Korrupsiya, birinchidan, jamiyatda adolatsizlik, tengsizlik va aholining noroziligiga olib keladi, bu esa barcha sohadagi islohotlarning natijasiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi; ikkinchidan, fuqarolarimizda huquqiy ong hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada emasligi, o‘z haq-huquqini himoya qila olmasligi jamiyatda adolat mezonining buzilishini ko‘paytiradi; uchinchidan, siyosiy institutlar, jamoat tashkilotlari shaklan demokratik mezon, g‘arb andozasiga o‘xshasa-da, mazmun-mohiyatiga ko‘ra, zamon talabidan orqada qolmoqda, bu kamchilik esa oldinga siljishimizga xalaqit beradi.
Jamiyatda ustuvor soha — ta’lim tizimida tahsil oladigan o‘smirlar, yoshlar ongida tolerantlikni uyg‘otish muammosi oldimizda ko‘ndalang turibdi. “Jamiyatda poraxo‘rlik illatini yengib bo‘lmaydi”, degan fikr yoshlar ongida shakllanib qolgani eng katta kamchiligimiz.
Bu borada o‘nglanish, siljish qilmasak, millatimiz obro‘siga korrupsiya illati soya solib turaveradi. Toki, biz oilada, bog‘chada, maktabda o‘g‘il-qizlarimiz ongiga, ruhiyatiga tamagirlik, poraxo‘rlik yomon illatgina emas, balki u jamiyatimiz tanazzuli, iqtisodiyotimiz orqaga ketishi sababi ekanligi haqida ko‘proq tarbiyaviy va targ‘ibot ishlarini olib bormasak, maqsad-muddaoga erisha olishimiz qiyin.
So‘nggi yillarda Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan davlat xalqqa xizmat qilishi kerak, degan ulkan g‘oya fuqarolik jamiyati institutlariga tizim va dasturlarni ishlab chiqish imkoniyatini bergan edi. Ammo nodavlat notijorat tashkilotlari, siyosiy partiyalar bu borada tashabbus hamda tashkiliy ishlarni amalga oshirishni negadir paysalga solmoqda.
To‘g‘ri, keyingi vaqtlarda, xususan, 2017 yildan boshlab, mamlakatimizda “parlament nazorati”, “jamoatchilik nazorati”, degan atamalar taomilga kiritildi, bu borada ilk qonunlar qabul qilindi. Demak, biz mazkur sohada ishlaydigan tizimni tezlikda yaratishimiz, milliy mentalitetni hisobga olgan holda, Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlari ilg‘or tajribasini qo‘llashga o‘tishimiz lozim. Jamoatchilik nazoratisiz O‘zbekistonda siyosiy tizim islohotlarini amalga oshirib bo‘lmaydi.
Ayniqsa, modernizatsiya, yangilanish, islohotlar bilan korrupsiyaning bir-biriga “qoni qo‘shilmaydi”, yangilik bilan eskilik tarafdorlari, fan, innovatsiya, kreativ fikrlovchilar bilan eski byurokratiya avlodi o‘rtasida muttasil kurash davom etadi.
Mamlakatimizda ham siyosiy, ham iqtisodiy islohotlarni hayotga tatbiq etish paytida korrupsiya jiddiy to‘siq bo‘layotgani jamoatchilikni tashvishga solmoqda. Shu bois Yurtboshimiz boshlab bergan jamiyatni demokratlashtirish, modernizatsiyalash jarayonlari qiyinchilik bilan davom etmoqda. Iqtisodiyotning investitsiya kiritilgan, “pul ishlaydigan”, birmuncha “yog‘li” tarmoqlariga o‘rnashib olgan “korrupsiya halqasi” milliy taraqqiyotimizning dushmani, jamoat nazorati esa ularga qarshi kurashda ojizlik qilayotgani ham afsuski bor gap. Mamlakatda korrupsiya sxemalari, mehnat qilmasdan tezda boyib qolish mexanizmlari, ishlangan usullari “zanjiri” uzib tashlanmas ekan, davlatimizning har qanday siyosiy, iqtisodiy islohotini hayotga olib kirish, xalqni farovon qilish vazifasi qog‘ozda qolib ketaveradi.
Korrupsiya va milliy taraqqiyot masalasi — yurt taqdiri, mamlakat kelajagi uchun har qachongidan muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi. Sababi yurtimiz aholisi bir asrlik mustamlakachilik davrida yo‘qotilgan moddiy hamda ma’naviy boyliklar o‘rnini qayta tiklash, iqtisodiyotni rivojlantirish, milliy o‘zlikni asrash yo‘lida kechayu kunduz mehnat qiladigan davr keldi.
Muxtasar aytganda, korrupsiya — taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi bo‘lishi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etgan bo‘lamiz.
Surxondaryo viloyat sudi
jinoyat ishlari bo‘yicha
sudlov hay’ati sudyasi
K.Nazarov
© Oltinsoy tumani hokimligi veb-saytlari 2024