Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
SOLIQ IMTIYOZLARI BERILDI
Rahbar chiqishlari / 2023-02-08

Iqtisodiy barqarorlikka erishish yo‘lidagi eng muhim ustuvor vazifalardan biri, shubhasiz, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga teng raqobat muhitini yaratishdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq 2023-yil 1-yanvardan Respublikaning 208 ta tuman va shaharlari ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitdan kelib chiqib 5 ta toifaga ajratildi. Xususan viloyatimizning Bandixon, Qiziriq va Oltinsoy tumanlari 5-toifaga, Boysun, Muzrabot, Uzun, Sherobod va Sho‘rchi tumanlari 4-toifaga kiritildi va ularga quyidagi soliq imtiyozlari berildi.

2023-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvarga qadar:

- 5-toifadagi tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik subyektlari:

foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq (AOS) va ijtimoiy soliqni 1% (YaTTlar JSHODSning qat’iy belgilangan summalarini to‘lashdan ozod qilinadi);

yuridik shaxslar mol-mulk va yer solig‘ini mazkur soliqlar bo‘yicha hisoblangan summani 1 foizi miqdorida to‘laydi;

- 4-toifadagi tumanlarda ro‘yxatdan o‘tgan va shu hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlik subyektlari uchun AOSning bazaviy soliq stavkasi 3% etib belgilandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga:

- 4-toifadagi tumanlar bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk va yer solig‘iga Soliq kodeksi bilan belgilangan eng kam qiymatlarga 0,3 gacha;

-YaTTlar uchun qat’iy belgilangan miqdordagi JSHODS bo‘yicha 0,5 gacha kamaytiruvchi koeffitsiyent kiritish huquqi berildi.

Yurtboshimiz farmoniga asosan Oltinsoy tumanida 5-toifa bo‘yicha joriy yilda o‘rtacha 8 754,0 mln so‘m miqdorida soliq imtiyozlari qo‘llanilishi kutilmoqda.

Soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra 2023-yil 1-yanvardan QQS stavkasi 15% dan 12% ga tushirildi. 4% dan 25% gacha bo‘lgan AOSning yagona 4% lik stavkasi o‘rnatildi. Bunda ayrim soliq to‘lovchilar uchun 1-3% lik stavkalar saqlab qolindi.

Shuningdek, 2023-yil 1-yanvardan boshlab aylanmadan olinadigan soliqni qat’iy belgilangan summada to‘lash tartibi joriy etildi.

Bunda soliq to‘lovchilarga jami daromadi 500 mln so‘mdan oshmaganda yiliga 20 mln so‘mlik, jami daromad 500 mln so‘mdan oshganda esa yiliga 30 mln so‘mlik qat’iy belgilangan summada soliq to‘lashni tanlash huquqi berildi. Ahamiyatli jihati, qat’iy belgilangan summadagi soliqning soliq to‘lovchisidan dividendlar tarzidagi olingan daromadlariga soliq solinmaydi. Shuningdek, qat’iy belgilangan summadagi soliqning soliq to‘lovchisi mazkur soliq bo‘yicha va dividendlari tarzidagi daromadlarga taalluqli qism bo‘yicha soliq hisobotlarini taqdim etish majburiyatidan ozod qilinadi. Ma’lumot uchun, joriy yilning dastlabki oyida tumanimizdagi 83 nafar AOS to‘lovchilar qat’iy belgilangan summadagi soliqni to‘lashga o‘tdilar.

Ta’kidlash joizki, norasmiy bandlik ulushini qisqartirishda o‘zini o‘zi band qilish muhim o‘rin tutmoqda. Bugungi kunda tumanimizda o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar 6 049 nafar bo‘lib, 2023-yilning yanvar oyida 780 nafar vohadoshlarimiz o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tdi.

O‘tgan yanvar oyida “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tumanimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning huzuriga borgan holda 42 ta muammolari o‘rganilib, ushbu muammolarning 38 tasi soliq organlari xodimlari ko‘magida hal etildi va 4 ta masala yuzasidan tushuntirishlar berildi. Jumladan 16 nafar tadbirkorlarga dastlabki buxgalteriyasini yuritishda ko‘maklashilib, 22 nafar tadbirkorlarga “E-imtiyoz”, “E-ijara” hamda “E-aktiv” avtomatlashtirilgan axborot tizimlaridan foydalanish tartiblari tushuntirildi.

“Havo harorati keskin sovib ketishining iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish uchun tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorining qabul qilinishi tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

   Qarorga ko‘ra:

- tadbirkorlarning 2023-yil 1-yanvarga nisbatan 1-fevral holatiga oshgan (hosil bo‘lgan) soliq qarzini 2023-yil 1-martdan 1-iyulgacha foizlarsiz, qo‘shimcha shartlar qo‘ymasdan va ta’minot talab etmasdan teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi;

- tadbirkorlarning soliq qarziga penya hisoblash 2023-yil 1-aprelgacha to‘xtatiladi.

- tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun xo‘jalik yurituvchi subyektlarga 2023-yil 1-aprelgacha jarimalar qo‘llanilmaydi.

   Shuningdek, tadbirkorlar 2022-yil dekabr va 2023-yil yanvar-fevral oylarida davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlarini 2023-yil 1-martdan 1-iyulgacha teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lashi mumkin.

 

Boymirzaev Ravshan Mirzalievich  Oltinsoy tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
19 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?