Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Олтинсой тумани ҳокимлиги
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakatimizning rivojlanish yo‘li va inson huquqlari asosini belgilab berdi

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarda “inson qadri uchun”, degan tamoyil ustuvor maqsad etib belgilangan. Bu yo‘lda yangi tahrirdagi konstitutsiyamizning qabul qilingani mamlakatimizning yangi rivojlanish davrini boshlab berdi.

         Zero, bosh qonunimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlari kafolatlari bilan bog‘liq ko‘plab normalar o‘z aksini topganki, bu mamlakatimizning chinakam demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida jahon hamjamiyatidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.

Aytish joizki, Konstitutsiyamizda ilgari qonunchilikda mavjud bo‘lmagan bir qator muhim qoidalar mustahkamlandi va ular mazmun-mohiyatiga ko‘ra, “Inson — jamiyat — davlat” tamoyilini konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga qaratilgan.

         Binobarin, 15-moddada Konstitutsiya mamlakat hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishi qat’iy belgilandi.

         Shu paytga qadar Konstitutsiya normalari tegishli qonun va qonunosti hujjatlari orqali hayotga tatbiq qilinar, bu esa huquqni qo‘llash amaliyotida ayrim bo‘shliqlarga sabab bo‘layotgan edi. Yuqoridagi norma, bir tomondan, shaxs huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat ekanini amalda ta’minlasa, ikkinchidan, xalqimizning mavjud huquqiy tizimga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

         Asosiy qonunning 20-moddasida “Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi”, deyilgan.

         Ayni qoida inson huquq va erkinliklariga bevosita amal qilish uchun qandaydir mezonlar talab etilmasligini ko‘rsatadi. Shunga ko‘ra, endilikda inson huquq va erkinliklari bilan bog‘liq normalarga biror-bir qonun va qonunosti hujjati qabul qilinmasdan turib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilinadi. Bu esa barcha davlat organlari tizimida inson huquqlariga rioya etish madaniyati va mexanizmlarini takomillashtirishni taqozo etadi.

         Ma’lumki, shu vaqtga qadar normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan, qonunlarning asosiy funksiyasi bu ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdan iborat edi. Yangilangan Konstitutsiyaga asosan, inson huquq va erkinliklarini ifodalash qonunlarning ajralmas funksiyalaridan biriga aylandi.

         O‘z navbatida, insonning huquq va erkinliklari davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mazmun-mohiyatini belgilashi to‘g‘risidagi qoida davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatini tubdan isloh qilishga olib keladi. Unga ko‘ra, davlat xizmatchilarining asosiy maqsad, vazifa, funksiya hamda majburiyatlari inson huquq va erkinliklarini ifodalashga qaratiladi.

         Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi belgilandi. Ushbu qoida shaxsga qo‘llaniladigan barcha huquqiy ta’sir choralarini insonparvarlik tamoyillari asosida qaytadan ko‘rib chiqishni nazarda tutadi.

         Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyat va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilab qo‘yildi.

         Shu paytga qadar qonunchilikda bo‘shliq yoki ziddiyatlar mavjud bo‘lib, huquqni qo‘llash bo‘yicha kompetensiyalar to‘liq shakllanmagan edi. Qonun bilan tartibga solinmagan holda qanday harakat qilish yoki qonunlardagi ziddiyatlarda qanday yo‘l tutish lozim, degan masalada hatto malakali huquqshunoslar ham qat’iy pozitsiyaga ega emas. Yangi Konstitutsiya orqali ayni masala yechimini topdi.

         Ya’ni o‘zaro teng yuridik kuchga ega normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovut yuzaga kelgan taqdirda fuqarolar manfaatiga xizmat qiladigan konstitutsiyaviy normalarga amal qilinishi qat’iy belgilandi.

O‘z navbatida, Konstitutsiyaning 21-moddasida inson huquq va erkinliklarini cheklash asoslari aniq belgilab qo‘yildi.

         Xususan, insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin.

Inson huquqlarini cheklash asoslari faqat qonunlarda belgilangan bo‘lishi kerak, vazirlik, idora va tashkilotlarning hujjatlari inson huquqlarini cheklay olmaydi.

         E’tibor qaratish lozim bo‘lgan masalalardan yana biri inson huquqlarini cheklash asoslari belgilangan qonunlar ijrosi yuzasidan qabul qilinayotgan qonunosti hujjatlari tegishli qonunlarda nazarda tutilganidan ko‘ra, ko‘proq darajada inson huquqlarini cheklamasligi kerak.

Jinoyat-protsessual munosabatlarda shaxs huquqlarini himoya qilishning konstitutsiyaviy asoslari yanada mustahkamlandi.

         Xususan, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi, zo‘ravonlik va qiynoq holatlarining oldini olish, “Miranda qoida”si, “Xabeas korpus” instituti, aybsizlik prezumpsiyasi, yuridik yordam olish huquqiga oid normalarning Konstitutsiya darajasida belgilab qo‘yilgani surishtiruv, tergov, sud hamda jazoni ijro etish jarayonida huquqni muhofaza qiluvchi organlar zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklamoqda.

         Bundan tashqari, shaxsiy hayot daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqining konstitutsiyaviy asoslari kengaydi. Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarni himoya qilish, shuningdek, noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga egaligi ilk bor Konstitutsiya darajasida belgilab qo‘yildi.

         Yana bir muhim jihat: har kimning yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega ekanligi belgilandi. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi nazarda tutildi.

         Yangilangan Konstitutsiyada axborot erkinligiga oid muhim normalar o‘rin olgan. Xususan, davlat internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishini, axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashning aniq asoslari belgilab qo‘yilganini ta’kidlash joiz.

         Yangi normaga ko‘ra, axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklash bo‘yicha qat’iy tartib belgilanmoqda. Mazkur qoida davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta’minlash bilan bir qatorda, fuqarolarga ular tomonidan so‘ralgan axborotni taqdim etishda idoraviy manfaatlarni ro‘kach qilish kabi salbiy holatlarning oldini olishni ta’minlaydi.

         Konstitutsiyada nazarda tutilgan inson huquq va erkinliklariga oid yangi normalar sudlar zimmasiga nihoyatda katta mas’uliyat yuklaydi.

Inson huquq va erkinliklari qonunlarning mazmun va mohiyatini belgilashi hamda inson huquqlari konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkinligi to‘g‘risidagi qoidalar sudlar faoliyatini yangi mezonlar asosida tashkil etishni taqozo etadi.

         Deylik, inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyat va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishiga oid masalalar bo‘yicha sud qarorlari faqat individual tusda bo‘lishi kerak emas. Bunday qarorlar ana shunday barcha holatlar uchun yechim bo‘lishi zarur. Bu esa sud amaliyoti hujjatlariga pretsedentlik elementlarini aks ettirishni talab qiladi.

         Xulosa qilib aytganda, yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiya Yangi O‘zbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

         Bu esa inson huquq va erkinliklariga oid masalalarda huquqni qo‘llash amaliyotiga yangicha yondashuvlar joriy qilishni dolzarb zaruratga aylantirmoqda.

         Zero, barchamizning vazifamiz inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadigan va hurmat qilinadigan adolatli jamiyat barpo etishdir.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha

Oltinsoy tuman sudining

 sudya yordamchisi N.Soatov.

Рўйхатдан ўтиш
  • Ҳозир сайтда
  • 8 та фойдаланувчи ҳозир сайтда
Сўров ўтказиш
Сайт ҳақида фикрингиз?