Bolaning huquqi u bilan birga tug‘iladi, deyish mumkin. Chunki, har bir bola tug‘ilgan paytdan e’tiboran familiya, ism, ota ismini oladi, millati va fuqaroligiga ega bo‘ladi. “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 8-moddasida yashash huquqi har bir bolaning uzviy huquqi ekanligi, bola hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyat hisoblanishi ta’kidlangan.
Bola tug‘ilgach, uning sog‘lig‘i haqida qayg‘urish kerak. Ushbu yo‘nalishda ham davlatimiz tomonidan imkoniyatlar yaratilgan. Ya’ni bolaning sog‘lomligini ta’minlash choralari u tug‘ilmasdan avval ko‘riladi.
Bola dunyoga kelgach, uning salomatligini saqlash yo‘lida quyidagilar amalga oshirilishi lozim:
– malakali va bepul tibbiy yordam ko‘rsatish;
– bolalar kasalliklari profilaktikasi, davolash-profilaktika muassasalarida dispanser kuzatuvini olib borish hamda davolash;
– talab darajasidagi sifatga ega bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishi va sotilishini nazorat qilish;
– sanitariya-gigiena ta’limini berish;
14 yoshdan katta bola ma’lumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berish yoki uni rad etish huquqiga ega bo‘ladi.
Hayot doim ham bir tekisda davom etavermaydi. Deylik, bola hayotda adashdi va jinoyat sodir etdi. Bunda ham davlatimiz tomonidan bolaning manfaatlari birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Ya’ni 18 yoshdan kichik bo‘lgan shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun Jinoyat kodeksidagi eng og‘ir jazo – umrbod qamoq jazosi belgilanmaydi. Bolani hibsga olish qonunga muvofiq amalga oshiriladi va bu uchun iloji boricha qisqa vaqt belgilanadi. Bu orada bola oilasi bilan xat yozishish va ko‘rishish, aloqa bog‘lab turish huquqiga ega. Shuningdek, u ozodlikdan mahrum etilishining qonuniyligiga e’tiroz bildirib, da’vo bilan chiqish, ota-onasi yoki vasiysi orqali o‘ziga himoya tayyorlash, advokat yollashi mumkin.
Bundan tashqari davlatimiz tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarning huquq va manfaatlari yetarlicha kafolatlangan. Jumladan, vasiylik va homiylik belgilanadi, farzandlikka olinadi, ixtisoslashtirilgan tarbiya, davolash muassasalariga, ijtimoiy himoya muassasalariga joylashtiriladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar jamiyat hayotida ishtirok etishda boshqa bolalar bilan teng huquqlarga egadir.
Shu o‘rinda ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar ro‘yxatiga kimlar kiradi degan haqli savol tug‘iladi.
Nogiron, yetim, jismoniy va ruhiy rivojlanishida nuqsonli, ota-ona qaramog‘idan mahrum, ixtisoslashtirilgan bolalar muassasalarida tarbiyalanayotgan, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari, shuningdek, jinoiy javobgarlikka tortilgan va jazoni ijro etish muassasalarida turgan bolalar, zo‘ravonlik va ekspluatatsiya, qurolli mojarolar va tabiiy ofatlar natijasida jabrlangan bolalar ijtimoiy himoyaga muhtoj hisoblanadi.
Bu davlatimiz tomonidan bolalarga berilgan imkoniyatlarning bir qismi, xolos. Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, davlat bolaning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishda bosh islohotchi hisoblanadi. shuningdek, bolalar huquqlari va imkoniyatlarining tengligini ta’minlaydi, ularning jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ko‘maklashadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Oltinsoy tuman sudining devonxona mudiri Q.Zubaydullaev
© Oltinsoy tumani hokimligi veb-saytlari 2025