Bugun, 14 dekabr kuni Oltinsoy tumani “Bo‘ston “ mahallasida joylashgan 13-IDUM 1 “B”-sinf o‘quvchilarining “Alifbe” bayrami bo‘lib o‘tdi. Maktabning majlislar zali “Alifbe” kitobidagi mavjud turli xil harflar bilan bezatilgan.Farzandlarining “Savodxonlik bayrami” ga tashrif buyurgan ota-onalar hammasi bir xil chiroyli liboslar kiygan o‘g‘il-qizlarini ko‘rib ko‘zlari quvonchdan porlamoqda.
“Alifbe” bayrami tadbirida maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Sayyora Umarova so‘zga chiqib, “Alifbe” kitobini o‘qib savod chiqargan bolajonlarni bayram bilan qutladi.
“Savodxonlik” tadbirini olib borgan sinf rahbari Matluba Toshpo‘latova o‘zining jajji o‘g‘il-qizlari bilan bayramga puxta tayyorgarlik ko‘rdi.
—20 nafar o‘quvchilarimning hammasi barcha harflarni o‘zlashtirib oldi. Vatan, ota-ona , O‘zbekiston, Qomus so‘zlarini hamda o‘zlarining ism-shariflarini chiroyli husnixatda hech qiynalmasdan yoza olishadi,—deydi quvonch bilan bolajonlarning birinchi ustozi Matluba Toshpo‘latova.— Harf lar asosida chiroyli she’rlar yod olgan o‘g‘il-qizlarimning tillari ham biyron. Ular har bir harfga ta’rif berib, ularga mos va xos she’rlarni ham yod olishgan.
Haqiqatan ham 1-sinf o‘quvchilari Nurmuhammad Ramazonov “O‘zbegim”, Zilola Eshqobilova , Salimjon Omondavlatov, Dilnoza Turdieva, Ruqiyabonu Aliboeva, Sevinch Rashidova, Abdulhay Himmatov, Aziza Yo‘ldoshevalar qomusimiz, yurtimiz, bayrog‘imiz, ustozlar haqidagi she’rlarni yoddan aytib, tadbir ishtirokchilari olqishiga sazovor bo‘lishdi.
Tadbirda 1-sinf o‘quvchisi Nurmuhammad Ramazonovning dadajonisi Yoqub Choriev 20 nafar bolajonlarga ertak kitoblar sovg‘a qildi. “Alifbe”ni muvaffaqiyatli tugatgan o‘g‘il-qizlar maktab kutubxonachisi Hilola Shamsiddinova hamkorligida tayyorlangan chiroyli raqslar ijro etib, qo‘shiqlar kuylashdi. Tadbir esda qolarli tarzda o‘tdi.
N.TEMIROV,
O.SODIQOV.