Keyingi yillarda yer yuziga keng tarqalgan bir illat borki hammani tashvishga solmoqda. Bu illat – giyohvandlikdir.
Giyohvandlikka qarshi kurashish, ularning zararli oqibatlaridan kishilarni xabardor qilish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish doimiy va muhim faoliyat turlaridan biridir.
Chunki asr vabosi – giyovandlikka chalingan kimsalar oilasining tinchi buzilayotgani, farzandlarining qarovsiz qolayotgani, o‘zlari esa salomatligini yo‘qotib, bevaqt o‘lim topayotgani hech kimga sir emas.
Odatda, narkotik moddalarning salbiy ta’siri turli a’zolarning shikastlanishi, hayot uchun muhim funksional tizimlarning izdan chiqishi, xastalikning psixik va fiziologik alomatlari rivojida ko‘rinadi. Narkotik modda iste’mol qilayotgan shaxs asta-sekin psixik jarayonlar faolligini oshiruvchi vositalarsiz xissiy idrok etish layoqatini yo‘qotadi. Achinarlisi, hayot lazzatini giyohvand moddalarsiz tasavvur eta olmay qoladi. Bu esa giyohvandlikka chalingan shaxslarni jinoyat ko‘chasiga boshlaydi.
Tibbiyot qo‘llanmalarida keltirilishicha, qoradori inson organizmiga kirgach, ichaklarga surilib, qorindagi qon aylanish yo‘li bilan jigarga yetib boradi. Natijada jigar xujayralari ta’sirlanib, sirroz kasalligini keltirib chiqaradi. Qoradori qayta-qayta iste’mol qilinishi oqibatida jigar sirrozi kuchayib boradi. Jigar kichrayib, qotib qolgach, faoliyati susayadi. Uning xujayralari atrofida yog‘lar cho‘kib qoladi. Giyohvand moddalarning oqsillari xalaqit bergani uchun yig‘ilib qolgan za¬rarli moddalar qon aylanishi bilan markaziy asab tizimiga qadar yetib boradi. Asab xujayralari ishdan chiqib, yaroqsiz holatga kelgach, bemorning ko‘rish, eshitish, hid bilish, fikr yuritish, issiq-sovuqni, qattiq-yumshoqni, shirin-achchiqni sezish qobiliyati yo‘qoladi.
Inson uchun eng bebaho boylik – bu sog‘lik-salomatlikdir. Uni asrash esa har birimizga omonat qilib berilgan. Islom dinida ham inson joni, aqli va sihat-salomatligini saqlash, muhofaza etish eng muhim maqsadlardan bo‘lib hisoblanadi. Giyohvand moddalarni iste’mol qilish inson kamolotiga, imon-e’tiqodiga xavf xatar solish bilan bir qatorda mustaqil mamlakatimiz rivojlanishi va taraqqiyotiga ham o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Insonning e’tiqodi kuchli, mustahkam bo‘lishi bilan birga tani, jismi ham sog‘, chiniqqan, har qanday qiyinchilik va mashaqqatlarga bardosh bera oladigan bo‘lmog‘i lozim. Bu haqda Hazrati janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam shunday deydilar:
“Kuchli, baquvvat mo‘min kishi Alloh nazdida kuchsiz mo‘mindan ko‘ra yaxshiroq va sevimliroqdir”. Demak, inson Allohga mahbub bo‘lish yo‘lida sihat-salomatligi va sog‘lig‘iga katta ahamiyat berishi va uni barcha zararli narsalardan, xususan giyohvandlik, bangilik kabi illatlardan saqlamog‘i vojibdir. Zero, Alloh taolo bizlarga O‘zining pokiza ne’matlarini in’om qilib, o‘sha pokiza ne’matlardangina iste’mol qilishga buyurgan: “Ey insonlar! Yerdagi narsalardan pokiza halol holatda yenglar! Va Shaytonning izlariga ergashmanglar! Albatta, u sizlarga ochiq dushmandir”. (Baqara surasi 168-oyat)
Shuning uchun oilada, yoshlarning tarbiyasida hamma vaqt ularni qayerda va kimlar bilan birgalikda bo‘lishlari, nima ish bilan mashg‘ul ekanlari, qanday o‘rtoqlari borligini nazorat qilish juda muhimdir.
Inson hayoti, yosh avlod kelajagiga rahna solishi mumkin bo‘lgan giyohvandlik-bangilikka qarshi kurashish mustaqil yurtimizning har bir fuqarosi, qolaversa, har birimizning muhim vazifalarimizdan bo‘lib hisoblanadi. Zero, jamiyat hayotidagi mavjud har qanday zararli illatni yo‘q qilish va uning oldini olish har birimizning vazifamiz, sharafli burchimizdir.
Surxondaryo viloyat sudi devonxona katta konsultanti Mamatqoriyev Muminjon Mamasharib o‘g‘li
© Oltinsoy tumani hokimligi veb-saytlari 2024