Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
OLTINSOY  TUMANI  HOKIMINING   “JILIBULOQ” DAGI  QABULI   

 Bugun, 25 fevral kuni Oltinsoy tumani hokimi Bahrom Maxmatraemovning 1-sektor hududidagi “Jilibuloq” mahalla fuqarolar yig‘inida navbatdagi  qabuli bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolarning murojaatlari yuzasidan masalalarni birgalikda ko‘rib chiqish va hal etish uchun tuman hokimi o‘rinbosarlari, tegishli tuman mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi.

Bo‘lib o‘tgan  qabul davomida fuqarolar tomonidan sog‘liqni saqlash, elektr energiyasi, yo‘l ta’mirlash, bandlik va boshqa masalalar bo‘yicha murojaatlar kelib tushdi. Murojaatlar tegishli tartibda ro‘yxatga olinib, yechimi oson bo‘lgan murojaatlar shu joyning o‘zida hal etildi. Ayrim murojaatlarga huquqiy maslahat va tushunchalar berildi.

Xususan, “Jilibuloq” mahallasida yashovchi Zulayho  Tog‘aeva uy-joyini kadastr  ro‘yxatidan o‘tkazganlardan norozi ekanligini ma’lum qildi.   Fuqaro kadastr bo‘limi xodimlari oldingi MFY raisi ishtirokida orqavorotdan   ularning uy-joy va mulkini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishgan, uy-joy  egalari bilan suhbatlashmasdan ro‘yxatdan o‘tkazish  natijasida oilaviy ko‘ngilxiraliklar kelib chiqqanligini bayon etdi. Tuman hokimi mutasaddilarga ushbu masalaga aloqador mas’ullarni aniqlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Fuqaro Jaloliddin Pardaev haydovchilikka o‘qish  uchun to‘lov masalasida, Sardor Do‘stmurodov  ko‘zini davolatishda amaliy yordam so‘rab murojaat qilishdi. Tuman hokimi B.Maxmatraemov MFYdagi  hokim yordamchisi Alisher Mamatalievga  ushbu masalalarni tezkorlik bilan hal etish bo‘yicha topshiriqlar  berdi. Shu mahallada yashovchi O‘tkir Yusupov aholi nomidan murojaat qilib, transformatorni ta’mirlash, yoki yangisiga almashtirish, Ne’mat Hazratqulov simyog‘ochlarni yangilash borasida murojaat qilishdi. Bu ikki murojaatni hal etish tuman elektr tarmoqlari  korxonasi rahbari Yoqub Jumaqulovga topshirildi.

Muddat talab etuvchi murojaatlar esa hal etish uchun tegishli mutasaddilarga biriktirildi.  Qabulda tushgan murojaatlarni tuman hokimi o‘z nazoratiga oldi.

 Normurod TEMIROV,

Odiljon SODIQOV.

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
21 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?