Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
Jinoyat sub’ekti
Qonunlar / 2023-06-22

Har bir ijtimoiy xavfli harakat sodir etilganida sud-tergov xodimlari jinoyatning maxsus sub’ektining alohida belgilarini aniqlashi lozim bo‘ladi, bularsiz harakat sodir etgan shaxs ushbu jinoyatning sub’ekti deb topilmasligi kerak.

Jinoyat huquqi nazariyasiga ko‘ra har qanday ijtimoiy xavfli qilmish sodir qilgan, qonunda belgilangan yoshga yetgan va aqli raso jismoniy shaxslar jinoyatning sub’ekti bo‘ladi. Albatta javobgarlikning asosi sifatida jinoyat tarkibining eng muhim elementi bu jinoyat sub’ekti hisoblanadi. Sababi, hech bir jinoyat sub’ekt bo‘lmasa sodir etilmaydi va o‘z-o‘zidan javobgarlikni ham yuzaga keltirmaydi.

Jinoyat qonuniga muvofiq jinoyat sub’ekti faqat jismoniy shaxs bo‘la oladi va Jinoyat kodeksining 17-moddasida belgilan qo‘yilgan. Unga ko‘ra: «Jinoyat sodir etgunga qadar o‘n olti yoshga to‘lgan aqli raso jismoniy shaxslar javobgarlikka tortiladilar». Yuridik shaxs (tashkilot, muassasa, korxona va hokazo)lar jinoyatning sub’ekti bo‘la olmaydi. Shuni ham ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, bir qator chet el davlatlarining jinoyat qonuniga ko‘ra yuridik shaxs ham jinoyatning sub’ekti bo‘la olmaydi. Biroq tashkilot, muassasa, korxona faoliyati bilan bog‘liq jinoiy oqibat uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri uning rahbarlari va mas’ul shaxslar javob beradilar. Bular asosan ekologiya sohasidagi jinoyatlardir.

Jinoyat kodeksining 17-moddasi (jismoniy shaxslarning javobgarligi)ga ko‘ra har qanday inson ham jinoyatning sub’ekti bo‘la olmaydi. Shaxsning qonunda belgilangan sub’ekt yoshiga yetganligidan tashqari u o‘z harakatlarini boshqara olishi va harakati tufayli kelib chiqadigan ijtimoiy xavfli oqibatni ham anglashi kerak bo‘ladi. O‘z harakatini idora qila olmaydigan va oqibatini anglamaydigan shaxslarning ijtimoiy xavfli qilmishi tufayli qonun bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy munosabatga zarar yetkazilsa, ularning harakatida qasd yoki ehtiyotsizlik shaklidagi ayb mavjud bo‘lmaydi.

Jinoyat qonunchiligida jinoyat sub’ektining asosiy belgilaridan biri qonunda belgilangan yosh bo‘lib, muayyan yoshga to‘lgan shaxslargina jinoiy javobgarlikka tortiladi. So‘zsiz, shaxsda ma’lum yoshga yetgandan keyingina atrofdagi voqealarni qabul qilishi, o‘z harakatlariga to‘g‘ri baho berishi va o‘z xohishini kerakli yo‘nalishga yo‘naltira olish qobiliyati shakllanadi. Inson ma’lum bir yoshga yetgandan keyin muayyan bir jinoyat qonuni bilan man qilingan harakatlar uchun javobgarlik yuzaga kelishini to‘g‘ri anglay oladi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 17-moddasiga muvofiq 16 yoshga to‘lgan, aqli raso shaxslar jinoyatning sub’ekti hisoblanadilar. Bu yoshda o‘smir har bir voqeani to‘g‘ri qabul qiladi, uning dunyoqarashi va huquqiy fikrlashi shu darajaga yetadiki, u o‘z qilmishining xavfli ekanligini to‘g‘ri baholay oladi. Biroq ba’zi bir alohida jinoyatlar uchun qonunda javobgarlik yoshi 14 yosh deb belgilangan. Javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatda qasddan odam o‘ldirish uchun esa 13 yosh belgilangan (97-moddaning 2-qismi).

 

Yuqoridagilardan kelib chiqib:

1) jismoniy shaxs ekanligi;

2) aqli rasoligi;

3) qonun bilan belgilangan yoshga yetganligi jinoyat sub’ektining belgilaridir, deb aytish mumkin.

Aqli rasolik tushunchasini to‘g‘ri talqin qilish qonuniylikka rioya qilishda muhim ahamiyatga ega. Sodir etilgan jinoyat uchun faqat qonunda belgilangan jinoiy javobgarlik yoshiga to‘lgan, aqli raso shaxs jinoiy javobgar bo‘ladi, chunki ma’lum ruhiy layoqatga ega shaxsgina aqli raso bo‘lishi mumkin. Aqli rasolik shaxslar aybdor deb topishning zaruriy sharti hisoblanadi.

Aqli norasolik – umuman ruhiy norasolikni emas, balki ma’lum harakatga nisbatan ruhiy norasolikni belgilovchi muayyan tushuncha hisoblanadi. Shaxs ruhiy kasalligi tufayli ma’lum ruhiy qobiliyatga ega bo‘lmasligi, ammo o‘z harakatlarining ahamiyatini anglashi mumkin. Bu holda u aqli raso deb topiladi.

«O‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmagan»lik shaxsning o‘z harakati va oqibat o‘rtasidagi salbiy bog‘lanishni amaliy jihatdan tushuna olmasligini bildiradi.

O‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaslik, shuningdek, ularning ijtimoiy xavfli xususiyatini tushunmaslikni ham anglatadi.

Harakat va uning oqibati o‘rtasidagi sababiy bog‘lanishni tushunmaslik shunda namoyon bo‘lishi mumkinki, ruhiy kasal odam o‘z harakatlari qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini tasavvur qila olmaydi.

Yuqoridagilardan tashqari jinoyat qonunida jinoyat sub’ektining umumiy belgilaridan tashqari qo‘shimcha va maxsus belgilari ham nazarda tutilgan bo‘ladi. Buni jinoyatning maxsus sub’ekti, deyiladi. Masalan, harbiy jinoyatlarda jinoyatning sub’ekti faqat harbiy xizmatchilar bo‘ladi.

Jinoyat kodeksining 17-moddasi 1-qismiga ko‘ra jinoyat qilgunga qadar 16 yoshga to‘lgan shaxs javobgarlikka tortiladi.

Jinoyat kodeksida ko‘pchilik jinoyatlar uchun javobgarlik 16 yoshdan belgilangan.

Jinoyat kodeksi 17-moddasi 2-qismiga ko‘ra “13 yoshga to‘lgan shaxslar javobgarlikni og‘irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o‘ldirganlik (97-modda 2-qismi) uchungina javobgarlikka tortiladilar. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 97-moddasining 2-qismida belgilangan sub’ekt yoshi eng past yosh bo‘lib, Jinoyat kodeksidagi yagona norma hisoblanadi. Oldingi qonunlarda bunday yosh chegarasi belgilanmagan edi.

Jinoyat kodeksi 17-moddasi 3-qismiga ko‘ra jinoyat sodir etgunga qadar 14 yoshga to‘lgan shaxslar javobgar bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.

Jinoyat kodeksi 17-moddasi 4-qismida jinoyatlar uchun javobgarlik yoshi 18 yosh deb belgilangan.

 

Shaxsni jinoyatning maxsus sub’ekti – deb hisoblash uchun sub’ektning zaruriy belgilari bilan birga (yosh, aqli rasolik), albatta, boshqa belgilar ham bo‘lishi kerakki, bunday belgisiz shaxsning tegishli norma bilan jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

Aksariyat hollarda ushbu belgilar jinoyat huquqiy normalar dispozitsiyasida ko‘rsatiladi yoki ularni sharhlash orqali aniqlanadi. Jinoyatning maxsus sub’ekti belgilari turlicha bo‘lib, ular xizmat, kasb, fuqarolik yoki harbiy majburiyat bo‘yicha bo‘lishi mumkin.

Jinoyat qonuni Maxsus qismini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, jinoyatning maxsus sub’ekti belgilarini quyidagicha tasniflash mumkin:

1) fuqaroligi; 2) demografik belgilari (jinsi, yoshi); 3) mansabi; 4) harbiy xizmatga aloqadorligi; 5) bajarayotgan ishi; 6) kasbiy majburiyati; 7) shaxsiy majburiyatlari; 8) sub’ektning asosiy holatlari (residivist, xavfli residivist).

Har bir ijtimoiy xavfli harakat sodir etilganida sud-tergov xodimlari jinoyatning maxsus sub’ektining alohida belgilarini aniqlashi lozim bo‘ladi, bularsiz harakat sodir etgan shaxs ushbu jinoyatning sub’ekti deb topilmasligi kerak. Yuqoridagilarga xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, jinoyatning sub’ekti javobgarlikka tortishda juda katta ahamiyatga ega hisoblanadi.

 

 

Surxondaryo viloyati jinoyat

ishlari bo‘yicha Oltinsoy tuman

sudining arxivariusi

Ya.Rustamov

 

3 izoh

Izoh qoldirish

Ro‘yxatdan o‘tish
  • Hozir saytda
  • 4 ta foydalanuvchi hozir saytda
So‘rov o‘tkazish
Sayt haqida firingiz?