Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Олтинсой тумани ҳокимлиги
TERGOV SUDYaSI VA UNING VAKOLATLARI

Amaldagi qonunchilik mazmuniga ko‘ra, o‘ttiz besh yoshga to‘lgan, oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi tergov sudyasi lavozimiga nomzod bo‘lishi mumkin hamda tuman (shahar) tergov sudyalari O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tuman (shahar) sudi tergov sudyasi O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi.

Farmonga ko‘ra tergov sudyasiga quyidagi vakolatlar berilishi nazarda tutilmoqda:

1) ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish – bunda tergov sudyasi tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati amaldagi O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 245-moddasida nazarda tutilgan moddalar va holatlardan kelib chiqqan xolda belgilanishi nazarda tutilmoqda;    

2) jinoiy materiallar bo‘yicha sanksiyalarni ko‘rib chiqish – bunda tergov sudyasi tomonidan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash bilan bog‘liq iltimosnoma; qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish masalalari bilan bog‘liq iltimosnoma; pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnoma; murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnoma; pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnoma; tintuv o‘tkazish haqidagi iltimosnoma; telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish haqidagi iltimosnoma; mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqilishi nazarda tutilmoqda

3) jinoiy materiallar bo‘yicha majburlov choralarini qo‘llash – bunda tergov sudyasi tomonidan ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnoma; shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnoma; ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomasi; ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatga qadar uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqilishi nazarda tutilmoqda;

 4) jinoiy materiallar bo‘yicha prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomasini ko‘rib chiqish – bunda tergov sudyasi tomonidan guvohni, jabrlanuvchini (fuqaroviy da’vogarni) ob’ektiv sabablarga ko‘ra (O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketishi, ularda jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishni istisno qiladigan og‘ir va davomli kasallik mavjudligi) ishni sudga qadar yuritish yoki sud muhokamasi chog‘ida keyinchalik so‘roq qilish mumkin bo‘lmay qoladi deb taxmin qilish uchun asoslar mavjud bo‘lgan hollarda, ularning ko‘rsatuvlari oldindan mustahkamlab qo‘yilishi mumkinligi nazarda tutilmoqda.

Farmonda tergov sudyasi o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshirishi, faqat qonunga bo‘ysunishi hamda tergov sudyasiga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, tergov sudyasining tashkiliy faoliyatiga rahbarlik tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raislari tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, mazkur Farmonda jinoyat ishlari bo‘yicha sudga qadar ish yurituv davrida tergov sudyasi tomonidan protsessual qarorlarga berilgan sanksiyalar faqatgina apellyatsiya instansiyasida yakka tartibda qayta ko‘rib chiqilishi tartibini belgilash ham nazarda tutilmoqda.

Xulosa qilib aytganda bu o‘zgartishlar fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda, jumladan, bitta sudya tomonidan ham qamoqqa olish yoki olmaslik hamda shu ishni shu sudyaning o‘zi tomonidan ko‘rib chiqilishini bekor qilishga, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan ishdagi barcha holatlarni sinchkovlik bilan, to‘la, har tomonlama va xolisona ko‘rib chiqishga asoslangan holda dalillarga to‘g‘ri baho berishda, har bir dalil ishga aloqadorligi, maqbulligi va ishonchliligi nuqtai nazaridan baholanishiga yaqindan yordam beradi.

 

Surxondaryo viloyat sudi jinoyat

ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi     

                                         K.Nazarov

Рўйхатдан ўтиш
  • Ҳозир сайтда
  • 8 та фойдаланувчи ҳозир сайтда
Сўров ўтказиш
Сайт ҳақида фикрингиз?