Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
TUMAN HOKIMI BAHROM MAXMATRAYEMOVNING “9 MAY – XOTIRA VA QADRLASH KUNI” UMUMXALQ BAYRAMI MUNOSABATI BILAN TABRIGI
Rahbar chiqishlari / 2023-05-09

Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar, qadrli ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari!
Men barchalaringizni va butun tumanimiz ahlini “9 May - Xotira va qadrlash kuni” umumxalq bayrami bilan muborakbod etaman.
Aziz do‘stlar!
Inson qalbida shunday dorilomon kunlarda yashashga bo‘lgan ishtiyoq avj olgan bir paytda tarix zarvaraqlariga nazar tashlasak, tinchlik, baxt va saodatli kunlar uchun jon olib, jon berib kurashgan xalqimizning chinakam matonati va jasoratini eslab o‘tish hammamiz uchun ham qarz, ham farzdir.
Ikkinchi jahon urushida minglab oltinsoylik jangchilar ham jasorat va matonat namunasini ko‘rsatdi. Fidoyi xalqimiz front ortida ham samarali mehnat qildi.
Yaqin o‘tmishning og‘ir sinovlarida janggohlarda jon olib, jon bergan va yorug‘ kelajak yo‘lida jasorat ko‘rsatgan yurtdoshlarimizning hayot yo‘li, pok xotirasi yosh avlodni yuksak vatanparvarlik, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda ulkan ahamiyat kasb etadi.
Qadrli yurtdoshlar!
9 May — yurtimizda «Xotira va qadrlash kuni» umumxalq bayrami sifatida belgilangan. Otalar jasorati mangu unutilmaydi. Vatanni sevish va qadrlashni qahramonlar ajdodlarimizning shonli hayot yo‘li misolida o‘rganib boraveramiz.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Farmoni bilan har yili bayram arafasida 2-jahon urushi qatnashchilarining rag‘batlantirilayotganligi barchani quvontiradi. Bunday e’zoz va ehtirom faxriylar ruhini ko‘tardi, ko‘nglini shodlantirdi.
Aziz oltinsoyliklar!
Takror aytganda, ushbu umumxalq bayrami xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishda milliy urf-odatlarimiz va ularning zamirida mujassam bo‘lgan mehr-oqibat, insonni ulug‘lash, tinch va osoyishta hayot, do‘stlik va totuvlikni qadrlash kabi ibratli qadriyatlarimiz yangicha ma’no-mazmunda hayotimizda muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidlash lozim.
Bobolarimizning nafaqat vatanparvarlik, xalqparvarlik xislatlarini e’tirof etishimiz, shu bilan birga tinchligimizni asrab-avaylashga, mustaqilligimizni mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shgan, mashaqqatli damlarda ham o‘zligini yo‘qotmay, millat taraqqiyoti yo‘lida jonbozlik ko‘rsatgan insonlarni hayotligida e’zozlab, hurmat ko‘rsatish har birimizning muqaddas burchimizdir.
Ularning og‘irini yengil qilish, maslahatlariga quloq tutib, duosini olish, ibratli hayot yo‘lini yoshlarimiz o‘rtasida keng targ‘ib etish ham mas’uliyatli vazifamiz sanaladi.
Bugungi kunda tumanimizda farovon hayotdan rozi bo‘lib, keksalik gashtini surayotgan II-jahon urushi qatnashchisi Xoliq bobo Abdurayimov va o‘nlab front ortida mehnat qilgan nuroniylarimizning qadriga yetib, ularning sog‘ligini mustahkamlash uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratib berilayapti.
Hurmatli urush va mehnat faxriylari!
9 may — Xotira va Qadrlash kuni umumxalq bayrami bilan Siz azizlarni samimiy qutlayman. Xonadonlaringizga tinchlik, xotirjamlik va qut-baraka tilayman. Yurtimiz baxtiga doimo sog‘, omon bo‘ling!

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
11 ta foydalanuvchi hozir saytda
Sayt haqida firingiz?