Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
Korrupsiyaga qarshi kurash jamiyat istiqbolining ustuvor sharti.

Korrupsiya bu – mansab mavqeidan shaxsiy maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liqbo‘lgan jinoyat turi hisoblanadi. Korrupsiya faoliyati xufyona iqtisodiyotning asosiy turlaridan biridir. Aksariyat hollarda korrupsiya deganda davlat xizmatchilari tomonidan shaxsiy manfaatlarni ko‘zlab, boylik orttirish maqsadida xalqdan pora olish, qonunga xilof pul daromadlarini qo‘lga kiritish tushuniladi. Ammo, umuman olganda, davlat amaldorlarigina emas, balki, davlat tashkilotida ishlamaydigan fuqarolar ham korrupsiyaga doir munosabatlarning ishtirokchilari bo‘lishi, pora pul emas, balki boshqa narsa evaziga ma’lum xizmatni amalga oshirishlari mumkin.

         Etimologik jihatdan "korrupsiya” atamasi "buzish, pora evaziga og‘dirish” degan ma’noni anglatadigan lotincha "corruptio” so‘zidan kelib chiqqan. Yuridik ensiklopediya mualliflarining ta’kidlashicha, "korrupsiya – mansabdor shaxslar tomonidan ularga berilgan huquqlar va hokimiyat imkoniyatlaridan shaxsiy boylik orttirish uchun foydalanishda ifodalanuvchi siyosat yoki davlat boshqaruvi sohasidagi jinoiy faoliyatdir.

Darhaqiqat, korrupsiya – ildizlari davlat xizmatini tashkil etishdagi nuqsonlarga va davlat xizmatchilarining o‘ziga xos psixologiyasiga borib taqaladigan ijtimoiy hodisa. Bu korrupsiyaga qarshi avvalo ma’muriy-huquqiy va tashkiliy-boshqaruv chora-tadbirlari ko‘rilishi zarurligidan darak beradi.

         Korrupsiya fuqaroning davlat vakili bilan ma’muriy munosabatlari ma’no-mohiyatini o‘zgartiradi va jamiyat uchun ham, davlat uchun ham salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. "Korrupsiya – davlat organlari xodimlari moddiy yoki mulkiy yo‘sinda g‘ayriqonuniy shaxsiy naf ko‘rish maqsadida o‘z xizmat mavqeidan foydalanishida ifodalanadigan ijtimoiy hodisadir.

         Bugungi kunda respublikamizda jinoyatchilikning sabablarini aniqlash choralari ko‘rilmoqda, fosh etilgan korrupsiyachilar qattiq jazolanmoqda. Mamlakat ichidagi jinoyatchilik doimo davlat tomonidan qattiqnazorat qilib boriladi. Jinoyatchilik keng avj olib ketishiga va korrupsiyachilar domiga ilingan amaldorlarning beboshligiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bir qator uzoq muddatli chora-tadbirlar ishga solingan. Ular jinoyatchilikka qarshi kurash strategiyamizni belgilab beradi.

         Jinoyatni jazolashdan ko‘ra, uni oldini olish singari profilaktik tadbirlarning yo‘lga qo‘yilishi qay darajada oqilonaligi allaqachon isbotlangan. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida jinoyatlarning oldini olish jinoyat qonunining asosiy vazifalaridan biri sifatida bejiz belgilabqo‘yilmagan.

         Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash maqsadlariga faqat jinoyat-huquqiy vositalar bilan erishib bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. O‘ylaymizki, bunday ma’naviy buzilish holatga qarshi kurashda nafaqat davlat organlari, balki, jamiyat va umuman barcha fuqarolarimiz mas’uldirlar. Shunday ekan, davlat va jamiyat bunday illatni oldini olish va unga qarshi kurashda birgalikdagi harakatigina samarali natijalarga erishishning eng maqbul yo‘li bo‘lib hisoblanadi.

 

 

   Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari

   bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi

                                           O.Ergashov

 

Ro`yxatdan o`tish
9 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?