Boshlang‘ich ta’lim fani oyligi deb belgilangan sentabrda Oltinsoydagi eng ko‘p va xo‘b tadbirlar 45-maktabda o‘tkazildi. Nega? Jamoa ahil, maktab direktori Munira Mardonova adolat tarozisini mahkam tutgan, boshlang‘ich ta’lim ustozlari - o‘z faniga fidoyi.
Shu boisdan bugun, 29 sentabr kuni boshlang‘ich ta’lim ustozlarining viloyat miqyosidagi seminari Oltinsoy tumanidagi 45-umumta’lim maktabida o‘tkazildi.
Maktab ahli qutlug‘ anjumanga puxta hozirlik ko‘rdi. Hovli, zal va sinfxonalar havasni keltirar darajada zebolandi. 8 nafar boshlang‘ich ta’lim ustozi ochiq dars tayyorladi. Erta tongdan chor tarafdan kelayotgan mehmonlarni kutib olishdi. Ularning ko‘pchiligi o‘zlari tayyorlagan ko‘rgazmalar bilan kelishdi.
Tadbirni Oltinsoy tuman Xalq ta’limi bo‘limi metodika markazi rahbari Dilmurod Jumaev kirish so‘zi bilan ochib, barchani «1 oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni» bayrami bilan tabrikladi va kuzatuvchi ustozlarni ochiq darslar jadvali bilan tanishtirdi.
Dastlab maktab hovlisida fan oyligi doirasida boshlang‘ich ta’lim fani ustozlari dars jarayonida foylanish uchun o‘z qo‘llari bilan tayyorlagan ko‘rgazmali vositalarning tanlovi o‘tkazildi.
Tanlovda tumandagi 6-, 8-, 45-, 50-, 51-, 58-sonli maktablarning boy ko‘rgazmali vositalari eng yaxshi, deb e’tirof etildi.
Shundan so‘ng kuzatuvchi ustozlar o‘quvchilar bilan to‘la sinfxonalarda boshlanayotgan ochiq darslarga kirishdi.
Mahoratli ustozlar Malika Meliqulova, Saodat Tangirova, Zumrad Meliqulova, Dilafro‘z Avazova, Saodat Mirzaeva, Sofiya Xo‘shboqova, Saodat Mengniyozova, Muzaffar Alimovlar 1-4 sinf o‘quvchilariga multimedia vositalaridan unumli foydalangan holda yangi pedagogik texnologiya asosida o‘tgan ochiq darslari biri biridan ajoyib bo‘ldi.
Tadbirda faol ishtirok etgan ustozlar «Faxriy Yorliq»lar bilan taqdirlandi va dars ishlanmalari viloyatga ommalashtirish uchun tavsiya qilindi.
Shu kuni maktabda fan oyligi doirasida hosil bayrami munosabati bilan «Mehrjon» bayrami mavzusida ham tadbir o‘tkazildi.
—45-maktab jamoasining ishi — namunali, - dedi tadbirga bosh-qosh bo‘lib turgan Oltinsoy tuman Xalq ta’limi bo‘limi metodika markazi rahbari Dilmurod Jumaev. — Seminarga kelgan ustozlar boy taassurotlar bilan qaytishayapti. Shunday ilg‘or maktablar ko‘paysin.
Abdug‘affor ODINAEV,
O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi a’zosi.
© Олтинсой тумани ҳокимлиги веб-сайтлари 2024