Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Олтинсой тумани ҳокимлиги
KO‘RGAZMALI— SEMINAR TOKZORLARGA FAYZ-BARAKA QAYTMOQDA

KO‘RGAZMALI— SEMINAR

TOKZORLARGA FAYZ-BARAKA QAYTMOQDA

Xabaringiz bor, joriy yilda qabul qilingan «Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 6198-sonli Prezident farmoniga asosan, yurtimizdagi 13ta tuman qatorida, Oltinsoy  tumani ham innovatsion hududga aylantirilgan edi.

Ayni paytda bu boradagi ishlar shitob bilan davom ettirilmoqda. Innovatsion tokzorlar tashkil etadigan fermerlarga kredit, subsidiya va boshqa imtiyozlar berilib, uzumchilikni zamon talabiga mos ravishda rivojlantirish istiqbollari ishlab chiqildi.

Xususan, O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Oltinsoy tumanini innovatsion hududga aylantirish asnosida yangi innovatsion ishlanmalar joriy qilindi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi laboratoriyasida zamonaviy uslublar va innovatsion texnologiyalarga asoslanib, in vitro usuli yordamida olingan tok (uzum)ning “xo‘raki kishmish” va texnik navlari, jumladan, “oq qishmish”, “qora kishmish”, “Rizamat ota”, “Pino chyorniy”, “likerniy” navlari Oltinsoy tumanidagi Ahmad Majidov rahbarlik qilayotgan “Yangi turmush” fermer xo‘jaligi yer maydoniga ekilib, onalik bog‘i tashkil etildi. Shunisi e’tiborliki, ushbu vitro sharoitlarda o‘stirilgan navlar turli xil kasallik va viruslardan xoli hisoblanadi.

Joriy yilning 2 avgust kuni O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan tumandagi «Yangi turmush» fermer xo‘jaligi dalasida tumandagi sohibkor fermerlar ishtirokida ko‘rgazmali —seminar o‘tkazildi.

Seminarda O‘zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimi Bahodir Abdurahmonov, Oltinsoy tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Ilhom Boboqulov, tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Abdurasul Tirkashev, tuman qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Xurram Lapasovlar qatnashdi.

Seminarda «Yangi turmush» fermer xo‘jaligi Ahmad Majidov yangi navlarning afzalliklari haqida gapirib berdi:

— Eksportbop mahsulotlar yetishtirmasak, ko‘ngildagidek daromad ko‘ra olmaymiz, -dedi u. — Buning uchun innovatsion navlar juda qo‘l keladi. Voyish usulidan foydalansak, mahsuldorlik bir necha barobar oshadi. Ayni paytda fermer xo‘jaligimiz ixtiyorida 1 million tupdan oshiq xaridorgir tok ko‘chatlari bor. Tumanimiz innovatsion hududga aylantirilganligi sharofati bilan ayni chog‘da sohibkor fermerlar uchun kredit liniyasi ochildi. Biz ularni tok ko‘chati bilan ta’minlash bilan barobarida, tokzorlariga borib parvarishlash borasida ham maslahatlarimizni berishga doimo tayyormiz.

Bugun «Yangi turmush» fermer xo‘jaligida 12 turdagi uzum navlarining ko‘chatlari yetishtirilmoqda. 10 turdagi noyob gullar, pista ko‘chatlari, orasta shiypon va shirin-shakar uzumlarga boy ishkomlar mehmonlarda zo‘r qiziqish uyg‘otdi. 

Изоҳ қолдириш

Рўйхатдан ўтиш
5 та фойдаланувчи ҳозир сайтда
Сайт ҳақида фикрингиз?