Hammamizga ma’lumki, joriy yilning iyul oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan, barchamiz Konstitutsiyamizda belgilangan huquqimizdan foydalangan holda davlatimiz kelajagi uchun ushbu saylovda faol qatnashib, o‘z ovozimizni berishimiz fuqarolik burchimizdir.
Saylov tizimi haqida yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning
22-bobidagi 128-129-moddalarida batafsil ko‘rsatilgan.
Saylov bu - shaxsni deputatlikka, biror tashkilot a’zoligiga yoxud mansabga ochiq yoki yopiq shaklda ovoz berish yo‘li bilan saylash.
Kishilarning birlashmasi - jamiyat deb nomlanadi. Jamiyat bo‘lib yashash odamlarga ko‘plab qulayliklar keltiradi. Zero jamiyatda odamlar birlashib o‘z hayotiy muammolarini hal qilishadi. Jamiyat qanchalik jips bo‘lsa, shunchalik muvaffaqiyatli bo‘ladi. Tarqoq bo‘lsa – muvaffaqiyatsiz. Jamiyatni haqiqiy jamiyat qiluvchi omillardan biri – hayotiy qarorlarni ko‘pchilik bo‘lib qabul qilishdir. Buning yaxshi tarafi shundaki, qarorlar qabul qilishda yakka shaxslar yoxud jamiyatning ba’zi guruhlari emas, balki hamma bevosita yoki bilvosita ishtirok etadi.
Ko‘pchilikning aqliy salohiyati ishga solinadi. Bu narsani ro‘yobga chiqarish vositalaridan biri – saylovdir. Bunda kishilar ichlaridan eng salohiyatlilarini saylab olishadi va ularga qarorlar qabul qilishni ishonib topshirib, ulardan kengash tuzishadi. Ammo ish shu bilan tugamaydi – saylaganlar saylanganlardan mudom qabul qilingan qarorlardan hisobot so‘rab turishadi, faoliyatlarini kuzatib borishadi. Shu tarzda ba’zilargina emas, balki hamma jamiyat ishlarida, qarorlarni qabul qilishda ishtirok etadi va shu tarzda barchaning manfaati inobatga olinadi.
Demak, saylov – muhim va kerakli narsa, Saylovning asosiy jihati deb omma ichidagi salohiyatli, jonkuyar kishilarni saylab olish deb aytdik. Agarda bu yuz bermasa, ya’ni salohiyatli kishilar emas, balki ba’zi guruhlarning boshqalarga bosim o‘tkazishi yoki boshqa harakatlar natijasida noloyiq kishilar saylanib olinsa, unda saylov o‘zining haqiqiy ma’nosini yo‘qotib qo‘yadi. Bu esa odamlarda jamiyat ishlariga daxldorlik hissi pasayib ketadi, degani. Chunki, bunda hayotiy muammolar endi ko‘pchilik bo‘lib hal qilinmaydi, qarorlar ko‘pchilik bo‘lib qabul qilinmaydi. Bu endi jamiyat emas, balki shunchaki odamlar to‘plami bo‘lib, bu holda muvaffaqiyat qozonilmaydi. Fuqarolar esa muammolar ichida yashab, ularni hal qila olishmaydi. Bunda davlat boyliklarga hamma emas, balki ba’zi guruhlar ega chiqadi, ko‘pchilik esa qashshoq holatda yashaydi. Shuning uchun ham saylov haqiqiy saylov bo‘lishi har bir yurt uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda saylovchilarning faol, salohiyatli, ishonchli kishini saylashga intilishlari muhimdir, zero saylovchilarning faolsizligi jamiyatning faqat ba’zi guruhlarigina o‘zlari xohlagan odamlarni saylab olishi va boshqalarning manfaatlarini chekkaga surib qo‘yishiga olib boradi. Bunday bo‘lmasligi uchun har bir saylovchi saylovchilik mas’uliyatini his etmog‘i va saylov nimaligini bilishi lozim. Saylovlarga befarqlik, kimni saylayotganini bilmaslik, nomzodlarni savollar bilan tergamaslik – bular jamiyat uchun og‘ir oqibatlar keltirishi mumkin.
2023 yil 7 iyun kuni O‘zbekiston Prezidentligiga saylov oldi tashviqotlari boshlanib, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovda ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxatga olindi. Bunda:
-Xalq demokratik partiyasidan - Ulug‘bek Inoyatovni;
-Liberal-demokratik partiyasidan - Shavkat Mirziyoevni;
-“Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan - Robaxon Mahmudovani;
-Ekologik partiyasidan - Abdushukur Hamzaevni, O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilindi.
Shuningdek, fuqarolarimiz 2023 yilning 28 iyunidan to 5 iyuliga qadar O‘zbekiston Prezidentligiga muddatidan ilgari ovoz berishlari belgilandi.
2023 yil 9 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov kuni deb rasman e’lon qilindi.
Maqolani tayyorlashda internet manbalaridan foydalanildi.
Surxondaryo viloyat sudi
sudya katta yordamchisi J.Mamataliev
© Oltinsoy tumani hokimligi veb-saytlari 2025