
Ma’lumki kuz-qish faslida boshqa davrlarga nisbatan fuqarolarning isitish moslamalariga bo‘lgan эhtiyoji bir qancha ortadi. Turgan gapki, bunday vaqtda gaz va elektr jihozlaridan ehtiyotsizlik bilan foydalanish oqibatida yong‘in kelib chiqishi xavfi ortadi. Shunday holatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 4-avgust kunidagi 332-sonli qaroriga muvofiq “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasining ijrosini ta’minlash maqsadida Oltinsoy tumani FVB xodimlari tomonidan tuman hududida joylashgan barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarida profilaktika ishlari amalga oshirilib kelinmoqda. Ushbu tadbirdan ko‘zlangan maqsad unib-o‘sib kelayotgan yoshlarni yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilish borasida bilim va ko‘nikmalariga ega bo‘lishini hamda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, shuningdek, bunday vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish kerakligini ta’minlashdan iboratdir. Ushbu tadbirni samarali o‘tkazish borasida Oltinsoy tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan tuman bo‘ylab profilaktik tadbirlar, seminar va davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.
Aziz yurtdoshlar! Sizlardan ushbu tadbirda faol ishtirok etishingizni so‘raymiz.
Oltinsoy tuman FVB P va NB inspektori
katta leytenant J.X.Sa’dullayev