Ma’naviy-ma’rifiy tadbir
Bugun, 9 yanvar kuni Oltinsoy tumanidagi 9-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tuman Ma’naviyat ma’rifat bo‘linmasi tashabbusi bilan “Mard askar — yoshlarga namuna“ shiori ostida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligi hamda 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Oltinsoy tuman Xalq ta’limi bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu tantanali tadbirda maktablarning chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash fani o‘qituvchilari, ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchilari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Bayram tadbirini 9-maktab direktori Shokir Jumaev kirish so‘zi bilan ochdi va boshqarib bordi. Maktab rahbari barchani bayram bilan qutlar ekan, jumladan, shunday dedi:
— Vatan – muqaddas dargoh, harbiy xizmat esa eng sharafli vazifadir. Vatan himoyachilari bor ekan, xonadonimiz tinch, oilamiz osoyishta, yurtimiz yovuz kuchlar tahdididan omonda bo‘ladi. Biz bo‘lajak Vatan himoyachilari bo‘lgan yoshlarimizni o‘tkir bilimli, odobli, intizomli, jismonan va ruhan chiniqqan insonlar bo‘lib voyaga yetishlari yo‘lida bor kuch-quvvatimizni ayamaymiz.
Bayram tadbirida so‘zga chiqqan Oltinsoy tuman Ma’naviyat ma’rifat bo‘linmasi rahbari Rustam Yadigarov ham yig‘ilganlarni bayram bilan tabriklab, aziz Vatan himoyasi, muhtaram Prezidentimizning Murojaatnomasidan kelib chiqadigan vazifalar, bugungi davrda yoshlar tarbiyasi kabi masalalarda to‘xtalib o‘tdi. Notiq, jumladan, shunday dedi: “Vatan ostonadan boshlanadi. Muqaddas Vatanimiz himoyasida sobit turgan o‘g‘lonlarga kuch-quvat, g‘ayrat-shijoat doimo yor bo‘lsin. Vatan degan ulug‘ tuyg‘u barchamizni birlashtirsin. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin.
Tadbirda so‘zga chiqqan tumandagi 31-maktabning ChYoT fani ustozi Ulug‘bek Ashurov ham barchani tabriklab, Vatan oldidagi burchimizni oqlash har birimizning muqaddas burchimiz, yigit kishi har doim har vaqtda hushyor bo‘lmog‘i, yurt tinchligi, osoyishtaligini qo‘riqlash uchun bel bog‘lashi lozimdir, deb ta’kidlab o‘tdi.
9-maktabning ChYoT fani ustozi, tuman Kengashi deputati Habibulla Ismatullaev tinchlik-osoyishtalik qadri borasida gapirib, o‘tgan yilning 14 dekabridan joriy yilning 15 yanvariga qadar davom etayotgan «Vatanparvarlik oyligi»da amalga oshirilayotgan ishlar borasida ham so‘z yuritdi.
Vatan yagonadir, Vatan muqaddasdir. Ona Vatan himoyasiga barchamiz birdek mas’ulmiz.