Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
Giyohvandlik asr vabosi
Qonunlar / 2024-05-06

 

Giyohvandlik bu asr vabosi. Inson uchun esa eng bebaho boylik – bu sog'lik-salomatlikdir. Uni asrash esa har birimizga omonat qilib berilgan. Islom dinida ham inson joni, aqli va sihat-salomatligini saqlash, muhofaza etish eng muhim maqsadlardan bo'lib hisoblanadi.
Hozirgi kunda sudlar tomonidan ushbu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning harakatini kvalifikatsiya qilishda bir qancha xato-kamchiliklar yuzaga kelmoqda.
Xususan, jinoyat ishlari bo'yicha Uzun tuman tuman sudining 2023 yil 24 noyabrdagi hukmiga ko'ra, M.S.B.ga nisbatan O'zbekiston Respublikasi JK 25,273-moddasining 5-qismi bilan JKning 57-moddasini qo'llab 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi, JKning 60, 61-moddalariga qisman qo'shish yo'li bilan uzil-kesil 6 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Sudning hukmiga ko'ra, M.S.B. 2023 yil 3 sentyabrь kuni soat 13:30 larda IIB xodimlari tomonidan Uzun tuman markaziy shifoxonasi ma'muriy binosining orqa tomonida fuqaro X.B. tegishli “Spark” rusumli avtomashinaning orqa o'rindig'ida o'tirgan paytda shubhali harakatlari sababli, egnida bo'lgan kiyimlari shaxsiy tintuv qilinganda, ko'k rangli jinsi shimining orqa chap tomon cho'ntagida bir dona “Kent” nomli sigaret qutisining ichida oq qog'ozga va alohida ikki dona qora sellofan paketga o'ralib, kelgusida o'tkazish uchun maxsus o'lchamlarda qadoqlangan umumiy og'irligi 1,68 gramm “geroin” giyohvandlik vositasini saqlab kelganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan.
Sudlangan M.S.B. keltirgan shikoyatida aybiga qisman iqrorligi va pushaymonligini bildirgan holda, o'zi narkomaniya bilan kasallanganligi sababli doimiy ravishda giyohvandlik vositalari iste'mol qilib kelishi, giyohvandlik vositalarini o'zi iste'mol qilishi uchun yonida saqlab kelganligi, o'tkazish yoki sotish maqsadi bo'lmaganligi, shu sababli qilmishini O'zbekiston Respublikasi JK 25,273-moddasining 5-qismidan JK 276-moddasi 2-qismi “b” bandiga qayta kvalifikatsiya qilishni so'ragan.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017 yil
28 apreldagi “Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga oid jinoyat ishlari bo'yicha sud amaliyoti to'g'risida”gi 12-sonli qarorining 6-bandida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda saqlash deganda, shaxsning bunday vosita va moddalarga qonunga zid ravishda egalik qilishi (shu jumladan shaxsan iste'moli) bilan bog'liq qasddan sodir etilgan harakatlari (yonida, binoda, maxfiy yer va boshqa joylarda saqlashi) tushunilishi lozimligi, bunda shaxs qancha vaqt davomida giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda saqlaganligi ahamiyat kasb etmasligi;
25-bandida aybdorda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda o'tkazishga (JK 273-moddasi birinchi, ikkinchi, uchinchi, beshinchi qismlari) qasd mavjudligi to'g'risidagi masalani hal etishda, sudlar bunday vosita yoki moddalar haqiqatdan o'tkazish maqsadida tayyorlab qo'yilganligiga oid dalillar majmuidan kelib chiqishlari lozimligi, bunday dalillarga, masalan, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar faqat iste'mol qilinishini istisno etadigan miqdorda topilganligi, bunday vosita yoki moddalar muayyan dozada (o'lchamda) qadoqlanganligi, ular tashish yoki jo'natishda maxsus maxfiy joyga yashirilganligi, ularni tayyorlash uchun asbob-uskunalar mavjudligi, ekspertizaning aybdor giyohvand emasligi to'g'risidagi xulosasi va h.k.lar kirishi haqida tushuntirishlar berilgan.
Shu asoslarga ko'ra, Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo'yicha kassatsiya instantsiyasi 2024 yil 18 aprelь kunidagi ajrimi bilan sud hukmini o'zgartirilib, M.S.B.ning jinoiy harakati O'zbekiston Respublikasi JK 25,273-moddasining 5-qismidan JK 276-moddasi
2-qismining “b” bandiga qayta kvalifikatsiya qilinib, JKning 60, 61-moddalariga asosan unga uzil-kesil 4 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki, giyohvandlik og'ir illat. Ushbu illatga qarshi kurashishimizda barchamiz ma'sulmiz. Odil sudlovni amalga oshirish jarayonida ushbu turdagi jinoyat codir etgan shaxslarning harakatiga huquqiy baho berish ham muhim omil sanaladi.
Zero, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasi 4-qismida, davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo'llaniladigan huquqiy ta'sir choralari mutanosiblik printsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo'lishi kerakligi;
O'zbekiston Respublikasi JKning 7-moddasida, jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan u axloqan tuzatilishi va yangi jinoyat sodir etishining oldini olish uchun zarur hamda yetarli bo'ladigan jazo tayinlanishi yoki boshqa huquqiy ta'sir chorasi qo'llanishi kerakligi;
O'zbekiston Respublikasi JKning 8-moddasida, jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan qo'llaniladigan jazo yoki boshqa huquqiy ta'sir chorasi odilona bo'lishi, ya'ni jinoyatning og'ir-engilligiga, aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq bo'lishi kerakligi;
Ushbu Kodeksning 54-moddasida, sud jazo tayinlashda sodir etilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, qilmishning sababini, yetkazilgan zararning xususiyati va miqdorini, aybdorning shaxsni hamda jazoni yengillashtiruvchi va og'irlashtiruvchi holatlarni hisobga olishi lozimligi qayd qilingan.

 


Surxondaryo viloyat sudi
sudya katta yordamchisi B.Normurodov

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
5 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?