Qurilish sohasida normativ hujjatlar xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashmoqda.
Bugungi kunda Respublikamizda qurilish sohasi milliy iqtisodiyotning muhim ustuvor tarmog‘i sifatida belgilangan bo‘lib, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan jadal islohotlar sababli yuqori o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda.
Hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan davlat dasturlarida mamlakat iqtisodiyotini yanada jadal rivojlantirishda iqtisodiyotning lokomotivi sifatida qurilish sohasiga, xususan yangi bino va inshootlar, yangi ishlab chiqarish ob’ektlari hamda xususiy tadbirkorlik, temir va avtomobil yo‘llari, turar joy binolari qurilishiga alohida urg‘u berib kelinmoqda.
Xususan, mamlakatimizda qurilish tarmog‘ini yanada takomillashtirish, qurilish organlari va muassasalarini izchil rivojlantirish mexanizmlarini shakllantirish, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini ta’minlash va sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Rivojlangan davlatlarda bo‘lgani kabi respublikamizda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjatlarni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirgan holda tizimlashtirish, sohada innovatsion yechimlar, ilmiy-texnik ishlanmalar va raqamli texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish hamda qurilishda narxni shakllantirishning samarali tartibini joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Bu borada Vazirlar Mahkamasining «Qurilish sohasidagi normativ hujjatlarni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinganligi, bu sohani rivojlantirishda muhim omil bo‘ldi.
Mazkur qaror bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi davlat muassasasi shaklidagi Qurilish sohasida texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti etib qayta nomlandi. Mazkur institutga qaror talablaridan kelib chiqib, qo‘yidagi vakolatlar berildi. Jumladan, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjatlarni ishlab chiqish, xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirish va ularning fondini yaratish;
ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish, mutaxassislar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, qurilish mahsulotlarini sinash va sertifikatlash, qurilishda narxlarni shakllantirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
qurilish resurslari milliy klassifikatorini (keyingi o‘rinlarda — milliy klassifikator) joriy qilish va narxlar elektron platformasini yuritish;
ob’ektlarning umumiy ma’lumotlar muhiti (CDE / Common Data Environment), qurilishda korxonalar resurslarini rejalashtirish (ERP / Enterprise Resource Planning) va axborot modellashtirish (BIM / Building Information Modeling) texnologiyalarini (keyingi o‘rinlarda — axborot-dasturiy tizimlar) joriy etish bo‘yicha vakolatli davlat muassasasi etib belgilangandi.
Mamlakatimizda milliy qurilish sohasini rivojlantirish asosi davlatlar tomonidan qabul qilinib, rivojlantirib boriladigan normativ-huquqiy hujjatlarga bog‘liqdir. Bunda qator rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar tomonidan tan olingan huquq normalari va standartlarini o‘rganib borish sohadagi muammo va kamchiliklarni bartaraf etishga olib keladi.
Oltinsoy tumani adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i I.Ibragimov
Oltinsoy tumani Qurilish bo‘limi boshlig‘i R.Eshmuratov