan his etmoqdamiz.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham suv resurslarini tejash, atrof-muhitni muhofaza qilish masalasi o‘ta dolzarb vazifa sifatida belgilab berilgani bejiz emas. Chunki, ona tabiatimizni, suv resurslarimizni asrash, uni kelajak avlodga bus-butunligicha yetkazish, farzandlarimiz, nabiralarimizning ham bebaho ne’matlardan bahramad bo‘lishini ta’minlash insoniy burchimizdir.

 

Qadrli vohadoshlar!

Xalqimiz azal-azaldan suvni aziz ne’mat bilib, suv chiqarib, yashillik yaratib, elni yashnatganlarni e’zozlaydi, duo qiladi. Bunday ezgu ishlarning eng yuksak tasvirini so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy yaratgan desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, hazrat  bobomiz o‘zining “Farhod va Shirin” dostonida toshlarni yorib suv chiqargan, xalqini baxtiyor hayotga yetkazgan mard va jasur Farhodni afsonaviy qahramon darajasiga ko‘targan.

Ta’kidlash kerakki, ulkan mutafakkir qalamiga ilhom va harorat bag‘ishlagan bunday qahramonlik bugun hurmatli Prezidentimiz tomonidan aynan surxondaryoliklar uchun amalga oshirildi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Gap shundaki, mamlakatning janubiy mintaqasi bo‘lgan vohamiz uchun toza ichimlik suvi hayotiy muammoga aylangan. Bugungi kunda viloyat aholisining 70 foizi markazlashtirilgan toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan. Buning ustiga ichayotgan suvimizning minerallashuv darajasi oshgan, bu esa organizmda tuz to‘planishiga, buyrak, yurak bilan bog‘liq xastaliklarga olib kelishi mumkin.

Davlatimiz rahbari bu muammoni qalbidan o‘tkazib, uni bartaraf etishga, vohadoshlarimizning ko‘p yillik orzusini ro‘yobga chiqarishga astoydil kirishdilar. Ko‘p o‘tmay, “To‘palang” suv omborida ichimlik suvi ta’minoti tarixiy loyihasi boshlanganini e’lon qilib, qurilishning har bir bosqichini o‘zi nazorat qilib turdilar. Prezidentimiz yaqinda vohamizga tashrifi davomida ramziy tugmachani bosib, loyihaning birinchi bosqichi yakunlanganini, vohamiz aholisining bir qismi  ekologik toza ichimlik suvi bilan ta’minlanganini e’lon qildilar.

Bu oddiy gap, oddiy yumush degani emas! Bu salomatligimiz, farovon hayotimiz bilan bog‘liq masala. Yuqoridagi loyihaning dastlabki bosqichida vohamizning 4 ta tumani, ya’ni 800 ming nafar aholi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. 2024 yilda esa natija yanada ulkan bo‘ladi. 380 km quvur Termiz shahrigacha tortilib, viloyatimiz aholisining toza ichimlik suviga bo‘lgan talabi 90 foizga yetkaziladi.

 

Qadrli vohadoshlar!

Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, ekinzorlaru bog‘-rog‘larni sug‘orish uchun davlatimiz tomonidan barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda. Ammo, xalqimiz zimmasida suvni tejash, undan oqilona foydalanish mas’uliyati borligini ham unutmasligimiz kerak.

Suv bizga ikki karra hayot bag‘ishlaydi. Uni ham iste’mol qilamiz, ham bizni boqadigan yerni sug‘orib rizq-ro‘zimizni undiramiz. Tanamizga musaffo havo bag‘ishlovchi yashil olam ham suv bilan barhayot ekanini barchamiz yaxshi anglashimiz kerak!

Bugun barchamiz, dunyodagi “Kiprikdagi yoshday qalqib turgan” vaziyatni xavotir bilan kuzatib turibmiz. Shular qatorida suv tanqisligi ham butun olamda global muammoga aylanib bormoqda. Afsuski, bu masala bizning mintaqamizni ham chetlab o‘tmayapti.

Hurmatli Prezidentimiz bu haqda har bir chiqishlarida, xalqaro anjumanlarda fikr-mulohazalarini bildirmoqdalar. Mamlakatimizda suvni tejovchi texnologiyalar keng joriy qilinmoqda, davlatimiz tomonidan bu borada foydali va samarali choralar ko‘rilayapti. Ammo, atrof-muhitga, tabiat ne’matlariga, jumladan, suvga insof bilan munosabatda bo‘lish, uni tejash, isrof qilmaslik aholimizga, har birimizga bog‘liq masala bo‘lib qolayapti.

 

Qadrli vohadoshlar!

Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari vohamizga tashrifi davomida suv tanqisligi muammosiga yana bir bora e’tibor qaratib, suv tekin emasligini, undan samarali foydalanish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik masalasini aholi ongiga chuqur singdirish, uni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik bilan birga kundalik turmush qoidasiga aylantirish asosiy vazifa bo‘lishi lozimligini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Bu fikrlar har birimizni chuqur mushohadaga chorlaydi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, “To‘palang”dan Termizgacha suv keltirish uchun sarflanayotgan mablag‘lar tasavvurga sig‘adimi?  Yoki viloyatimizda
80 foiz yerlar nasos orqali sug‘orilishi, bu million-million kilovatt soat elektr energiyasi sarfi degani emasmi?

 

Muhtaram faxriylar!

Nuroniy otaxonlaru onaxonlar!

“Zar qadrini zargar biladi”, deyishadi. Siz katta hayot yo‘lini bosib o‘tgansiz. Bir tomchi suv, bir ushoq non qadrini sizchalik kim biladi?

Dalalarga boraylik. Rizqu-ro‘zimiz manbai bo‘lgan g‘alla, paxta va boshqa ekinlar, bog‘-rog‘larning sug‘orilishiga e’tibor qarataylik. Afsuski, ba’zi dalalar qurib-qaqshab yotgan bo‘lsa, yana boshqa dalalarni suv bosib, suvlar behuda zovurlarga oqib yotgan holatlarni ham uchratishingiz mumkin. Obi-hayotning uvol bo‘lib borayotganini ko‘rib ko‘ngil xira tortadi,  yurak achishadi. Ba’zan aholi hovli-joylariga e’tibor qilsak, odamlarning tomorqasida ham shu kabi  ahvolni ko‘rish mumkin.

Yoki shahar, tumanlar mahallalarini olaylik. Shunday uylar borki, shunchaki oqayotgan suvlarning jo‘mragini yopishga e’tibor qilishmaydi.  Yo bo‘lmasa, toza ichimlik suvidan mashina yuvishda, hovli yo ko‘chalarga suv sepishda va boshqa isrofgarchiliklar uchun foydalanayotganiga guvoh bo‘lasiz.

Bunday suvni tejashga, qadrlashga beparvo bo‘layotgan insonlarga, fermer, tomorqa yer egalariga, tadbirkorlarga sizning nasihatingiz kor qiladi. Chunki sizning so‘zingizda hayot sabog‘i, turmush hikmati bor.

 

Hurmatli mahalla faollari, ziyolilar!

Siz har kuni mahallada, har bir oila va uning a’zosi bilan bevosita birga ishlaysiz. Odamlarning “issiq-sovug‘i”dan yaxshi xabardorsiz. Shu nuqtai nazardan o‘z hoyu-havasi yo‘lida yoki shunchaki loqaydlik bilan tabiat ne’matlarini, xususan, suvni isrof qilayotgan odamlar ham borligini bilasiz. Ular bilan uchrashganda, suhbatlarda suvning qaerdan paydo bo‘lishi, uning ham hisob-kitobi borligi, biz shunchaki suvning iste’molchisi emas, qadrlovchisi bo‘lishimiz kerakligi haqida gapiring! Suv bugun bizning mulkimiz emas, kelajak avlodning, bolalarimizning rizqi ekanligini ayting!

Ko‘pincha arzon va mo‘l-ko‘l narsalar haqida gap ketganda “Suvday tekin”, deymiz. Vaholanki, suv arzon ham, mo‘l-ko‘l ham emasligini, taboro  kamayib, global muammoga aylanib borayotganini  hayotning o‘zi isbotlab turibdiku.

 “Yashil makon” doirasida ekilayotgan niholar suvsizlikdan qurib ketayotgan yoki bo‘lmasa suv behuda oqizilib, ham isrof bo‘lib, ham niholga zarar yetayotgan hollar ham nazaringizdan chetda qolmasin.

“Elga el qo‘shilsa davlat”, deydi xalqimiz. Yaxshi gaplar, yaxshilikka chorlovlar ko‘paysa yaxshilik ko‘payadi. Yaxshilik bor joyda najot bor, obodlik bor.

 

Hurmatli ota-onalar, o‘qituvchi-murabbiylar!

Farzandlarimizga tabiat boyliklarining hisobsiz emasligini, bu Vatanning bir tomchi suvi ham, bir tup giyohi, niholi ham, bir qarich yeri ham muqaddas ekanligini, ular ham Vatan ekanligini anglatishda, yoshlarda tevarak-atrofga, bizni boqayotgan, hayotimiz manbai bo‘lgan ne’matlarga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish hissini, tejamkorlik madaniyatini shakllantirishda o‘rningiz beqiyos, ekanini barchamiz bilamiz.

“Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deydi xalqimiz.  Binobarin, bir tomchi suvnida isrof qilmaslik, nihol ekishda, ularni tejamkor usullar bilan sug‘orishda, uyimizni, maktab va mahallamizni, yurtimizni “yashil makon”ga  aylantirishda shaxsiy namuna, o‘rnak, ibrat bo‘laylik!

Keksalarimizning “Suvga tupurma!”, “Suvni to‘kma, shamolni so‘kma”, degan o‘gitlarini yoshlarimiz ongiga singdirsak, nur ustiga a’lo nur bo‘ladi.

Unutmang, tabiatsevar, yurtsevar avlod oilada, maktabda kamol topadi. Ota-onalar, muallim va murabbiylar qo‘lida voyaga yetadi.

 

Muhtaram imom-xatiblar, din peshvolari!

Alloh taolo insoniyatga sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan darajada ne’matlar ato etib, ularni berilgan ne’matlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, isrofga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Bu haqda Qur’oni karimda: “… yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay”, deb insoniyatni isrofdan qaytargan.

Hatto muborak Haj ziyoratiga borganlarga tahorat olish uchun atigi 750 gramm suv be­rilishi haqida ham ko‘p eshitganmiz. Bizda esa, birgina yuz-qo‘l yuvish uchun o‘nlab litr suv isrof bo‘­layotgan holatlar, ming af­suski, uch­rab turibdi. Hayotimiz uchun eng zarur ne’mat bo‘lgan suvning isrofi dinimizda juda qattiq qoralangani, suvni isrof qilishning gunohi esa isroflar ichida eng og‘ir ekani, bir inson suvni o‘z ehtiyojidan ortiqcha ishlatishi oqibatida zarar ko‘rgan boshqa jon egasi va suvsizlikdan qurigan har qanday giyoh uchun javobgar bo‘lishi Sizlar yaxshi bilasizlar!

O‘ylaymizki, bu kabi insonni inson, hayotni hayot, xalqni xalq holida ushlab turuvchi o‘lmas qadriyatlarning mazmun-mohiyati sizning juma namozlari va boshqa turli tadbirlardagi ajoyib, ma’rifatga to‘la ma’ruzalaringiz bilan odamlar qalbidan yanada chuqurroq joy oladi.

 

Aziz yoshlar!

Qadrli talabalar, maktab  o‘quvchilari!

Siz hozir ilm mag‘zini yig‘moq faslidasiz. Hayot maktabini ko‘rgan keksalarimiz, ota-onalar, muallim va murabbiylar o‘gitlariga quloq tuting.

O‘qing, o‘rganing. Tevarak-atrofga teran nigoh tashlang. Qaerda nima uvol bo‘layapti? Nimani isrof qilayapmiz? Uydami, o‘qish yo ishdami, ko‘chadami suvni behuda sarflayotganlarga, bu tansiq, bebaho ne’matni uvol qilayotganlarga zinhor beparvo qaramang. Bunday harakatlarga murosasiz bo‘ling! Shunday xatoga yo‘l qo‘yayotgan tengdoshlaringizga tushuntiring. Tafakkur qiling. Bilmaganingizni so‘rang. Deylik, suvning hayotimizdagi o‘rni qanday? Chindan ham suv ba’zilar aytadigandek tekinmi? Mo‘l-ko‘lmi?

Siz to‘plagan bilimlaringiz, o‘zingizda shakllantirgan ma’naviyat va madaniyatingiz, Vatanga muhabbatingiz, ona yerga, suvga, tabiat ne’matlariga mehr-shafqatingiz bilan yorqin kelajagingizni yaratasiz. Bu bilan mamlakatimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shasiz!

 

Hurmatli tadbirkorlar, klasterlar, fermerlar,  dehqon xo‘jaliklari-yu tomorqa yer egalari!

         Ota-bobolarimiz, "Ummon oldida tursang ham bir tom­chi suvni isrof qilma",deb bejiz aytish­magan. Sizning suvni isrof qilmasdan yetishtirgan mahsulotingiz yoki ko‘rsatayotgan xizmatingizda albatta baraka bo‘lishini dildan his etishingiz kerak.

Xabaringiz bor,  so‘nggi 40 yil ichida dunyodagi har bir kishi boshiga to‘g‘ri kela­digan chuchuk suv miqdori 60 foizga kamaygan. Yaqin 25 yil ichida yana 2 barobarga kamayishi taxmin qi­lin­moqda. Suv iste’moli so‘nggi 100 yil ichida 6 marta ortgan, 2050 yilga kelib bu miqdor yana ikki barobarga ko‘payishi kutilmoqda. Bu eng avvalo, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish, qishloq xo‘jaligi talablaridan kelib chiqishi taxmin qilinayotir.

         Shuning uchun zamonaviy suv te­jovchi texnologiyalardan foydalanish, suvdan o‘z vaqtida, bir tomchisini ham is­rof qilmasdan ishlatishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Suvning isrof bo‘­­­lishiga yo‘l qo‘ygan shaxsga qo­nun­chilik asosida javobgarlik choralari ham borligini yoddan chiqarmasligimiz kerak!

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
20 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?