XXI asrning jiddiy muammolari qatoriga kirgan odam savdosi jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan illatlardan biridir. Mehnat migratsiyasi hamda axborot almashinuvining kuchayishi natijasida odam savdosi bilan shug‘ullanadigan jinoyatchi guruhlarning o‘z qabih niyatlarini amalga oshirish borasidagi imkoniyatlari kengaymoqda. Odam savdosi nihoyatda rivojlanib borayotgan jinoiy industriyaga aylanib qolmoqda. Bu esa, dunyo hamjamiyati huquq-tartiboti, tinchligi va xavfsizligi uchun jiddiy xavf solmoqda.
So‘nggi yillarda odam savdosi tufayli yuzaga kelayotgan global xavf qanchalik ortib borayotgan bo‘lsa, dunyoning qator mamlakatlarida bu jinoyatga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lami ham shunchalik kengaymoqda. Oradan yillar o‘tgan sari odam savdosiga qarshi kurash dunyoning barcha mamlakatlarida amalda bo‘lmasin, bu muammo bizni hozirgi kunda ham qattiq tashvishga solmoqda.
Bugungi kunga kelib mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish sharoitida xavfsizligimizga hamda ijtimoiy-ma’naviy barqarorligimizga rahna soluvchi illatlardan biri bo‘lgan odam savdosi dolzarb muammolardan biriga aylandi. Uning oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda ham qator huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga odam savdosi transmilliy, ya’ni hudud va chegara tanlamaydigan jinoyat ekanligi hisobga olinib, davlatimiz 2003 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1950 yilda qabul qilingan Konvensiyaga qo‘shildi. Shuningdek, mamlakatimiz parlamenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 2000 yil 15 noyabrda qabul qilingan «Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risida»gi Konvensiyaga hamda odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalarni sotishning oldini olish, unga chek qo‘yish va buning uchun jazolash to‘g‘risidagi qo‘shimcha hujjatlar imzolandi. 2008 yilning 17 aprelida «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonun hamda 2008 yilning 8 iyulida «Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaror bilan yuqoridagi qonun normalari amalga yanada samarali tadbiq etilmoqda.
Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Idoralararo komissiyaning keng faoliyat yuritishi, jinoyatchilarni fosh etish va jinoyat qurbonlarini himoyalash va ularga yordam ko‘rsatish masalalari yanada takomillashtirilib, uni amaliyotga keng tadbiq etgan holda, xalqaro miqyosda amalga oshirilsa, ko‘zlangan maqsadga erishishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinsoy tuman sudining sudya yordamchisi N.Soatov
© Oltinsoy tumani hokimligi veb-saytlari 2025