O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 21 dekabrdagi “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-269-son Farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan Vazirlar Mahkamasi a’zosi bo‘lgan ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining Vazirlar Mahkamasining tarkibiy tuzilmalaridan mustaqil ravishda Bosh vazir bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashi tizimi joriy etiladi.
Endlikda Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi tuzilmasida iqtisodiyot va ijtimoiy sohalar bo‘yicha kotibiyatlar, departamentlar va ular huzuridagi bo‘limlar, shuningdek, Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi, Harbiylashtirilgan tuzilmalar faoliyatini moliyaviy va moddiy-texnik ta’minlash bo‘limi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘limi rasman tugatildi.
Farmonga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan mustaqil faoliyat yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining soni 61 tadan 28 tagacha, shu jumladan vazirliklar soni 25 tadan 21 tagacha qisqartiriladi.
Shuningdek, Farmonga ko‘ra, 2023 yil 1 yanvardan 12 ta davlat boshqaruvi organlari faoliyati tugatilib, vazifa va funksiyalari tegishli vazirlik va idoralarga o‘tkaziladi va 24 ta davlat boshqaruvi organining tashkiliy bo‘ysunuvi o‘zgaradi.
Hukumatda amaldagi 8 nafar Bosh vazir o‘rinbosari va 3 nafar Bosh vazir maslahatchisi lavozimlaridan faqat 4 nafar Bosh vazir o‘rinbosari qoldirilmoqda.
Bosh vazir o‘rinbosari bir vaqtning o‘zida vazir yoki boshqa rahbarlik lavozimini egallamaydi hamda vazirliklar va boshqa davlat idoralari faoliyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarmaydi.
Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasida amaldagi 269 ta shtatdan 120 tasi qoladi. Vazirlar Mahkamasi apparati tugatilmoqda.
Uning o‘rniga Hukumat rahbari faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan ta’minlaydigan Bosh vazir kotibiyati tashkil qilinmoqda.
Farmoniga muvofiq, shuningdek, vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil qilishga yo‘naltirilgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni belgilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-14-son Farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon bilan jami 17 447 ta boshqaruv va ishlab chiqarish shtat birliklari qisqartirilmoqda. Shu jumladan, vazirlik va idoralar rahbarlari o‘rinbosarlari soni 207 nafardan 144 nafargacha (-63) yoki 30 foizga kamaytirilmoqda.
Shuningdek, dastlabki hisob-kitoblarga muvofiq, 703 ta avtotransport vositasi va 10 ta bino ham bo‘shamoqda.
Vazirlik va idoralarda xodimlarning umumiy cheklangan soni 56 573 nafar etib belgilanmoqda. Nobudjet mablag‘lardan qo‘shimcha boshqaruv shtatlarni kiritish qat’iy taqiqlanmoqda.
Har bir vazirlik va idora o‘z faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkillashtiradi. Buning uchun 16 ta yo‘nalish bo‘yicha aniq takliflarni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston prezidentining hujjati loyihasini kiritadi.
Takliflarda quyidagi masalalar o‘rin oladi:
sohalarda hal qilinishi lozim bo‘lgan masalalarga yechim topishga yo‘naltirilgan tashkiliy-huquqiy va moliyaviy chora-tadbirlar, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, fuqarolarning tizimli muammolarini hal etish;
budjet mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanish, davlat xaridlari shaffofligini oshirish;
tadbirkorlik sub’ektlari uchun teng imkoniyatlar yaratish orqali davlat xaridlari jarayonida raqobatni rivojlantirish;
tegishli sohalarda davlat-xususiy sheriklik va autsorsing mexanizmlarini keng joriy qilish;
2023 yildan boshlab vazirlik va idoralar hamda ularning tizim tashkilotlarining ayrim funksiyalarini bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish;
tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish hamda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish;
vazirlik va idoralarda hamda ular tarkibiga kiradigan tashkilotlar kesimida korrupsiya avj olgan sohalarda uning rivojlanish sabablari va shartlarini o‘rganish asosida ushbu sohalarning har biriga “tashxis qo‘yish” hamda korrupsiya omillarini bartaraf etish;
sohaga AKTni keng joriy etish, shu jumladan vazirlik va idoralarning ish jarayonini raqamlashtirish;
energiyani tejash, uning samaradorligini oshirish va sohaga qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng jalb qilish.
Farmon bilan vazirlik va idoralarning yagona ro‘yxati tasdiqlanmoqda. Unga ko‘ra, hukumatga bo‘ysunadigan mustaqil vazirlik va idoralar soni jami 26 ta etib belgilanmoqda. Ular tarkibiga kirgan barcha qo‘mitalar, agentliklar va inspeksiyalar bilan birga jami 69 taga teng.
Shundan:
vazirliklar – 21 ta;
qo‘mitalar – 12 ta, shundan 2 tasi mustaqil maqomga ega;
agentliklar – 25 ta, shundan 3 tasi mustaqil maqomga ega;
inspeksiyalar – 11 ta.
Shuningdek, vazirlik va idoralarning o‘zbek va rus tillaridagi qisqartma nomlari tasdiqlanib, ularni yig‘ilish va videoselektor bayonlari, xizmat yozishmalari, tahliliy materiallarda ko‘rsatish mumkin bo‘ladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Oltinsoy tuman sudining raisi
K.Nazarov
© Oltinsoy tumani hokimligi veb-saytlari 2025