Bugun, 14 oktabr kuni Oltinsoy tumanidagi “Xo'jaipok” sanatoriysida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi tashabbusi bilan Oltinsoy tuman hokimligi hamkorligida 15 oktabr — Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan “Sharq ayoli ma'rifati” mavzusida ma'naviy-ma'rifiy tadbir o'tkazildi.
Targ'ibot tadbirida Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi mas'ul xodimi Pardaxol Norqobilova,“Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zosi, shoira Zulfiya Mo'minova, Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy maqom san'ati markazi xonandasi, “Nihol” mukofoti sohibasi Adolat Ismoilova, psixologiya fanlari doktori, professor Feruza Akramova, Ma'naviyat va ma'rifat markazi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig'i Nargiza Rahmatullayeva, Ma'naviyat va ma'rifat markazining Oltinsoy tuman bo'linmasi boshlig'i Rustam Yadigarov, mahallalardan tashrif buyurgan xotin-qizlar faollari ishtirok etdilar.
Dastlab poytaxtdan kelgan mehmonlar tumandagi mahallalarda istiqomat qilayotgan xonadonlarda bo'lishib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar a'zolariga atalgan sovg'a-salomlarni topshirishdi. Poytaxtdan tashrif buyurgan ma'naviyat guruhi a'zolari hamda “Bo'ston” MFY xotin-qizlar faoli Gulsin Ibragimova hamda Ma'naviyat va ma'rifat markazining Oltinsoy tuman bo'linmasi boshlig'i Rustam Yadigarovlar tumanning “Bo'ston” mahallasida yashovchi, yosh shoira Ma'rifat Rahmonova bilan uchrashdilar. Respublikada taniqli shoira Zulfiya Mo'minova Ma'rifatning bugungi kundagi ijod namunalari bilan tanishib, ijodiga parvozlar tiladi. Shundan so'ng mehmonlar ushbu mahallada yashovchi keksa onaxon Zulxumor aya Xudoyberdiyevaning xonadonida bo'lib, onaxon bilan yurtimizdagi tinchlik va farovonlikka shukronalik xususida suhbatlashdilar.
Ma'naviyat tadbiri ishtirokchilari shu mahallada yashovchi Elmurod ota Shomurodovning o'g'li Muzaffar hamda kelini Madina Sattorovalar bilan ham uchrashib, ular bilan dildan suhbat qurishdi.
E'tiborlisi, guruh a'zolari ajrim yoqasiga kelib qolgan va doimiy nizoli oilalardagilar bilan ham suhbat qurishdi va ularga psixologik ko'mak ko'rsatishdi.
Shundan keyin targ'ibot guruhi a'zolari tuman markazida joylashgan “Xo'jaipok” sanatoriysida yig'ilgan tumandagi xotin-qizlar vakillari bilan uchrashdilar. Tadbirni Ma'naviyat va ma'rifat markazi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig'i Nargiza Rahmatullayeva kirish so'zi bilan boshlab berdi va mehmonlarni birma bir tanishtirib, bugunning ayollari oldida turgan vazifalar, onalik baxti, kiyinish odobi, qizlar tarbiyasi borasidagi fikrlarini bayon qildi.
Ochiq muloqot tarzida o'tgan mazkur uchrashuvda tuman xotin-qizlarining bugungi ijtimoiy hayoti, amalga oshirayotgan ishlari, ularning turmush tarzini yanada sermazmun qilish borasida davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan ishlar samarasi haqida so'z bordi.
Uchrashuvda el sevgan shoira Zulfiya Mo'minova o'zining yangi she'rlaridan o'qib berdi. Ayniqsa, shoira el aro mashhur bo'lgan “Ayolga baxt bering, saodat bering” nomli she'rini o'qiyotganida zalda davomli gulduros qarsaklar yangradi.
Yunus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy maqom san'ati markazi xonandasi, “Nihol” mukofoti sohibasi Adolat Ismoilova ijrosidagi yangragan ajoyib qo'shiqlarga tadbirda qatnashayotgan xotin-qizlarning barchasi yayrab raqsga tushdilar.
Tadbirda “Ma'rifat” targ'ibotchilar jamiyati a'zosi, psixologiya fanlari doktori, professor Feruza Akramova va Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi mas'ul xodimi Pardaxol Norqobilovalar zamonamiz xotin-qizlarining ijtimoiy hayotda o'z o'rinlarini topishlari, farzand tarbiyasidagi muammolarni bartaraf etish, o'z iqtidorini kamolga yetkazish borasida gapirdilar.
Oltinsoylik xotin-qizlar poytaxtdan kelgan targ'ibotchilar bilan esdalik uchun suratlarga tushdilar.
Tadbir barchada xush taassurot qoldirdi.
© Oltinsoy tumani hokimligi veb-saytlari 2025