Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
UZUKKA KO‘Z QO‘YGANDEK YARASHDI

YANGI INSHOOTLAR

 

Serfayz «Qorliq» qishlog‘ining dong‘i Dog‘istongacha ketgan. Tavozeli mehmondo‘st odamlari, tanga davo sof havosi, yashil gilam qirlari barchada xush taassurot uyg‘otadi.

Bugun, 28 fevral kuni Oltinsoy tumanining «Qorliq» mahallasida shu yerlik aholi uchun bag‘oyat xush kelgan bir tadbir o‘tkazildi. Zamonaviy shaharlardagi kabi barcha shart-sharoitlarni o‘zida jam etgan 150 o‘rinli 27-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.

Tadbirda Oltinsoy tumani hokimining o‘rinbosari Xayrulla Qosimov, tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Zokir Jo‘raev, «Qorliq» mahallasi raisi Shavkat Zokirov, tuman hokimining «Qorliq» mahallasidagi yordamchisi Komiljon Xo‘janov, «Xalq va hayot» gazetasi bosh muharriri Normurod Temirov, qishloq oqsoqollaridan Said Roziqov, Nurilla Omonov, Qudrat Tillaev, Ismoil Xudoyqulov, yoshlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Oltinsoy tumani hokimining o‘rinbosari Xayrulla Qosimov mahalla ahlini muhtaram Prezidentimiz g‘amxo‘rligi tufayli qishloqda qad ko‘targan muhtasham MTT binosi bilan tabrikladi va bu go‘zal maskanda tarbiya oladigan bolajonlarning kelajakda barkamol voyaga yetishishi yo‘lida ezgu tilaklar bildirdi.

Ta’kidlash joizki, umumiy loyiha qiymati 4,8 milliard so‘m bo‘lgan, «Fayz Istiqlol bunyodkori» MChJning qo‘li gul quruvchilari tomonidan bunyod etilgan bu koshona «Qorliq» mahallasiga oltin uzukka feruza ko‘z qo‘ygandek yarashdi.

Tadbirda qatnashayotgan qishloq oqsoqollari vakili Nurilla hoji bobo Omonov qishloq ko‘rkiga qo‘rk qo‘shgan bunday ajoyib inshoot uchun Yurtboshimizni, viloyatimiz va tumanimiz hokimlarini olqishlab, el-yurt tinchligi va ravnaqi yo‘lida ezgu duoga qo‘l ochdi.

Yangi ishga tushgan bog‘chada 35ta yangi ish o‘rni yaratildi. Mahalla ahlining 150 nafar kichkintoylari 5ta guruhlarga jam bo‘lib, pollariga guldor gilamlar solingan xonalarga ilk bora qadam qo‘ydilar.

Ta’kidlash kerakki, bog‘chada oshxona, yotoqxona, keng va shinam zal, mashg‘ulotlar zali, bejirim choyshab va idish tovoqlar, xullas  zaruriy ashyolar mujassam va muhayyo etilgan ekan.

Keksa avlod vakillari bog‘chadagi nevaralari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishib, o‘zlarining hayratlarini yashirolmadilar va yangi O‘zbekistonda yaratilayotgan obodliklar uchun shukronalar aytishdi.

—Bog‘chamiz ertalab 8dan kechki 17gacha ishlaydi,—deydi   yangi bog‘cha mudirasi Yulduz Mahmudova, — Tarbiyalanuvchilarga to‘rt mahal ovqat qilib beriladi. Yaratilgan barcha shart-sharoitlar uchun davlatimizga mingdan ming rahmat. Kelgusida bog‘cha hovlisiga yondosh keng maydonda ko‘chatlar ekilib,  soya salqin bog‘ yaratish niyatidamiz.

Bahor eshik qoqib turgan kezda ishga tushirilgan 27-sonli bog‘cha binosi “Qorliq” qishlog‘ining har yili Navro‘z bayrami o‘tkaziladigan Navro‘zsoyga boradigan yo‘lning shundoqqina yoqasida qad tiklagan ekan. Nazarimizda buning ham bir ramziy ma’nosi bordek tuyuldi. Qalbda ezgu  tuyg‘ular toshib, «Yangilanish, yasharish, ro‘shnolik va obodlik “Qorliq”ni aslo tarq etmasin!» dedik.

     Tadbir ishtirokchilari  yozilgan to‘kin dasturxon atrofida osh tanovvul qilishdi, so‘ngra qizg‘in suhbatlar mavzusi Yangi O‘zbekistondagi  yangilanishlar, o‘zgarishlar haqida  uzoq davom etdi.

A.ODINAEV,

O.SODIQOV.

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
20 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?