Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Олтинсой тумани ҳокимлиги
Odam savdosi jinoyati tushunchasi.

O‘zbekiston odam savdosiga qarshi kurashishga oid qator xalqaro hujjatlarni, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining «Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Konvensiyasini, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Konvensiyasini to‘ldiruvchi «Odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini oldini olish hamda unga chek qo‘yish va uning uchun jazolash haqida»gi Protokolni ratifikatsiya qildi, «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida» Qonun qabul qilindi va xalqaro huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishga doir tegishli o‘zgartirishlar kiritdi. O‘zbekiston Respublikasida eng oliy qadriyat inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa tabiiy huquqlari bo‘lib, ularni ta’minlash Konstitutsiya bilan kafolatlanadi.

Qonunda odam savdosi uchun jinoiy javobgarlik belgilanganligi shaxs erkinligining konstitutsiyaviy kafolatlaridan biri hisoblanadi. Jinoyat kodeksining 135-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasi mazmuniga ko‘ra, odam savdosi deganda, odamni olish-sotish yoki odamni ekspluatatsiya qilish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish tushuniladi.

Oldi-sotdi tariqasidagi odam savdosi odamning bir shaxs tomonidan boshqasiga pul, boshqa moddiy qimmatliklar (mulk), mulkiy xarakterdagi xizmatlar, mulkiy yoki pul shaklidagi qarzdan voz kechish va h.k.lar sifatidagi haq evaziga berilishi to‘g‘risida yozma yoki og‘zaki bitim tuzilishini nazarda tutadi. Bunday ko‘rinishdagi odam savdosida odam qanday maqsadlarda sotib olinganligi (sotilganligi) huquqiy ahamiyat kasb etmaydi. Shaxs odamni uning evaziga haq olinganidan so‘ng topshirish sharti bilan sotishga va’da berib, biroq azaldan uning qasdi moddiy qimmatliklarni egallashga qaratilgan va unda bitim shartlarini bajarish niyati bo‘lmagan xollarda uning xarakatlari firibgarlik tarkibini tashkil etadi. Oluvchining xarakatlari esa sotib olish tariqasidagi odam savdosiga suiqasd sifatida malakalanishi lozim.

Olish-sotish tariqasidagi odam savdosidan farqli ravishda, Jinoyat kodeksining 135-moddasida nazarda tutilgan boshqa barcha hollar (yollash, tashish, topshirish, yashirish, qabul qilish)da jinoiy javobgarlik yuzaga kelishining zarur sharti odamni ekspluatatsiya qilishga qaratilgan maqsad mavjudligi hisoblanadi. Odam mehnati va xizmatlaridan mehnat, fuqarolik qonunchiligi normalariga muvofiq (masalan, qurilish yoki maishiy pudrat, haq evaziga xizmat ko‘rsatish, yo‘lovchi va yuk tashish, transport ekspeditsiyasi va h.k. shartnomalar bo‘yicha) foydalanilgan barcha hollarda odam ekspluatatsiyasi mavjud bo‘lmaydi. Bunday huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmaslik bilan bog‘liq nizolar fuqarolik sud ishlarini yuritish tartibida hal etilishi kerak.

Odamni ekspluatatsiya qilish boshqa shaxslar fohishabozligidan foydalanish yoki boshqa ko‘rinishdagi shahvoniy ekspluatatsiyami, majburiy mehnat yoki xizmatlar, qullik yoki qullikka o‘shash odatlar, erksizlik holati yoki odam a’zolari yoki to‘qimalari olinishini anglatadi. Fohishabozlikda        foydalanish deganda, odamdan uning haq evaziga nomuayyan doiradagi jinsiy sheriklar bilan shahvoniy munosabatlarga kirishishidan muttasil foydalanish tushuniladi. Boshqa ko‘rinishdagi shahvoniy ekspluatatsiya deganda, odamning undan pornografik tasvirlar tayyorlash, buzuq harakatlar sodir etish va h.k. maqsadlarda foydalanish uchun berilishi tushuniladi. Majburiy mehnat biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ish bajarishga majburlashni anglatadi. Harbiy yoki muqobil xizmat to‘g‘risidagi qonunlar asosida, favqulodda holat yuz bergan sharoitlarda, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmiga binoan, qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar majburiy mehnat deb hisoblanmaydi.

Qullik o‘ziga nisbatan mulk huquqiga xos ayrim yoki barcha huquqlar amalga oshirilayotgan shaxs ahvoli yoki holatini anglatadi.

Erksizlik holati shaxsning muayyan omillar majmui ta’siri ostida o‘z erkiga xilof ravishda har qanday ish yoki xizmatni bajarishga majbur bo‘lganligini anglatadi. Odam savdosiga oid ishlarni tergov qilish yoki ko‘rishda tergov organlari va sudlar quyidagi tushunchalarni aniq farqlashlari lozim:

yollash – ekspluatatsiya qilish maqsadida odamni biror-bir faoliyat bilan shug‘ullanishga jalb etishga qaratilgan faoliyat (ekspluatatsiya ob’ektini qidirish, to‘plash, u bilan muzokara yuritish va h.k) tushuniladi;

tashish – shaxsni olish-sotish bitimi tuziladigan (ijro etiladigan), boshqa shaxsga topshiriladigan joyga yoki undan ekspluatatsiya maqsadida foydalaniladigan joyga yetkazib berish (transportda tashish)ni anglatadi. Tashish bitta aholi punkti doirasida ham, O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqish bilan bog‘liq tarzda ham amalga oshirilishi mumkin;

topshirish – odamni boshqa shaxsga ekspluatatsiya qilish maqsadida jismoniy tarzda berishda ifodalanadi;

yashirish – jabrlanuvchini hokimiyat vakillaridan, qarindoshlaridan yoki uning taqdiridan manfaatdor boshqa shaxslardan har qanday joyda xufiya saqlashda ifodalanadi;

qabul qilish – odamni o‘z maqsadlarida ekspluatatsiya qilish uchun egalikka olish (masalan, hadya tariqasida, vaqtincha tekin foydalanish uchun yoki qarz evaziga va h.k.) ni anglatadi, odamni sotib olish hollari bundan mustasno. Jinoyat kodeksining 135-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasida nazarda tutilgan jinoyat tarkibi formal bo‘lib, jinoyat odamni olish-sotish bitimi tuzilgan paytdan yoki qonunning mazkur moddasida ko‘rsatilgan boshqa qilmish sodir etilgan paytdan tugallangan hisoblanadi.

O‘zbeksiton Respublikasining «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni va «Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid ko‘shimcha chora tadbirlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari Odam savdosidan jabrlaganlarga shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, yuridik va boshqa xil yordam berish, ularning xavfsizligini ta’minlash, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish, odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish, baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish, ushbu sohadagi jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish, oldini olish va ularga chek qo‘yish amaliyotini vazifa qilib ko‘ydi.

Bundan tashqari mazkur qonunlar bilan davlat organlari va hududiy organlarning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati samaradorligini, yaqin hamkorligi va bahamjihat ishlashlarini ta’minlash maqsadida ularning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish uchun daavlat organlarining rahbarlari va jamoatchilik vakillarining odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha brifinglar, internet-konferensiyalar, televizion ko‘rsatuvlarda ularning ishtirok etishlarini ta’minlashini vazifa qilib qo‘ydi.

O‘zbekiston Respublika Jinoyat Kodeksining 135-moddasiga bionoan Odam savdosi, ya’ni odamni olish-sotish yoxud odamni undan foydalanish maqsadida yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilganlik uchun – uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Surxondaryo viloyat sudi

jinoyat ishlari bo‘yicha

sudlov hay’ati sudyasi           

                   K.Nazarov

 

Рўйхатдан ўтиш
  • Ҳозир сайтда
  • 11 та фойдаланувчи ҳозир сайтда
Сўров ўтказиш
Сайт ҳақида фикрингиз?