Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
KORRUPSIYA –JINOYATLARI.

Korrupsiya so‘zining lug‘aviy ma’nosi aslida “buzmoq” degan ma’noni bildiradi. Insonga berilgan vakolatlarni o‘zining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab, qonunchilik va axloq qoidalariga zid ravishda foydalanishni anglatadi. Insonning o‘z manfaatlarini ustun qo‘yib, o‘z vazifasini suiiste’mol qilishi, o‘zgalardan ta’magirlikni ko‘zlashi, davlat mulkidan noqonuniy foydalanishi, qonun oldida javobgar bo‘lishi bilan bir qatorda dinimizda ham qattiq qoralanadi.

Ota-bobolarimiz o‘zgalar molini nohaq yeyishdan qattiq hazar qilishgan. Hadislarda ham poraxo‘rlik qattiq qoralanadi. Imom Buxoriy hadislarida shunday deyilgan: Abu Hurayra roziyallohu anhuning rivoyat qilishlaricha, Muhammad alayhissalom shunday deganlar: “Kim odamlarning molini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh unga yordamchi bo‘ladi. Kim odamlarning moliga talofat yetkazish uchun olsa, Alloh Taolo uning o‘ziga ham talofat yetkazadi”.

Poraxo‘rlik aslida ta’magirlikdan kelib chiqadi. Ta’magirlik- manfaat yo‘lida hech narsadan tap tortmaslik, insoniylik sha’nini tahqirlaydi va g‘ururini toptaydi. Ta’ma yo‘liga kirgan inson hech narsadan tap tortmaydi. Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy ta’magirning fe’lini “eb to‘ymasning ovqatga o‘chligi”ga o‘xshatadi. Bu haqda Ahmad Yassaviyning shunday bayti mavjud:

Nafsim meni yo‘ldin urib xor ayladi,

Termultirib xalqqa meni zor ayladi,-

deganida, ta’ma orqali kelib chiqqan xorlikni ham e’tiborga olgan. Shuning uchun ham Alisher Navoiy “Ta’mada razillik va uqubat bor”, deya bejizga ta’kidlamagan. Shu razilliklardan ayrimlari quyidagilar: Ta’ma, eng avvalo, e’tiqodga shikast yetkazadi. Uning ta’sirida inson pokligidan, vijdon xolisligidan ajraladi. Oxir-oqibat hamma narsani foyda qarichi bilan o‘lchaydigan bo‘lib qoladi. Kimda ta’magirlik tuyg‘ulari mavjud bo‘lsa, bunday insonda samimiylik bo‘lmaydi. Navoiy ta’magir insonni gadodan ham tuban biladi:

Birovki, ta’ma rishtai qilgusi,

Uning birla bo‘g‘zidan osilgusi.

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. Inson ta’masiz kun kechirishi mumkinmi? Albatta, mumkin. Halol mehnat va zahmat odam qalbini ta’ma hislaridan tinimsiz poklaydi. Buning uchun inson o‘z ma’naviyatini yanada kuchaytirishi lozim. Navoiy bunga misol tarzida quyidagi baytni keltiradi:

Sen agar tarki ta’ma qilsang, ulug‘ ishdir bukim,

Olam ahli barcha bo‘lg‘ay bir taraf, sen bir taraf,-

Shoir bu ulug‘ natijaga erishish uchun qalbini pok tutish lozimligini ta’kidlaydi. Ta’ma, poraxo‘rlik bir-biriga yaqin tushunchalar bo‘lib, bularning kushandasi aql va donolikdir.

Buyuk shoirimiz Abdurahmon Jomiy o‘z asarida ta’magir insonni itdan-da tuban deb ta’kidlaydi. Erta-yu kech insonning kamoloti uchun qayg‘urgan, uning odamiylik fazilatlarini avaylab muhofaza qilgan, har bir shaxs siymosida Vatanning iqtidorli farzandlarini ko‘rmoq istagida bo‘lgan Alisher Navoiy poraxo‘rlik, ta’magirlik to‘g‘risidagi har bir tanqidiy so‘zi bilan o‘z qadrini poymol qilgan kishilarga qarshi turgani shubhasizdir. Inson bor narsaga qanoat qilish orqali xotirjamlikka erishadi. Har jihatdan o‘zini forig‘ tutsa, xotirjam bo‘la oladi. Shuning uchun ham shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur bu haqda o‘z asarlarida aytib o‘tgan. Har narsaga qanoat qiladigan kishi birov bergan xazinadan zahmat tortib mehnat bilan topgan chaqasini ming marta ziyod deb biladi. Va shu oliyjanobligi va kamsuqumligi bilan ustun turadi.

Korrupsiya mamlakat taraqqiyotini ortga surib, kelajakni xavf ostida qoldiradi. Rivojlanish va taraqqiyot yo‘lini tanlagan inson, eng avvalo, korrupsiya, ta’magirlik, poraxo‘rlik kabi salbiy illatlarga qarshi murosasiz kurash olib boradi. Aks holda bunday yomon illat tomir otishiga yo‘l qo‘yib berilsa, o‘sha joyda taraqqiyot va rivojlanish boy beriladi.

Korrupsiya tushunchasining paydo bo‘lishi juda qadimga borib taqaladi. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra qabilada ma’lum darajaga ega bo‘lish uchun sovg‘alar berish odatidan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. Hadislarda boshqalarning mulkini nohaq yo‘l bilan va boshqalarga tegishli bo‘lgan narsalarni olish uchun o‘z mulkingizdan pora qilib uzatmangizlar deb bejizga aytilmagan.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, korrupsiya-taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi xavfli jinoyat. Korrupsiya, poraxo‘rlik va ta’magirlikka nafrat, odamni esa ma’nan va ruhan yuksaltiradi. Qanoatli insonda esa ezgu xislatlar mujassamlashadi. Donolarimiz bejizga “Qanoat bir chashmadirki, olgan bilan uning suvi qurimaydi: u bir xazinadirki, undagi boylik sochilgan bilan kamaymaydi”-deyishmagan. Shunday ekan, inson o‘z umri davomida umr yo‘lini halol mehnat va halol rizq bilan o‘tkazmog‘i lozim. Halollik inson hayotini xotirjamlik bilan o‘tkazishda asosiy omildir. Uning hayotini bezab turadigan asosiy sifatlardan biri bu -halollikdir.

 

 

Surxondaryo viloyat sudi jinoyat

ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi     

K.Nazarov

 

Ro`yxatdan o`tish
8 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?