Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
Jinoyat sodir etgan shaxslarning ishtirokchiligi
Qonunlar / 2023-03-13

Jinoyat sodir etgan shaxslarning ishtirokchiligi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining VII bobida batafsil to‘xtalib o‘tilgan.

Xususan, kodeksning 27-moddasida jinoyatni sodir etgan shaxslarda ishtirokchilik tushunchasi berilgan bo‘lib, unga ko‘ra, ikki yoki undan ortiq shaxsning qasddan jinoyat sodir etishda birgalashib qatnashishi ishtirokchilik deb topiladi.

Bundan tashqari, ishtirokchilikning turlariga to‘xtaladigan bo‘lsak. Jinoyat kodeksining 28-moddasida ishtirokchilik turlari ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, unga ko‘ra, tashkilotchi, dalolatchi va yordamchilar ham jinoyat ishtirokchilaridir.

Jinoyatni bevosita to‘la yoki qisman sodir etgan yoxud ushbu Jinoyat kodeksiga muvofiq javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lmagan shaxslardan yoki boshqa vositalardan foydalanib, jinoyat sodir etgan shaxs bajaruvchi hisoblanadi.

Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rilishiga yoki jinoyat sodir etilishiga rahbarlik qilgan shaxs tashkilotchi deb topiladi.

Jinoyat sodir etilishiga qiziqtiruvchi shaxs dalolatchi deb topiladi.

Jinoyat sodir etilishiga o‘z maslahatlari, ko‘rsatmalari bilan, vositalar berish yoki to‘siqlarni yo‘qotish bilan ko‘maklashgan, shuningdek jinoyatchini, jinoyat sodir etish quroli, izlari va vositalarini yoxud jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan narsalarni yashirishga, shuningdek bunday narsalarni olish va o‘tkazish to‘g‘risida oldindan va’da bergan shaxs yordamchi sanaladi.

Jinoyat sodir etgan shaxslarning ishtirokchilikdagi shakllari quyidagilardan iborat:

oddiy ishtirokchilik, murakkab ishtirokchilik, uyushgan guruh, jinoiy uyushma shaklida bo‘ladi.

Xususan, ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirmay jinoyat sodir etishda qatnashishi oddiy ishtirokchilik sanaladi.

Ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirib jinoyat sodir etilishida ishtirok qilishi murakkab ishtirokchilik deb topiladi.

Ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun oldindan bir guruhga birlashishi uyushgan guruh hisoblanadi.

Ikki yoki undan ortiq uyushgan guruhning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanish uchun oldindan birlashishi jinoiy uyushma deb topiladi.

Jinoyatni sodir etgan shaxslarda ishtirok etganlik uchun javobgarlik doirasida tashkilotchi, dalolatchi va yordamchilar ham Jinoyat kodeksining bajaruvchini javobgarlikka tortish belgilangan moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortiladilar.

Oldindan til biriktirgan guruh, jinoiy guruh va jinoiy uyushmaning tashkilotchilari hamda a’zolari tayyorgarlik ko‘rilishi yoki sodir etilishida o‘zlari qatnashgan barcha jinoyatlar uchun javobgarlikka tortiladilar.

Uyushgan guruh yoki jinoiy uyushma tashkil etgan yoki ularga rahbarlik qilgan shaxslar shu guruh yoki uyushma sodir etgan barcha jinoyatlar uchun, basharti, bu jinoyatlar ularning jinoiy niyati bilan qamrab olingan bo‘lsa, javobgarlikka tortiladilar.

Boshqa ishtirokchilarning jinoiy niyati bilan qamrab olinmagan jinoyat uchun uni sodir etgan shaxs javobgar bo‘ladi.

Tashkilotchi, dalolatchi yoki yordamchi jinoyatdan ixtiyoriy ravishda qaytib, jinoyatning oldini olish uchun o‘ziga bog‘liq bo‘lgan barcha choralarni o‘z vaqtida ko‘rganligi, jinoyatda ishtirokchilik uchun javobgarlikni istisno qiladi.

Jinoyat qonunchiligida jinoyat sodir etmoqchi bo‘lgan yoki sodir etishiga moyili bo‘lgan shaxslarning jinoyatga daxldorlik tushunchasi haqida to‘xtalsak.

Jinoyatga tayyorgarlik ko‘rilayotganligi, jinoyat sodir etilayotganligi yoki jinoyat sodir etilganligi haqida aniq bila turib, oldindan va’da bermagan holda, hokimiyat organlariga xabar qilmaslik, Jinoyat kodeksining 1551 va 241-moddalarida nazarda tutilgan hollardagina javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Jinoyatchini, jinoyat sodir etish quroli va vositalarini, jinoyat izlarini yoki jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan narsalarni oldindan va’da bermagan holda yashirganlik Jinoyat kodeksning 
241-moddasida nazarda tutilgan hollardagina javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Oldindan va’da bermagan holda jinoyat haqida xabar bermaganlik yoki jinoyatni yashirganlik uchun gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining yaqin qarindoshlari javobgarlikka tortilmaydi.

            Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, jinoyat sodir etgan shaxslarning ishtirokchiligi Jinoyat kodeksining umumiy qismida ko‘rsatib o‘tilgan normalar asosida javobgarlikka tortiladi.

 

 

Surxondaryo viloyat sudi

jinoyat ishlari bo‘yicha

sudlov hay’ati

sudya katta yordamchisi                                                                    B.B.Normurodov                                   

Izoh qoldirish

Ro‘yxatdan o‘tish
  • Hozir saytda
  • 2 ta foydalanuvchi hozir saytda
So‘rov o‘tkazish
Sayt haqida firingiz?