Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
BITIRUVCHI YOSHLAR BILAN UCHRASHUV
Tadbirlar / 2023-04-04

Ochiq muloqot 

Bugun 4 aprel kuni Oltinsoy tumanidagi 1-sonli kasb-hunar maktabida tumandagi 1-va 2-sonli kasb-hunar maktablari hamda pedagogika kollejini bitirayotgan yoshlar bilan soha rahbarlarining ochiq muloqot tarzidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uni mazkur ta’lim maskani psixologi Matluba Sultonova olib bordi. 

 

Tadbirda so‘z olgan Oltinsoy tuman hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xayrulla Qosimov, Yoshlar agentligi tuman bo‘limi rahbari Asliddin Xurramov, tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Sharof Xudoyberdiev, 1-sonli kasb-hunar maktabi direktori Abdurasul Toshmurodov, 2-sonli kasb-hunar maktabi direktori o‘rinbosari Chori Shukurov, pedagogika kolleji direktori o‘rinbosari Zikrilla Qodirovlar bitiruvchi yoshlarni Prezidentimiz tomonidan yaratilgan shart-sharoitlar, imkoniyat va imtiyozlar bilan tanishtirishdi hamda oliy o‘quv yurtiga o‘qishga borish, ishga joylashish, tadbirkorlik va boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanish borasida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdilar. 

Tuman hokimi o‘rinbosari Xayrulla Qosimov yoshlarga mustaqil hayot yo‘lida o‘z munosib o‘rinlarini egallashlari borasida tuman rahbariyati doimo eng yaqin maslahatchi va ko‘makchi ekanligini bildirdi va istalgan paytda murojaat qilishlari mumkinligini ta’kidladi.

Yoshlar agentligi tuman bo‘limi rahbari Asliddin Xurramov bitiruvchi yoshlarni mahallalardagi yoshlar yetakchilari bilan mustahkam aloqada bo‘lishlarini, ularning telegram kanaliga a’zo bo‘lib, yoshlar bandligini ta’minlash, iqtidorini ro‘yobga chiqarish borasidagi taklif va yangiliklardan xabardor bo‘lib turishlarini aytib o‘tdi. Shuningdek, yoshlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatiga ko‘mak berish uchun Yoshlar agentligi tomonidan ko‘rsatiladigan ko‘mak, subsidiya, yo‘llanma va imtiyozlar turlari bilan tanishtirdi.

Shundan so‘ng ta’lim maskanlari rahbarlarining ham shu mazmundagi murojaatlaridan keyin, so‘z navbati yoshlarga berildi. Bitiruvchi yoshlar ochiq muloqot chog‘ida o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga rahbarlardan batafsil va jo‘yali javoblar olishdi.

Bitiruvchi Samandar Yo‘ldoshevning o‘z-o‘zini band qilish uchun chorvachilikni rivojlantirishga qancha miqdorda kredit olishi mumkinligi borasida savoliga Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi rahbari Asliddin Xurramov bu maqsadda 30 million so‘mgacha kreditni garovsiz olishi mumkinligini bildirdi. Shu bilan birga Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yoshlarga ko‘rsatiladigan 20 turdagi imtiyozlar bilan bitiruvchilarni tanishtirib o‘tdi. 

Joriy yilda tumandagi 2-kasb-hunar maktabini 130 nafar, 1-kasb-hunar maktabini 173 nafar, pedagogika kollejini esa 93 nafar kunduzgi va 85 nafar sirtqi bo‘lim talabalari bitirishadi.

Shu kuni bitiruvchilar uchun 1-sonli hunar maktabida bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi. Yoshlar kelgusida o‘zlarini qiziqtirgan kasblar va bo‘sh ish o‘rinlar haqida mutaxassislardan atroflicha ma’lumot oldilar.

 

— Yarmarkada bitiruvchi yoshlar uchun 200 ta bo‘sh o‘rinlari taklif etildi, — deydi tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Alimardon Ashurov. — O‘tkazilgan mehnat yarmarkasida 80 nafar yoshlarning bandligi ta’minlandi.

Muloqot davomida yoshlarni o‘ylantirayotgan barcha muammolarga yechim izlandi, yangi g‘oya va tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rildi.

Abdug‘affor ODINAEV.

 

Izoh qoldirish

Ro‘yxatdan o‘tish
  • Hozir saytda
  • 4 ta foydalanuvchi hozir saytda
So‘rov o‘tkazish
Sayt haqida firingiz?