O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining o‘ninchi bobida inson huquqlari va erkinliklarining kafolatlari mustahkamlangan. Ushbu bobning 55-moddasida har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi deb ko‘rsatilgan.
Qonunchilikda o‘zining buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun da’vo muddatlari belgilangan. Da’vo muddati deb, shaxs o‘zining buzilgan huquqini da’vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan himoya qilishi mumkin bo‘ladigan muddatga aytiladi. Da’vo muddati shaxs o‘z huquqlarini amalga oshirilishini talab qiladigan muddat hisoblanadi. Da’vo muddatlari umumiy va maxsus da’vo muddatlariga bo‘linadi.
Mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar yuzasidan sudga murojaat qilish muddatlari maxsus da’vo muddatlari hisoblanadi. Sababi mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha qisqartirilgan da’vo muddatlari belgilangan.
2023 yil 30 aprel kuniga qadar amalda bo‘lgan Mehnat kodeksining 270-moddasida, ishga tiklash nizolari bo‘yicha — xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi buyruqning nusxasi berilgan kundan boshlab bir oy, xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararni to‘lash haqidagi nizolar bo‘yicha — zarar yetkazilganligi ish beruvchiga ma’lum bo‘lgan kundan boshlab bir yil, boshqa mehnat nizolari bo‘yicha — xodim o‘z huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab uch oy, xodimning sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplashga doir nizolar bo‘yicha sudga murojaat qilish uchun muddat belgilanmasligi nazarda tutilgan.
Hozirgi kunda amalda bo‘lgan Mehnat kodeksining 560-moddasida, ishga tiklash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha — xodimga u bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganligi haqidagi ish beruvchi buyrug‘ining ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran uch oy, xodim tomonidan ish beruvchiga yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha — ish beruvchi zarar yetkazilganligini aniqlagan kundan e’tiboran bir yil, boshqa mehnat nizolari bo‘yicha — xodim o‘zining huquqi buzilganligi to‘g‘risida bilgan yoki bilishi kerak bo‘lgan kundan e’tiboran olti oy, xodimning hayotiga va sog‘lig‘iga yetkazilgan ziyonning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha, shuningdek xodimga yetkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilish haqidagi nizolar bo‘yicha sudga murojaat etish muddati belgilanmasligi qayd etilgan.
Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, amaldagi Mehnat kodeksida xodimlarning manfaatdlaridan kelib chiqib, ishga tiklash to‘g‘risidagi nizolar bo‘yicha murojaat qilish muddati bir oydan uch oyga, boshqa mehnat nizolari bo‘yicha uch oydan olti oyga uzaytirilgan.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, mehnat munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar bo‘yicha da’vo muddatlarining belgilanishi jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga, sudlar tomonidan nizolarni qonuniy va adolatli hal etish, ish yuzasidan haqiqatni aniqlash, xolislikni ta’minlash hamda asosli qarorlar qabul qilishda muhim o‘rin tutadi.
Surxondaryo viloyati jinoyat ishlari
bo‘yicha Oltinsoy tuman sudining
arxivariusi
B.Jumayev
© Олтинсой тумани ҳокимлиги веб-сайтлари 2025