Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
YANGI TAHRIRDAGI MEHNAT KODEKSI BO‘YICHA MEHNAT NIZOLARINING SUDDA KO‘RILISHI
Qonunlar / 2023-01-07

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasiga ko‘ra, har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko‘rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huquqiga ega ekanligi belgilangan.

Barchamizga ma’lumki, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi xodimlar, ish beruvchilar va davlat manfaatlarining muvozanatini ta’minlash hamda ularni muvofiqlashtirish asosida yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi.

Mazkur Kodeksning 34-bobi “Mehnat nizolarini ko‘rib chiqish” deb nomlangan bo‘lib, unga ko‘ra nizo tushunchasi - ish beruvchi va xodim o‘rtasida yoxud xodimlar (ularning vakillari) va ish beruvchilar (ularning vakillari) o‘rtasida mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikni, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarni va mehnatni muhofaza qilish qoidalarini, mehnat shartnomasini qo‘llash masalalari bo‘yicha, shuningdek yangi mehnat shartlarini belgilash yoki mavjud mehnat shartlarini o‘zgartirish masalalari bo‘yicha tartibga solinmagan kelishmovchiliklar mehnat nizolaridir.

Quyidagi yakka tartibdagi mehnat nizolari bevosita sudda ko‘rib chiqiladi:

1) agar xodimning ish joyida mehnat nizolari bo‘yicha komissiya tuzilmagan bo‘lsa;

2) mehnat shartnomasini bekor qilish asoslaridan qat’i nazar, ishga tiklash to‘g‘risidagi, mehnat shartnomasini bekor qilish sanasini va asoslari ta’rifini o‘zgartirish haqidagi, majburiy progul yoki kam haq to‘lanadigan ish bajarilgan vaqt uchun haq to‘lash to‘g‘risidagi;

3) xodimga mehnatda mayib bo‘lganligi yoki kasb kasalligi tufayli yetkazilgan ziyonning o‘rnini yoxud xodimning mol-mulkiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini ish beruvchi tomonidan qoplash haqidagi;

4) ish beruvchi tomonidan xodimga yetkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish to‘g‘risidagi;

5) ishga qabul qilish rad etilganligi haqidagi;

6) ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi bilan kelishilgan holda oldindan hal etilgan masalalar yuzasidan;

7) xodimlar va ish beruvchi jismoniy shaxslar o‘rtasida yuzaga keladigan;

8) o‘zini mehnat qilish va mashg‘ulotlar sohasida kamsitilishga uchragan deb hisoblayotgan shaxslarning;

9) xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash haqidagi.

Yakka tartibdagi mehnat nizolari, ushbu moddaning birinchi qismida sanab o‘tilganlaridan tashqari, xodimning xohishiga ko‘ra, bevosita sudlarda ham ko‘rib chiqiladi.

Xodimning arizasini ko‘rib chiqishni yakka tartibdagi nizo mehnat nizolari bo‘yicha komissiyada ko‘rib chiqilmaganligiga asoslangan holda rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shu joyda barchada “ushbu mehnat nizolarini ko‘rib chiqish uchun kimlar sudlarga da’vo arizasi bilan murojaat qilishga haqli ?” -degan o‘rinli bir savol tug‘iladi.

Ushbu Kodeks talabiga ko‘ra quyidagilar, ya’ni: xodim yoki kasaba uyushmasi qo‘mitasi, davlat mehnat inspeksiyasining mansabdor shaxslari,  ish beruvchi, u mehnat nizolari bo‘yicha komissiyaning qaroridan norozi bo‘lganda, shuningdek o‘ziga xodim tomonidan yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash haqidagi nizolar bo‘yicha, qonunchilikda belgilangan tartibda adliya organlari, prokurorlar yakka tartibdagi mehnat nizosining ko‘rib chiqilishi uchun sudga murojaat qilish huquqiga ega:

Shuni nazarda tutish lozimki mehnat nizosining ko‘rib chiqilishi uchun ushbu Kodeksda sudga murojaat qilishning muddatlari aniq belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra:

ishga tiklash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha — xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi ish beruvchi buyrug‘ining ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran uch oy;

xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha — ish beruvchi zarar yetkazilganligini aniqlagan kundan e’tiboran bir yil;

boshqa mehnat nizolari bo‘yicha — xodim o‘zining huquqi buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran olti oy.

Xodimning hayotiga va sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha, shuningdek xodimga yetkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi nizolar bo‘yicha sudga murojaat etish muddati belgilanmaydi.

Yakka tartibdagi mehnat nizolarini ko‘rib chiqish bo‘yicha sudga murojaat etish muddatining o‘tishi yakka tartibdagi mehnat nizosini mediatsiya tartibida ko‘rib chiqish davrida to‘xtatib turiladi.

Binobarin, xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar talabi asosida yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi aynan inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi hamda mehnat nizolarini fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda ko‘rilishida qonuniy, asosli va adolatli hal etishga yordam beradi.

 

                                            Soatov Nizomiddin

                       Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinsoy

                     tuman sudining sudya yordamchisi

Izoh qoldirish

Ro‘yxatdan o‘tish
  • Hozir saytda
  • 8 ta foydalanuvchi hozir saytda
So‘rov o‘tkazish
Sayt haqida firingiz?