Shaxsning jinoyat sodir etganidan so‘ng kelib chiqadigan huquqiy oqibatlaridan biri bu sudlanganlik holatidir. Jinoyat kodeksining XIV bobida sudlanganlik holati va uning huquqiy ahamiyatlari haqida batafsil berib o‘tilgan.
Unga ko‘ra, sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir. Jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab shaxs sudlangan deb hisoblanadi. Sud tomonidan jazodan ozod qilingan shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi. Sudlanganlik Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan hollarda va shaxs yangi jinoyat sodir etgandagina huquqiy ahamiyatga ega bo‘ladi. Sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi. Jazoni o‘tagan, ammo qonunning o‘zgarishi bilan bunday qilmish jinoyat deb hisoblanmaydigan taqdirda, shuningdek sodir qilingan jinoyat uchun tayinlangan jazoni o‘tab bo‘linishi bilan sudlanganlik holatining tugallanishi belgilangan bo‘lsa, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi, deb O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 77-moddasida ta’kidlab o‘tilgan.
Bundan tashqari, shaxsning sudlanganlik holatining tugallanishini quyidagi holatlarda namoyon bo‘ladi:
Shuningdek, qonunchiligimizda sudlanganlikning olib tashlanishi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra, agar shaxs ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab bo‘lganidan keyin unga nisbatan ma’muriy jazo yoki intizomiy ta’sir choralari qo‘llanilmagan bo‘lsa, jamoat birlashmasi, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organi, jamoa yoki jazoni o‘tab chiqqan shaxsning o‘zi bergan iltimosnomasiga ko‘ra sud O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 78-moddasida nazarda tutilgan muddatlarning kamida yarmi o‘tganidan keyin uning sudlanganligini olib tashlashi mumkin, deb ko‘rsatilgan.
O‘n besh yil va undan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘tab chiqqan shaxslar hamda o‘ta xavfli residivistlar, agar ular jazoni o‘tab chiqqanidan keyin o‘n besh yil mobaynida yangi jinoyat sodir etmasalar, sud ularning sudlanganligini olib tashlashi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 13-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda ham sudlanganlik olib tashlanishi mumkin.
Bundan tashqari, sudlanganlik afv etish yoki amnistiya akti asosida ham olib tashlanishi mumkin. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi PF-5439-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi nizom hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006 yil 22 dekabrdagi 16-sonli «Sudlar tomonidan amnistiya aktlarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qarori bilan shaxsni afv etish yoki amnistiya akti asosida sudlanganlik holatini olib tashlanishi mumkinligi aks ettirilgan.
Sudlanganlik holatining tugallanish yoki sudlanganlikni olib tashlash muddatlarini hisoblash quyidagi holatlarda qo‘llaniladi.
-sudlanganlik holatining tugallanish yoki sudlanganlikni olib tashlash muddatlari asosiy va qo‘shimcha jazolar o‘tab bo‘lingan yoki ijro etilgan kundan boshlab hisoblanadi;
-agar shaxs tayinlangan jazodan qonunda belgilangan tartibda muddatidan ilgari ozod qilingan yoxud jazo yengilrog‘i bilan almashtirilgan bo‘lsa, sudlanganlik muddati muddatidan ilgari ozod qilingan yoki yengilrog‘i bilan almashtirilgan jazoning amalda o‘tab bo‘lingan qismidan hisoblanadi.
-agar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 44,
46-moddalari asosida hukm bo‘yicha tayinlangan jazoni sud boshqa jazo bilan almashtirgan bo‘lsa, sudlanganlik muddati jazoning amalda o‘tab bo‘lingan yoki ijro etilgan qismidan hisoblanadi.
Agar jazoni o‘tab chiqqan shaxs sudlanganlik holatining muddati tugamay, yana jinoyat sodir etsa, sudlanganlik holatini tugatuvchi muddatning o‘tishi to‘xtatiladi. Ilgari sodir etilgan jinoyat uchun sudlanganlik holatining tugash muddati oxirgi sodir etilgan jinoyat uchun (asosiy va qo‘shimcha) jazoni amalda o‘tab bo‘lganidan boshlab hisoblanadi, deb belgilab qo‘yilgan.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishi uchun qonunda belgilangan sud hukmi bo‘yicha sudlangan shaxs O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining umumiy qismida ko‘rsatilgan normalari asosida sudlanganlik holati olib tashlanishi mumkin.
Surxondaryo viloyat sudi
jinoyat ishlari bo‘yicha
sudlov hay’ati
sudya katta yordamchisi B.Normurodov
© Oltinsoy tumani hokimligi veb-saytlari 2025