Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
Korrupsiya-taraqqiyot kushandasi

Korrupsiyaga qarshi kurash dunyo miqyosida  bugungi kuning eng dolzarb masalalaridan bir bo‘lib qolmoqda. Bu illatga qarshi kurash dunyoning ko‘plab mamlakatlarini  qamrab olmoqda. Mamlakatimizda ham bu borada keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xozirgi paytda respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurash doirasida bir qator dasturlar qabul qilinib, ushbu dasturlar ijrosi yuzasidan amaliy tadbirlar jadal davom etmoqda.

Xo‘sh korrupsiya nima o‘zi, nega butun dunyo shu illatga qarshi kurashmoqda?

 Korrupsiya mansab mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy huquqiy hodisadir. Ma’lumki, bu illat har qanday jamiyatning siyosiy va iqtisodiy rivojlanishiga zarar yetkazadi. Jamiyatning ma’naviy axloqini yemiradi, qonun ustuvorligini kuchsizlantiradi, fuqarolarning huquq va erkinliklarining jiddiy tarzda buzilishiga olib keladi. Shu bilan birga, uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va insoniyat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa tahdidlarning o‘sishiga yordam beradi. Uning domiga ilingan amaldor shaxsiy manfaatini davlat manfaatidan ustun qo‘yishi natijasida, mamlakatning siyosiy va iqtisodiy yo‘liga hamda aholining aksariyat qismiga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazadi, chet ellik sheriklarda ham ishonchsizlik uyg‘otadi va ularni hamkorlikdan qaytaradi.

Jamiyatni har tomonlama rivojlantirish har bir mamlakat oldida turgan asosiy vazifalardan biri hisoblanadi. Shunday davlatlar borki, ularning har birida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar va unga qarshi kurashish to‘g‘risida normativ hujjatlar qabul qilingan. Haqiqatan, korrupsiya muammosi bugungi kunda dunyo miqyosida o‘z yechimini talab etayotgan birinchi masalalardan biri hisoblanadi. Shu bois ham, jahon hamjamiyati bu illatga qarshi keskin kurashmoqda. Bu yo‘nalishda bir qator xalqaro hujjatlar ham qabul qilingan bo‘lib, BMT homiyligida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashish rezolyusiyasi (1995 y.), Davlat mansabdor shaxslarining xalqaro axloq kodeksi (1996 y.), Xalqaro tijorat tashkilotlarida korrupsiya va poraxo‘rlikka qarshi kurashish deklaratsiyasi (1997 y.), Millatlararo uyushgan jinoyatchilikka qarshi konvensiyasi (2000 y.), Korrupsiyaga qarshi konvensiya (2003 y.) va boshqalar shular jumlasidandir.

Korrupsiya va poraxo‘rlik haqida tarixga bir nazar tashlasak, jahon tarixining turli davrlaridagi davlatlarda ham mansabdor shaxslar tomonidan korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilgani, korrupsiyaga qarshi qonunlar qabul qilinib, o‘ziga xos jazolar tayinlanganining guvohi bo‘lamiz.

Jumladan, Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davrida jinoyat va jazo masalalarini hal etishda “Temur tuzuklari” alohida o‘rin egallagan. Tuzuklarda mulkni, xususan, dav­lat mulkini o‘zlashtirganlik uchun javobgarlikni belgilashda o‘ziga xos yondashuv mavjud bo‘lgan.

O‘sha davrda amaldor­lar ishini tartibga solish maq­­sadida vaqti-vaqti bilan so‘­roq,­ tek­shirish, taftish, tergov o‘t­kazib turilgan. O‘z amalini suiiste’mol qilish, doimiy ravishda ichkilik ichish, maishiy bu­zuqlik kabi qilmishlar og‘ir gu­noh hisoblangan va qattiq jazolangan. Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Amir Temurning o‘g‘li Mironshoh, nevaralari Pir­mu­ham­mad va Xalil Sultonlar yuqo­rida zikr etilgan me’yorlarni buzganliklari uchun xalq oldida jazoga tortilgan.

Diniy nuqtai nazardan olib qarasak ham, Alloh taolo insoniyatni yaratgach, ularni yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etib, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyuradi.  Demak, har bir inson halol rizq talab qilishi bilan birga, birovning haqqidan hazar qilishi va o‘zgalarning molini nohaq yo‘llar bilan o‘zlashtirmasligi o‘ta muhimdir.

Hayotda o‘zgalarning haqqiga tajovuz qiladigan, o‘zgalar molini o‘zlashtirib oladigan kimsalar, garchi ko‘zga “uddaburon kishilar” bo‘lib ko‘rinsa-da, nochor va bechora kishilar aynan o‘shalardir.

Bu o‘rinda, birovning haqqini nohaq yeyish hamda pora beruvchi va pora oluvchi ham og‘ir gunohkor bo‘lishligi muqaddas manbaalarimizda ham aytib o‘tilgan.

Demak, korrupsiyaga qarshi kurashishda insonning diniy-ma’rifiy bilimlarga ega bo‘lishi ham juda muhimdir.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, korrupsiya va poraxo‘rlik jamiyat barqarorligining muhim asosi bo‘lgan adolatning yo‘qolishiga olib keladi. Mamlakatimiz mustahkamligi, xalqimiz farovonligi, yurtning rivoji va gullab yashnashini, obod bo‘lishini istagan har bir fuqaro pora olish va berish illatidan xalos bo‘lishi, atrofida sodir bo‘layotgan bu kabi xolatlarga befarq bo‘lmasligi lozim.

 

Surxondaryo viloyat sudi

devonxona katta konsultanti M.Mamatqoriev

Izoh qoldirish

Ro‘yxatdan o‘tish
  • Hozir saytda
  • 7 ta foydalanuvchi hozir saytda
So‘rov o‘tkazish
Sayt haqida firingiz?