Ayollar sodir etadigan jinoiy xatti-harakatlar erkaklar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlardan farq qiladi. Shu bois ayollar jinoyati tarqalishining miqyosi, tabiati va oqibati, sodir etish usuli va jinoyat qurolini ma’lum bir vaziyatlarda qo‘llanishi, jinoyat sodir etilishida ishtirok etishdagi o‘rni, jinoyat qurbonini tanlash, maishiy turmush sharoiti kabilarga kriminologiyada alohida e’tibor qaratilgan holda tadqiqot ishlari olib boriladi va zarur tavsiyalar beriladi. Ayollarga xos bo‘lgan jinoyatlar sodir etilishining sabablarini bilish, avvalo, ularning ijtimoiy taraqqiyotda tutgan o‘rni, vazifalari, biologik va psixologik xususiyatlarini bilishni taqozo etadi. Hech shubha yo‘qki, ayollarning jamiyatda tutgan o‘rni, turmush tarzi davriy o‘zgarishlarga uchrab turadi. Bu esa, o‘z navbatida, ularning shaxsiy sifatlarini ham o‘zgarib turishiga ta’sir etadi. Binobarin, ayollarga xos bo‘lgan jinoyatlarning sodir etilishi ijtimoiy hayot ta’sirida ham shaklan, ham mazmunan o‘zgarib boradi. Hozirgi kunda ayollar sodir etayotgan jinoyatlarga kriminologiya nuqtai nazaridan yondashilsa, ularning sodir etilishida bir qator sabablar mavjudligi oydinlashadi. Masalan, bugungi kunda ayollar tomonidan sodir etiladigan o‘zgalar mulkini o‘g‘irlash ayollar sodir etayotgan umumiy jinoyatlarning 19 foizini tashkil etmoqda. Shuningdek, ular tomonidan sodir etilgan umumiy jinoyatlar tarkibida o‘g‘rilik 8 foizni, xizmat mavqeini suiiste’mol qilish orqali o‘zlashtirish 11-13 foizni, spirtli ichimliklarni g‘ayriqonuniy tayyorlash va sotish hamda narkotik vositalar bilan bog‘liq jinoyatlardagi ishtirokchilik 3-5 foizni tashkil etayotganini ko‘rish mumkin. Ayollar tomonidan o‘zgalar mulkini talonchilik, bosqinchilik, firibgarlik va ko‘p miqdorda o‘zlashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar nisbatan kam uchraydi. Ammo sanab o‘tilgan jinoyatlarning sodir etilishida ayollarning ishtirok etishi oshganligini ko‘rish mumkin. Mulkni talon-toroj qilish ko‘p hollarda ularning mulk bilan bog‘liq vazifalarni bajarishlarida yuzaga keladi. Sodir etilishining hududiy miqyosi bo‘yicha baholansa, shaharlarda sodir etilgan barcha jinoyatlarning uchdan ikkisini tashkil etadi. Qishloq joylarda esa bu ko‘rsatkich nisbatan kam. Mansabni suiiste’mol qilish jinoyatlarining tahlilidan ma’lum bo‘ladi-ki, muqaddam bu yo‘nalishda, aytaylik pora olish-berishda ayollarning ishtiroki ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, hozirda ko‘pchilik ayollar aynan pora olish jinoyati bilan ayblanmoqda. Bu ayollarning ijtimoiy hayotdagi faolligi oqibatidir. Hozirgi kunda sud-huquq, tergov sohalarida ham ayollar ko‘proq xizmat qilmoqdalar. Nima bo‘lganda ham mansab bilan bog‘liq jinoyatlarning ayollar tomonidan sodir etilishi sezilarli darajada oshgan. Ayniqsa, bu holat tijorat-bank ishlarini tashkil etish yo‘nalishlarida ko‘proq kuzatilmoqda. Keyingi yillar davomida ayollar tomonidan o‘zgalar mulkini o‘g‘irlash jinoyatlari oshib borishi kuzatilmoqda. Fuqarolarning shaxsiy mulklari hamda xususiy mulkni o‘g‘irlash ayollar tomonidan sodir etilishi achinarli holdir. Boshqacha aytganda har besh jinoyatdan birida ayollar o‘g‘rilik sodir etgan. Davlat va jamiyat mulkiga tajovuz qilishda ayollar ishtiroki turli yillarda
5-8 foizga o‘sgan. Aytib o‘tilganidek, o‘g‘rilik jinoyatlarini aksariyati ayollar tomonidan shaharlarda sodir etilgan. Yana bir e’tiborli tomoni shundaki, o‘g‘rilik sodir etgan ayollar (darbadarlarni ham hisobga olganda) muqaddam sudlangan shaxslardir. Ayollarga ko‘p hollarda temir yo‘l transportlari va uy-joylarda o‘g‘rilik qilish xosdir. Shu bilan birga, kissavurlik jinoyatlari amalga oshirilishida ayollar ko‘pincha ishtirokchi sifatida jinoyatga qo‘shiladilar. Keyingi paytlarda ayollarning turli uyushgan guruhlar tarkibiga kirish hollari ham ko‘plab kuzatilmoqda. Uy-joylarda o‘g‘rilik sodir etilishida ular asosan yo‘naltiruvchi, razvedka ishlarini bajaruvchi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bajaruvchi vazifasini ham amalga oshiradilar. Ayollar tomonidan qasddan va kuch ishlatish orqali sodir etiladigan jinoyatlar ham oshganligini ta’kidlash joiz. Jinoyatchi ayollar safida 1 foizga yaqinlari odam o‘ldirish va suiqasd jinoyatlarini sodir etganlar, yana
1 foizi tan jarohati yetkazish, 3 foiz jinoyatlarda ayollar talonchilik, bosqinchilik sodir etganliklari aniqlangan. Agar umumiy jinoyatlar miqdoridan kelib chiqadigan bo‘lsak, qotillik jinoyatlarining
7-8 foizi ayollarga to‘g‘ri keladi va ajablanarlisi shundaki, bu ko‘rsatkichning oshmaganligi hamda bir xil turganini ko‘rish mumkin. Og‘ir tan jarohati yetkazish 5-7 foizga, bosqinchilik va talonchilik
16-18 foizga oshgan. Jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tash chog‘ida ham ayollar tomonidan jinoyat sodir etilishi uchrab turadi. Masalan, jinoyatlarning kuch ishlatib sodir etilishi har 4 ayoldan biriga to‘g‘ri keladi. Jinoyat qonunchiligida faqat ayollarga xos bo‘lgan, ya’ni tug‘ilgan go‘dakni o‘ldirish jinoyati oxirgi yillarda oshib borayotganligini kuzatish mumkin. Taassufki, bu jinoyatga ko‘p hollarda turmushga chiqmagan ayollar qo‘l urmoqda, ularning aksariyati o‘ziga to‘q oilalarda uchramoqda. Bu jinoyatlarning ro‘y berishida erkak aybdor bo‘ladi, biroq ular bilan bog‘liq bu holat ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi. Bunday erkaklar ayollarga xushtor yoki qonunsiz birga yashayotgan shaxslar bo‘ladi. Yosh jihatidan ayollarning ko‘p jinoyat sodir etishi asosan o‘tish yoshlilarga 40 foizi to‘g‘ri keladi. Bu umumiy holat, biroq bu ko‘rsatkich boshqa yoshdagi ayollar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning oshishi yoki kamayishi bilan o‘zgarib turadi. Ta’kidlash joizki, demografik nuqtai nazardan aynan 30-40 yoshli ayollarning ko‘pchiligida oila to‘liq yoki qisman (ota-onalardan birining yoki bolalarning yo‘qligi) buzilgan bo‘ladi. Yana bir jihati, ushbu yoshdagi ayollarning ko‘pchiligi ijtimoiy faol va foydali mehnat bilan band bo‘ladilar. Aksariyat hollarda shu yoshdagi ayollar rahbarlik yoki boshqa mas’uliyatli vazifalarni bajaradilar. Shu bois ular ishlab chiqarishdagi mavjud muhitdan jinoiy maqsadlarda foydalanib, mulkni o‘zlashtirish yoki mansabini suiiste’mol qilish jinoyatlarini sodir etadilar. Aksariyat ayollar jinoyat sodir etgan vaqtlarida turmush qurgan va oilali bo‘ladilar. Jazoni o‘tash jarayonida ko‘pchilik ayollar o‘z oilalarini saqlab qolishga harakat qiladilar. Zero, bunda erkaklarga nisbatan ayollarda turli omillarning ta’siri ko‘pligini ko‘rish mumkin. Ayol jinoyatchilarning shaxsiga xos bo‘lgan yana bir holat, ularning ko‘pchiligi oliy yoki maxsus o‘quv yurtlarini tugatgan mutaxassislardir. Shuning uchun ham bu toifadagi ayollarga, yuqorida aytib o‘tilganidek, asosan xo‘jalik yoki mansab bilan bog‘liq jinoyatlar xos. Biroq 44 foiz ayollar jinoyat sodir etish vaqtida muqim kasbga ega bo‘lmaganlar. Bundan uy bekasi bo‘lgan ayollar mustasno ekanligiga ham e’tiborga olish lozim. Jismoniy holatlariga ko‘ra, jinoyatchi ayollarning salomatliklari ham turlicha bo‘lib, erkaklarnikidan farq qiladi. Tadqiqotlarimizning ko‘rsatishicha, 25 foiz mahkuma ayollarda turli darajadagi ruhiy chekinishlar mavjud. Bu asosan ichkilikbozlik, giyohvandlik, ruhiyatning buzilishi oqibatidagi xastalik, bosh miya jarohatlari natijasida yuzaga kelgan turli ruhiy xastaliklarning natijasidir. Afsuski, bunday anomal (me’yorida bo‘lmagan) ruhiy holatlar voyaga yetmagan qizlarda ko‘proq uchramoqda, shuningdek, ularning aksariyatida jinsiy xastaliklar ham qayd etilgan. Zotan, har yuz nafar mahkuma qizlardan ikkitasida zaxm, so‘zak kabi og‘ir yuqumli xastaliklar aniqlangan. Psixologiya nuqtai nazaridan qaralganda, ko‘pchilik ayollarda profilaktik chora-tadbirlarni o‘tkazishga zid bo‘lgan salbiy xislatlar mavjudligi aniqlanmagan. Shuning uchun ham erkaklarga nisbatan ayollar o‘rtasida jinoyat yo‘liga kirmasdan avval zarur profilaktika ishlarini olib borish kutilgan natijani berishi mumkin. Bu residivist ayollarga taalluqli emas, albatta. Bu toifadagi jinoyatchilarga ilk profilaktik chora-tadbirlarni emas, balki maxsus profilaktik chora-tadbirlarni qo‘llash talab etiladi. Ma’lumki, ayollarga xos bo‘lgan yana bir xususiyat o‘zligini namoyish etishdir. Shuning uchun ayollar doimo atrofidagilar ularga baho berishlarini xush ko‘radilar. Jinoyatchi ayollar ham bundan mustasno emas. O‘z shaxsiyatini ustun qo‘yish qaysidir darajada har bir shaxsga xosdir. Biroq, o‘zbilarmonlik va o‘ziga bino qo‘yish jinoyatchi ayollarning turmush tarziga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Jinoyatchi ayollar, boshqa ayollar kabi qat’iy, shu bilan birga, tezda arazlash, ruhan tushkunlikka tushish xususiyatlariga egadirlar. Bu esa ularning jinoyat yo‘liga kirishlarida muhim o‘rin tutadi. Ya’ni ruhiy tushkunlikka tushgan ayol har qanday g‘ayriqonuniy ishlarni amalga oshirishga moyil bo‘ladi. Ayollarni tushkunlik holatidan chiqarishga yordam beruvchi omillarni inobatga olgan holda profilaktika ishlarini olib borish ijobiy natijalarni berishi mumkin.
Maqolani yozishda internet ma’lumotlaridan foydalanildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov
hay’ati sudya katta yordamchisi J.Mamataliev
© Oltinsoy tumani hokimligi veb-saytlari 2025