Bugungi kunda Yer sayyorasida to‘qqiz milliard atrofida odam yashayotgan bo‘lsa, tabiiyki, ularga havola etilayotgan axborot undan-da ko‘proq. Masalaning shu tomoni ham borki, mazkur axborotdan qaysi biri xolis, qaysi biri kimning va nimaning manfaatlari uchun xizmat qilishini anglash bir qadar mushkul.
Demak, axborot tarqatish, olish ortida strategiya turgan ekan, uni himoya qilish, turli ma’lumotlar ta’siri va xurujlariga qarshi tura olishning ham ahamiyati ayni paytda juda muhimdir.
Butun dunyoda axborot xavfsizligi masalasiga dolzarb vazifa sifatida qaralyapti. Jumladan, mamlakatimizda ham axborot xavfsizligini ta’minlash, uning huquqiy bazasini yaratish borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Axborot xurujlari orasida “kiberjinoyat” tushunchasi mavjud. Jahonda sodir etilayotgan jinoyatlar ichida kiberjinoyatchilik to‘rtinchi pog‘onada turadi. U insonlar tomonidan boylik orttirish yoki boshqa g‘arazli maqsadlarda axborot texnologiyalaridan noqonuniy foydalangan holda sodir etilgan xavfli jinoyat sanaladi. Uning yuzaga kelishiga global internet tarmog‘ining paydo bo‘lishi sabab bo‘lgan. Sodda qilib aytganda, bu turdagi jinoyatni kompyuter qarshisida o‘tirib, minglab kilometr uzoqlikdagi mintaqada joylashgan biror tashkilotning mablag‘ini o‘marish orqali sodir etish mumkin.
Kiberjinoyatning asosiy turlariga viruslar yordamida zarar yetkazuvchi dasturlarni tarqatish, parollarni buzib kirish, kredit karta va boshqa bank rekvizitlaridagi raqamlarni o‘g‘irlash, shuningdek, internet orqali qonunga zid axborotlarni tarqatish kabilar kiradi.
Hozirda jahondagi turli davlatlarning eng muhim infratuzilmalar hamda axborot tizimlariga kiber-hujumlar tez-tez uyushtirilyapti. Misol uchun, Rossiya Federatsiyasi axborot agentliklarining tahliliga ko‘ra, 2015 yilda mamlakatda 30 mingga yaqin axborot texnologiyalari sohasida sodir etilgan kompyuter jinoyati qayd qilingan. Mazkur jinoyatlar zamirida moddiy manfaat bo‘lgani tabiiy, albatta.
Ha, o‘zgalar mol-mulkini internet yoki kompyuter vositalari orqali talon-toroj qilish jahonda shiddat bilan o‘sib borayotgan va chegara bilmaydigan jinoyat ekani bilan ham xavflidir.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, tobora kuchayib borayotgan globallashuv jarayonida axborot xurujlari va kibertahdidlardan himoyalanish, o‘z navbatida, ularga qarshi kurashish uchun har bir kishi hushyor va ogoh bo‘lishi, axborotni tahlil qila bilishi lozimligini davrning o‘zi talab etyapti. Shunday ekan, ogohlik kundalik shiorimizga aylansin.
© Oltinsoy tumani hokimligi veb-saytlari 2025
1 izoh