Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Олтинсой тумани ҳокимлиги
Professional mediator reestriga kiritish bo‘yicha  yangi davlat xizmati joriy etilmoqda.
Эълонлар / 2023-10-26

            “Mediatsiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunining 4-moddasida “Mediator-mediatsiyani amalga oshirish uchun taraflar tomonidan jalb etiladigan shaxs” deb ta’riflangan. Mediatsiya-kelib chiqqan nizoni taraflar o‘zaro maqbul qarorga erishish uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usuli bo‘lib, unda nizolashayotgan taraflarning kelajakdagi munosabatlariga va nizoli holatlarni yechimini topish masalalarini hal etishga ko‘proq e’tibor qaratiladi.

            Mediatorlik faoliyati asosan ikki turda, ya’ni professinoal va noprofessional asosda amalga oshiriladi. Professional asosdagi mediator - faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kursidan o‘tgan, shuningdek, professional mediatorlar reestriga kiritilgan shaxs amalga oshirishi belgilangan. Noprofessional asosdagi mediator faoliyatini 25 yoshga to‘lgan va mediator vazifalarini bajarishga rozilik bergan shaxs amalga oshirishi mumkin. Bu turdagi mediatorlar ham Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan mediatorlarni tayyorlash dasturi bo‘yicha maxsus o‘quv kursidan o‘tishi mumkin.

            Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 17 oktyabrda “Professional mediatorlar reestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 544-sonli qarori qabul qilindi. Qarorga asosan, 2024 yilning 1-yanvaridan boshlab, professional mediatorlar reestrini shakllantirish va yuritish tartibi, professional mediatorlar reestridan chiqarish tartib-taomili davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshirilishi belgilandi. Talabgor maxsus o‘quv kursdan o‘tganligi haqida sertifikatga ega bo‘lgandan so‘ng, eksterritoriallik tamoyili asosida istalgan davlat xizmatlari markaziga o‘zi kelib murojaat etadi yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ro‘yxatdan o‘tib, elektron so‘rovnomani to‘ldiradi. Uchinchi shaxslar manfaatlari uchun harakat qilinayotganda so‘rovnomaga notarial tasdiqlangan ishonchnoma ilova qilinadi. Talabgor YaIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, so‘rovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi va mazkur davlat xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘lov undirilmaydi. Davlat xizmatidan foydalanishda talabgor tomonidan taqdim etilgan so‘rovnomada noto‘g‘ri ma’lumotlar aniqlangan taqdirda hududiy adliya organlari tomonidan so‘rovnoma rad etiladi va talabgorga 5 ish kuni ichida bartaraf etishga imkon beriladi. Agar ushbu muddatda kamchiliklar bartaraf etilmasa, hududiy adliya organlari so‘rovnomani rad etadi va shu kuni bu haqda talabgorni xabardor qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining «Mediatsiya to‘g‘risida»gi Qonunining 12-moddasiga asosan davlat vazifalarini bajarish uchun vakolat berilgan yoki unga tenglashtirilgan shaxslar, muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topilganligi to‘g‘risida sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori mavjud bo‘lgan shaxslar, sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar, o‘ziga nisbatan jinoiy ta’qib amalga oshirilayotgan shaxslar hamda belgilangan muddatda so‘rovnomadagi kamchiliklar bartaraf etilmagan hollarda davlat xizmati ko‘rsatilishi rad etiladi.

Professional mediatorlar reestrida mediatorlar to‘g‘risidagi professional mediatorga berilgan tartib raqami, reestrga kiritilgan sanasi, professional mediatorning familiyasi, ismi, otasining ismi, professional mediatorning joylashgan yeri va aloqa bog‘lashga doir ma’lumotlari (telefon raqami, elektron manzili), professional mediator ixtisoslashgan mediatsiya sohasi, professional mediator mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirishga qodir bo‘lgan til haqidagi ma’lumotlar, maxsus o‘quv kursini tugatganligi to‘g‘risida sertifikat rekvizitlari, reestrdan chiqarilgan sanasi haqidagi ma’lumotlar kiritilishi lozim. Ma’lumotlar o‘zgargan hollarda professional mediator uch ish kunida tegishli hududiy adliya organini xabardor qilishi lozim. Xabarnoma kelib tushgandan so‘ng ikki ish kuni mobaynida hududiy adliya organlari reestrga tegishli o‘zgartirishlarni kiritadi. Mediatr vafot etganda yoki sudning uni vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi qarori qonuniy kuchga kirganda, muomala layoqati cheklanganda yoki u belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganda, sudning mediatorni jinoyat sodir etishda aybdor deb topish haqidagi ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda, davlat vazifalarini amalga oshiradigan lavozimga tayinlanganda yoki saylanganda, mediatorga nisbatan jinoiy ta’qib amalga oshirilayotganda, bir yildan ortiq muddat mobaynida u to‘g‘risida ma’lumot olish imkoni bo‘lmaganda, hududiy adliya organining tegishli tarkibiy tuzilmasi xulosasiga ko‘ra, doimiy yashash uchun O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketganda hududiy adliya organining qarori asosida reestrdan chiqariladi.

Hududiy adliya organlari reestrdagi ma’lumotlarni har chorakda kamida bir marta yangilab boradi hamda umumlashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuboradi. Reestr Adliya vazirligi va hududiy adliya organlarining rasmiy veb-saytida e’lon qilinib boriladi.

 

    

Oltinsoy tumani Adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i I.Ibragimov.

Изоҳ қолдириш

Рўйхатдан ўтиш
12 та фойдаланувчи ҳозир сайтда
Сайт ҳақида фикрингиз?
Aъло
100%
Яхши
19%
Қониқарли
0%
Қониқарсиз
10%
Жами: 40 овоз берилди.