Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
Voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligi
Qonunlar / 2023-04-26

Jinoiy-huquqiy hamda jinoiy-protsessual qonunlar voyaga yetmaganlarga alohida yondashadi. Misol uchun, JKda voyaga yetmaganlarning jinoiy javobgarligiga bag‘ishlangan alohida VI bo‘lim mavjud. Ushbu bo‘limning 81-90-moddalarida uning o‘ziga xos tomonlari aks ettirilgan. Xususan, jinoiy jazo bilan bir qatorda majburlov choralari (88), jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan (87, 89-modda) ozod etish imkoniyatlari ko‘zda tutiladi.
JPKda voyaga yetmaganlarning ishlari bo‘yicha jinoiy ishlarni yuritish maxsus 60 bob sifatida ajratilgan. Uning xususiyatlari ana shunday shaxslarni ayblash bo‘yicha jinoyat ishlarini yuritish tartibi, umum qabul qilingan isbotlanishi talab etilgan holatlardan tashqari aniqlanishi kerak bo‘lgan qo‘shimcha shart-sharoitlar, voyaga yetmaganlar ishlarining alohida ko‘rilishi, so‘roqda pedagog ishtirok etishi, sudda jinoyat ishini ko‘rib chiqishning o‘ziga xosligi va boshqa masalalarga oiddir.
Qonunlarda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarga alohida e’tibor berilganligi bolalikni himoya qilish haqidagi konstitutsiyaviy qoidalarni, shu bilan birga xalqaro-huquqiy ahamiyatga molik, xususan BMT Bosh Assambleyasi 1989 yil 20 noyabrida qabul qilgan Bola huquqlari haqidagi Konvensiyaning tegishli nizomlarini aks ettiradi.
Voyaga yetmaganlar jinoyatlarini tergov qilish metodikasi dastlabki tergovning umumiy maqsadlari va tamoyillariga tayanadi va ayni vaqtda voyaga yetmaganlar shaxsiga bog‘liq qator xususiyatlarni ham aks ettiradi. Ushbu xususiyatlar ular tomonidan huquqqa qarshi harakat sodir etilganda va dastlabki tergov vaqtida shakllangan tushuncha va mulohazalarga asoslangan o‘smir hulqida namoyon bo‘ladi.
Ruhiy-pedagogik adabiyotlarda 14-17 yoshlar o‘smirlik yoki yigitlikning boshlang‘ich davri deb ataladi. Biologik jihatdan o‘smirlik jismoniy rivojlanishning yakuniy davri bo‘ladi. Mazkur toifaga oid shaxslarning ijtimoiy ahvoli turlicha bo‘lib, ular orasida talabalar, ishchilar va ishlamaydiganlar bor. Shu bilan birga ular hulqi va harakatlari ongli-irodali ko‘rinishga ega va bu o‘z o‘rnida 16 yoshdan umumiy jinoiy javobgarlik, 14 yoshdan boshlab esa qasddan odam o‘ldirish, o‘g‘rilash, zo‘rlash, jinsiy ko‘rinishdagi zo‘rlik ishlatish, o‘g‘rilik, bosqinchilik, tovlamachilik, talonchilik, transport vositasini olib qochish, mol-mulkni qasddan yo‘q qilish yoki unga zarar yetkazish o‘qotar qurol, o‘q-dori, portlovchi moddalar va portlatish moslamalarini, shuningdek, narkotik moddalar yoki psixotrop vositalarni, radioaktiv materiallarni qonunga hilof ravishda egallash, temir yo‘l, havo, dengiz, daryo transport vositalari yoki aloqa yo‘llarini yaroqsiz holga keltirganlik, ozodlikdan mahrum qilish joylaridagi ayrim jinoyatlar uchun, 13 yoshdan esa aybini og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirish uchun javobgarlik davri boshlanishini belgilab beradi (JK 17-moddasi).
Kriminalistikaga oid adabiyotlarda voyaga yetmagan qonunbuzarlarni, ular orasidagi farq birmuncha nisbiyligini qayd etgan holda, to‘rt guruhga ajratib tasniflash qabul qilingan.
Birinchi guruhga ilk bor jinoyatga qo‘l urgan shaxslar kiritiladi. Ularning jinoyatdan avvalgi hulqi va ma’naviy qiyofasi birmuncha ijobiy. Odatda bunday o‘smirlar u qadar jiddiy bo‘lmagan jinoyatlarni murakkab yoki favqulodda vaziyat ta’sirida sodir etadilar.
Ikkinchi guruhga kiritilgan ilk marta jinoyatga qo‘l urganlarning avvalgi hulq-atvorini benuqson deb bo‘lmaydi. Ular spirtli ichimliklar, narkotiklar iste’mol qiladilar, chekadilar va uydan qochib ketish kabi odatlarga egadirlar.
Uchinchi guruh - ma’naviy qarashlari buzuq o‘smirlar. Ular avval ham turli qonunbuzarliklar sodir etib, ma’muriy jazoga tortilgan, maxsus maktab va kasb-hunar bilim yurtlaridan yo‘llanganlardir. Jinoyatning sababi va maqsadi ularda ongli ravishda, katta yoshli shaxs yoki o‘ziga nisbatan buzuq tengdoshining ta’sirida shakllanadi. Mushtlashishlarda qatnashish, bezorilik, ojizroqlarni tunash kabi ko‘pgina jinoyatlarni ular dabdurustdan sodir etishadi.
Ushbu omillar ko‘p jihatdan tergov uslubiyoti xususiyatlarini belgilab beradi. Tergovchi o‘smir nazarida obro‘-e’tibor qozonib, taqlid uchun namuna bo‘lib qolishi o‘ta muhim. O‘smirga ayb shunday qo‘yilishi kerakki, u yig‘ilgan ma’lumotlar yetarli ekanligiga amin bo‘lsin. Shu bilan birga o‘smirga qo‘yilayotgan ayb mohiyati hamda u qilgan harakatlarning ijtimoiy zararini, o‘zi, qarindoshlari, yaqinlari va jabrlanuvchilarga qanday zarar yetkazganligini ochib berish zarur.
Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudya katta yordamchisi M.Yo‘ldosheva

Izoh qoldirish

Ro‘yxatdan o‘tish
  • Hozir saytda
  • 3 ta foydalanuvchi hozir saytda
So‘rov o‘tkazish
Sayt haqida firingiz?