Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
Tamom bo‘lgan va tamom bo‘lmagan jinoyatlarning umumiy tasniflanishi
Qonunlar / 2023-05-03

Jinoyatlar sodir etilgan vaqti va o‘rniga qarab ularni tamom bo‘lgan va tamom bo‘lmagan jinoyatlar turkumiga ajratiladi.
Tamom bo‘lgan jinoyat O‘zbekiston Respublikasi JKning
21-moddasida ta’kidlanganidek, ushbu Kodeks moddasida jinoyat tamom bo‘lgan payt ijtimoiy xavfli qilmish bajarilgan vaqt deb hisoblangan bo‘lib, uni sodir etgan shaxs o‘z qilmishining ijtimoiy xavflilik xususiyatini anglagan va shunday qilmishni sodir etishni istagan bo‘lsa, bunday jinoyat qasddan sodir etilgan deb topiladi. Ushbu Kodeks moddasida jinoyat tamom bo‘lgan payt ijtimoiy xavfli oqibat yuz bergan vaqt deb topilgan qilmishlar to‘g‘ri yoki egri qasddan sodir etilgan bo‘lishi mumkin.
Tamom bo‘lmagan jinoyatlarni o‘rganganimizda ularni turkumlarga bo‘lish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi JKning oltinchi bobida tamom bo‘lmagan jinoyatlarning turkumlarga tasniflangan bo‘lib, unga ko‘ra, tamom bo‘lmagan jinoyat jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish, jinoyat sodir etishga suiqasd qilish va jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish kabilarga bo‘linadi.
Xususan, ushbu kodeksning 25-moddasida jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish, shaxsning qasddan qilinadigan jinoyatni sodir etish yoki yashirish uchun shart-sharoit yaratuvchi qilmishi o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra sodir etilishi boshlangunga qadar to‘xtatilgan bo‘lsa, bunday qilmish jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish deb topilishi ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, qasddan sodir etiladigan jinoyat boshlanib, shaxsga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan bo‘lsa, jinoyat sodir etishga suiqasd deb topilishi ushbu kodeksda belgilab qo‘yilgan.
Jinoyat sodir etishga suiqasd qilish kabi jinoyatlarni tavsiflashda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
2004 yil 24 sentyabrdagi 13-sonli «Qasddan odam o‘ldirishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi qarori 3-bandida, qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish faqat to‘g‘ri qasd bilan sodir etilishi mumkin, chunki, bunda aybdor o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan, jabrlanuvchining o‘limiga ko‘zi yetgan va uning o‘limini istagan bo‘ladi, biroq o‘lim aybdorga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra (jabrdiydaning faol qarshiligi, boshqa shaxslarning aralashuvi, jabrlanuvchiga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilganligi va h.k tufayli) yuz bermasligi ko‘rsatilgan.
Ushbu kodeksning 25-moddasi 3-qismida esa jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik va jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun javobgarlik ham ushbu Kodeks Maxsus qismining tamom bo‘lgan jinoyat uchun javobgarlikni belgilovchi moddasiga muvofiq hal qilinishini ko‘rishimiz mumkin.
Jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish - shaxs jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish harakatlarini yoki jinoyat sodir etishga bevosita qaratilgan harakatlarni oxiriga yetkazish mumkinligini anglagan holda to‘xtatsa, shuningdek jinoiy oqibat kelib chiqishi mumkinligini anglagan holda, shunday oqibat kelib chiqishining oldini olsa, jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish deb topiladi. Jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytish javobgarlikni istisno qiladi.
Bu holatni qonun hujjatidagi norma bilan ko‘rib o‘tishimiz mumkin. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining 15.12.2000 yildagi
167-II-sonli «Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi Qonuni
28-moddasining ikkinchi qismida, shaxs terrorchilik faoliyatida ishtirok etishdan o‘z ixtiyori bilan qaytgan, bu haqda tegishli davlat organlariga xabar bergan hamda og‘ir oqibatlar yuzaga kelishining va terrorchilar maqsadlari amalga oshirilishining oldini olishga faol ko‘maklashgan taqdirda, qonunchilikka muvofiq javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Jinoyatni oxiriga yetkazishdan ixtiyoriy qaytgan shaxs, agar amalda sodir etgan qilmishida boshqa jinoyat tarkibining barcha alomatlari bo‘lsa, Jinoyat kodeksi bo‘yicha javobgarlikka tortiladi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlashimiz joizki, sud va tergov organi sodir etilgan qilmishning harakatlariga huquqiy baho berishda jinoyatlarning tamom bo‘lgan va tamom bo‘lmaganligi, ularning sodir etilgan vaqti, o‘rni, aybdorning shaxsi va holatlarini to‘la, xolisona va har tomonlama e’tiborga olishi lozim.

 


Surxondaryo viloyat sudi
jinoyat ishlari bo‘yicha
sudlov hay’atining
sudya katta yordamchisi B.B.Normurodov

Izoh qoldirish

Ro‘yxatdan o‘tish
  • Hozir saytda
  • 14 ta foydalanuvchi hozir saytda
So‘rov o‘tkazish
Sayt haqida firingiz?