Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Oltinsoy tumani hokimligi
Oltinsoyda ham “OLTINBOSHLAR” bor
Tadbirlar / 2021-07-24

Oltinsoyda ham “OLTINBOSHLAR” bor.                

     Bugun xursandman.  Birovning yutug’ini ko’rib xuddi o’z yutug’ingizday xursand bo’lgansizmi?  Bugun ana shunday holatdaman.

    Kuni kecha Termiz Davlat universitetini Tarix va Amaliy matematika fakultetlarini aka-uka Mirqosim va Muhriddin Tilovovlar imtiyozli diplom bilan muvaffaqiyatli tugatdilar. Mirqosim shu kecha-kunduzda Termiz davlat universitetida ham o’qib, ham rektoratda o’z ish faoliyatini olib bormoqda. U bo’limdagi eng kerakli, eng ko’p ishlaydigan, hali talaba bo’lishiga qaramay jamoada hurmati bor xodimlardan. Endi ukasi Muhriddin haqida: Muhriddin 2020-2021-o’quv yilida Respublikada sanoqli iqtidor egalariga beriladigan “Beruniy stipendiyasi” sohibi bo’ldi. Bu mukofot o’z-o’zidan berilavermaydi, qanchadan-qancha sinovlardan o’tiladi. Nomdor stipendiya egasi magistraturaga to’g’ridan-to’gri davlat grantiga qabul qilinadi. Muhriddin nasib bo’lsa, shu bu yil magistratura talabasi. Hozircha u Oltinsoy IT-markazida murabbiylik qilib, yoshlarga kompyuter savodxonligi va dasturlash asoslarini o’rgatmoqda.

Butun universitet miqyosida o’tkazilgan diplom tarqatish tadbirlarida Rektor va boshqa ustozlar tabriklaridan so’ng, talabalardan birinchi so’z Mirqosim Tilovovga berildi. U universitetdan olgan saboqlari uchun ulug’  ilm dargohiga o’z minnatdorchiligini bildirdi. Keyin boshqa talabalar, jumladan Muhriddin Tilovov ham o’z xursandchiliklari bilan o’rtoqlashdi.  Uning facebook sahifasidagi  o’z onasi haqidagi fikrlarini o’qib Ona duosi farzand uchun naqadar zarurligini his etasiz. Rostdan ham mushtipar Ona yolg’iz boshi bilan o’zi yemadi, o’zi kiymadi. Faqat farzandlar iqboli uchun harakat qildi. Sog’ligini yo’qotsa ham harkatdan to’xtamadi. Bugun hammasi o’z mevasini berdi.

  Men bu yigitlar bilan shaxsan tanish bo’lganim, aka-ukachiligim bo’lgani uchun aytolamanki, ular bu yutuqlarga hech qanday “TANK” larsiz, tanish-bilishlarsiz,  o’z mehnatlari, bilim va harakatlari bilan erishdilar. Negaki, shu poraga beradigan ortiqcha mablag’ning o’zi yo’q edi-da.  Tanish-bilishsiz, porasiz hech narsa qilib bo’lmaydi deganlarga ushbu ikki aka-ukani misol keltiravering!

  Nasib bo’lsa  hali bu boshlanishi! Yutuqlarning birinchi zinasiga bosilgan qadamlaring qutluq bo’lsin! Alloh omadlaringni bersin!

 

Fayzullayev Rahmatulla

Izoh qoldirish

Ro`yxatdan o`tish
5 ta foydalanuvchi hozir saytda
OpenByudjet loyihasida ishtirok etyapsizmi?