Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
        Odam savdosi - davr muammosi
Qonunlar / 2023-07-27

          O‘zbekiston Respublikasida eng oliy qadriyat inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa tabiiy huquqlari bo‘lib, ularni ta’minlash Konstitutsiya bilan kafolatlanadi.

         O‘zbekiston Respublikasi JK 135-moddasi “Odam savdosi” deb nomlanib, mazkur moddada ushbu toifadagi jinoyatning sodir etish  usuli, turlari va bu jinoyatlar uchun tayinlanadigan jazolar qayd etilgan. Odam savdosi bu- odamni olish-sotish, yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilishda ifodalanadi.Mazkur harakatlarning sodir etilishi jinoiy oqibat yuz bergan-bermaganidan qat’iy nazar jinoyat tugallangan deb topiladi va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

         Odam savdosi, ya’ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilishda ifodalangan qilmishlarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik yuzaga keladi.

Odam savdosi jinoyati millat, davlat va chegara tanlamaydi. Ushbu jinoyat bir davlatning hududida boshlanib, uning oqibatlari boshqa davlatlarning hududida yuz berishi mumkin.

         Oldi-sotdi tariqasidagi odam savdosi odamning bir shaxs tomonidan boshqasiga pul, boshqa moddiy qimmatliklar (mulk), mulkiy xarakterdagi xizmatlar, mulkiy yoki pul shaklidagi qarzdan voz kechish va h.k.lar sifatidagi haq evaziga berilishi to‘g‘risida yozma yoki og‘zaki bitim tuzilishini nazarda tutadi. Bunday ko‘rinishdagi odam savdosida odam qanday maqsadlarda sotib olinganligi (sotilganligi) huquqiy ahamiyat kasb etmaydi.

         Shaxs odamni uning evaziga haq olinganidan so‘ng topshirish sharti bilan sotishga va’da berib, biroq azaldan uning qasdi moddiy qimmatliklarni egallashga qaratilgan va unda bitim shartlarini bajarish niyati bo‘lmagan hollarda uning harakatlari firibgarlik tarkibini tashkil etadi, oluvchining harakatlari esa sotib olish tariqasidagi odam savdosiga suiqasd sifatida baholanadi.

         Odam mehnati va xizmatlaridan mehnat, fuqarolik qonunchiligi normalariga muvofiq (masalan, qurilish yoki maishiy pudrat, haq evaziga xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchi va yuk tashish, transport ekspeditsiyasi va h.k. shartnomalar bo‘yicha) foydalanilgan barcha hollarda odam ekspluatatsiyasi mavjud bo‘lmaydi. Bunday huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmaslik bilan bog‘liq nizolar fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida hal etiladi.

         Odamni ekspluatatsiya qilish boshqa shaxslar fohishabozligidan foydalanish yoki boshqa ko‘rinishdagi shahvoniy ekspluatatsiyani, majburiy mehnat yoki xizmatlar, qullik yoki qullikka o‘xshash odatlar, erksizlik holati yoki odam a’zolari yoki to‘qimalari olinishini anglatadi.

         Fohishabozlikdan foydalanish deganda, odamdan uning haq evaziga nomuayyan doiradagi jinsiy sheriklar bilan shahvoniy munosabatlarga kirishishidan muttasil foydalanish tushuniladi. Boshqa ko‘rinishdagi shahvoniy ekspluatatsiya deganda, odamning undan pornografik tasvirlar tayyorlash, buzuq harakatlar sodir etish va h.k. maqsadlarda foydalanish uchun berilishi tushuniladi.

         Majburiy mehnat biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlashni anglatadi. Harbiy yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonunlar asosida, favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan, qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi.

         Qullik – o‘ziga nisbatan mulk huquqiga xos ayrim yoki barcha huquqlar amalga oshirilayotgan shaxs ahvoli yoki holatini anglatadi.

         Erksizlik holati – shaxsning muayyan omillar majmui ta’siri ostida o‘z erkiga xilof ravishda har qanday ish yoki xizmatni bajarishga majbur bo‘lganligini anglatadi.

         Yollash deganda ekspluatatsiya qilish maqsadida odamni biror bir faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb etishga qaratilgan faoliyat (ekspluatatsiya ob’ektini qidirish, to‘plash, u bilan muzokara yuritish va h.k) tushuniladi;

         tashish – shaxsni olish-sotish bitimi tuziladigan (ijro etiladigan), boshqa shaxsga topshiriladigan joyga yoki undan ekspluatatsiya maqsadida foydalaniladigan joyga yetkazib berish (transportda tashish)ni anglatadi. Bunda yetkazib beriladigan shaxs odam savdosini amalga oshirish uchun mo‘ljallanganligi tashuvchiga oldindan ma’lum bo‘lishi lozim.

 

 

 

 Jinoyat ishlari bo‘yicha

 Oltinsoy tuman sudining raisi                                                 K.Nazarov

Izoh qoldirish

Ro‘yxatdan o‘tish
  • Hozir saytda
  • 6 ta foydalanuvchi hozir saytda
So‘rov o‘tkazish
Sayt haqida firingiz?