Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
SURXONDARYO VILOYAT YOSHLAR SIYOSATI VA SPORT  BOSH BOSHQARMASI BOSHLIG‘INING SAYYOR QABULI O‘TKAZILDI

Bugun, 11 may kuni Oltinsoy tumanidagi  18-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida Surxondaryo viloyat Yoshlar siyosati va sport  bosh boshqarmasi boshlig‘i Abdumutalib Arabovning sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi. Unda tumandagi sport murabbiylari, sportchi yoshlar va ota-onalar vakillari ishtirok etdi.

Dastlab qabulni o‘tkazayotgan A.Arabov vohamizda sport sohasidagi ishlar va Oltinsoy tumani sport murabbiylari oldida turgan muhim vazifalar borasida to‘xtalib  o‘tdi. Markazdan olisdagi qishloq va mahallalarda sport to‘garaklarining faoliyati,  yetishmayotgan sport anjomlari va boshqa  muammolar borasida mas’ullar bilan yuzma -yuz muloqot olib bordi.

Boshqarma  boshlig‘i, o‘z so‘zida, Oltinsoyda yengil atletika, voleybol, kurash va boshqa sport turlari bo‘yicha yaxshi natijalarga erishilayotganiga qaramasdan, yoshlar orasida sportning ayrim turlari, xususan, basketbolni ommalashtirish borasida yetarlicha ish olib borilmayotganligini tanqid qilib o‘tdi.

—Oltinsoyda qiziquvchan va iqtidorli  yoshlar ko‘p, — dedi notiq. — Ularni o‘z vaqtida aniqlab, qobiliyatlarini rivojlantiradigan fidoyi murabbiylar kerak. Qaysi murabbiy o‘z ishiga astoydil mehr qo‘ysa, pirovardida katta natijalarga erishadi. Biz  bugun jon kuydirib ishlasak, kelgusida Oltinsoydan ham Olimpiada chempionlari chiqadi.

Qabulda qatnashayotgan Oltinsoy Bolalar va o‘smirlar sport  maktabi direktori  Zubaydulla Yusupov boshchiligidagi barcha  sport murabbiylari ishda o‘zgarish yasab, sportning barcha turlari bo‘yicha chempionlar  safini yanada kengaytirishga va’da berishdi.

Qabul davomida  tumanda sport vohasida erishilayotgan yaxshi natijalar ham qayd etildi.  Boshqarma boshlig‘i A.Arabov tumandagi 53-sonli maktab o‘quvchisi, yaqindagina yengil atletika bo‘yicha Toshkentda o‘tgan musobaqada faxrli 1-o‘rinni egallab kelgan Bahodir Berdievni minbarga taklif qilib, unga atalgan sovg‘ani o‘z qo‘li bilan topshirdi. Shuningdek,  boshqa sportchi  yoshlarga ham futbol va voleybol to‘plari taqdim etildi. 

Qabul davomida boshqarma rahbariga murojaat qilgan yosh sportchilarning murojaatlari shu joyning  o‘zida hal etildi. Jumladan, Karsagandagi  10-maktab o‘quvchisi Asliddin Hasanov maktablarida sportning bir necha  turlaridan to‘garaklar borligini, ammo uning o‘zi boks turiga qiziqishini bildirib, bu borada ko‘mak so‘radi. Boshqarma boshlig‘i tumandagi boks treneri  Sh.Abduhakimovga Asliddinga  bir juft boks  qo‘lqopi va zarur sport anjomlarini yetkazib berish borasida topshiriq  berdi. Shuningdek, agar Karsaganda boksga qiziquvchi yoshlar safi kengaysa, maktabga boks  treneri uchun shtat ajratishni va’da berdi.

 

Xuddi shunday tumandagi 14-maktab o‘quvchisi O‘tkirbek Toshmurodov velosport bilan shug‘ullanishga qiziqishini bildirib, maktab uchun sport velosipedi ajratishni  so‘radi. Bu murojaat  ham boshqarma  boshlig‘i  tomonidan yozib olinib, tez kunlarda  hal etish borasida tegishli mutasaddilarga topshiriq  berildi.

Qabul davomida trenerlardan Farhod Mamarayimov, Xo‘shboq Yo‘ldoshev va boshqalar  ham so‘zga  chiqib,  o‘zlarining  taklif va  mulohazalarini bildirdilar.

E’tiborli jihati, qabulni o‘tkazayotgan boshqarma boshlig‘i qabulda qatnashayotganlarga murojaat qilib, istalgan paytda muammo va takliflar bilan shaxsan murojaat qilishlari uchun o‘zining mobil telefon raqamini zaldagilarga e’lon qildi.

Qabul tugagach, sport turlari bo‘yicha yaqin kunlarda tumanlarda o‘tkaziladigan musobaqalar jadvali bilan tanishtirildi. Jumladan, badiiy gimnastika  bo‘yicha viloyat miqyosidagi musobaqa 29  may kuni Oltinsoy tumanida  o‘tkazilishi ma’lum qilindi.  

A.ODINAEV.

 

Izoh qoldirish

Ro‘yxatdan o‘tish
  • Hozir saytda
  • 5 ta foydalanuvchi hozir saytda
So‘rov o‘tkazish
Sayt haqida firingiz?