• Hech kim rasmiy eʼlon qilinmagan qonun asosida hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi mumkin emas.
• Hech kim ayni bir jinoyat uchun takroran hukm qilinishi mumkin emas.
SHU OʻRINDA SAVOL TUGʻILISHI MUMKIN, OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNLARI RASMIY EʼLON QILINADIGAN MANBALARGA NIMALAR KIRADI?
Qonunchilikka muvofiq, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi”, “Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik toʻplami”, “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari, “Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi” Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari eʼlon qilinadigan rasmiy manbalardir.
SHUNINGDEK, NORMATIV-HUQUQIY HUJJATLARNI EʼLON QILISHGA DOIR TALABLARGA QUYIDAGILAR KIRADI:
• Normativ-huquqiy hujjatning bayon tarzida rasmiy eʼlon qilinishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
• Normativ-huquqiy hujjat rasmiy eʼlon qilinganda uning barcha rekvizitlari koʻrsatiladi.
• Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlari matnlarining elektron shakllari ularni qabul qilgan organlarning rasmiy veb-saytlarida normativ-huquqiy hujjat rasmiy eʼlon qilinganidan keyin bir kun ichida eʼlon qilinishi shart. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlari matnlarining elektron shakllarini eʼlon qilish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
• Normativ-huquqiy hujjatlarni norasmiy nashrlarda eʼlon qilishga, shuningdek ularni qonunchilikning elektron maʼlumotnoma tizimlari orqali tarqatishga normativ-huquqiy hujjat rasmiy manbalarda ularning barcha rekvizitlari, ular eʼlon qilingan rasmiy nashrlar va ularning kuchga kirish sanasi koʻrsatilgan holda eʼlon qilinganidan soʻng yoʻl qoʻyiladi. Bunda rasmiy nashrlarda eʼlon qilingan normativ-huquqiy hujjat matnining aniq takrorlanishi taʼminlanishi kerak.
• Normativ-huquqiy hujjatlarning eʼlon qilinishi ular qoʻllanilishining majburiy shartidir.
QAYSI DAVLAT ORGANI HUQUQIY AXBOROTNI TARQATISH VA UNDAN FOYDALANISHNI TAʼMINLASH SOHASIDA VAKOLATLI HISOBLANADI?
• Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni taʼminlash sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
• Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi oʻz vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlarning rasmiy eʼlon qilinishini amalga oshiradi;
• Normativ-huquqiy hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida rasmiy eʼlon qilish ular Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kelib tushgan paytdan eʼtiboran bir kun ichida “Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy eʼlon qilish” boʻlimida amalga oshiriladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 30-moddasining ikkinchi qismi bir jinoyat uchun ikki marta javobgarlikka tortish mumkin emasligini belgilaydi. Ushbu qoidaning qonunda mustahkamlanganligi odillik prinsipining shartlaridan biridir. Ushbu norma orqali jinoiy javobgarlikning odilona boʻlishi taʼkidlangan. Bu oʻrinda bir jinoyat uchun bir marta javobgarlikka tortish mezon boʻlib xizmat qiladi. Bunda jinoyat sodir etgan shaxsning holati, ilgari jinoiy javobgarlikka tortilganligi, uning sudlanganligi yoki oqlanganligi ahamiyatga ega emas. Ushbu va boshqa holatlarda uning mazkur qilmishi uchun qayta jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASINING 31-MODDASI
• Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega boʻlish, oʻz shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega.
• Har kim yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi.
•Har kim oʻz shaxsiga doir maʼlumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek notoʻgʻri maʼlumotlarning tuzatilishini, oʻzi toʻgʻrisida qonunga xilof yoʻl bilan toʻplangan yoki huquqiy asoslarga ega boʻlmay qolgan maʼlumotlarning yoʻq qilinishini talab qilish huquqiga ega.
•Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega.
•Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qoʻyishni va koʻzdan kechirishni oʻtkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yoʻl qoʻyiladi. Uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi.
Mazkur moddaning 1-qismi bilan belgilangan normaga koʻra, Inson boshqa mavjudotlardan shaʼni, qadr-qimmatiga, obroʻyiga egaligi bilan farq qiladi. Qadr-qimmati qadrlangandagina u oʻzining hayotini munosib qura oladi. Shuning uchun insonning shaʼni, obroʻsi himoya qilinadi. Har bir kishi oʻz hayotini oʻzi xohlagancha tashkil qiladi. Bunda u boshqalarga zarar yetkazmasligi, qonun-qoidalar asosida yashashi, foydali mehnat bilan shugʻullanishi zarur. Insonlarning shaʼni, obroʻsiga zarar keltiruvchi har qanday harakat taqiqlanadi. Biror-bir harakat natijasida insonning shaʼni, obroʻsiga zarar yetsa, unga tegishli choralar koʻriladi.
Shuningdek 31-moddaning navbatdagi normalari bilan har kim yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega ekanligi, har kim oʻz shaxsiga doir maʼlumotlarning himoya qilinishi huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda.
Keyingi yillarda telekommunikatsiya tarmoqlari va axborot texnologiyalari rivojlangani sari axborot va maʼlumotlarni uzatish, tarqatish jarayonlari osonlashdi va xalq ichida ommaviylashdi. Hozirgi kunda 30 milliondan ortiq yurtdoshlarimiz mobil aloqadan foydalanmoqdalar.
Bugun ijtimoiy tarmoq va internet saytlarida shaxsning shaxsiy va oilaviy siriga oid maʼlumotlari, ming afsuski, uning roziligisiz olinishi, tarqatilishiga guvoh boʻlyapmiz. Natijada koʻpchilik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari oʻz shaxsiy hayotiga, shaxsiga oid maʼlumotlarning tarqalishiga oid huquqbuzarlikdan jabr koʻrmoqdalar.
Bunday sharoitda fuqarolarning shaxsiy maʼlumotlari, yozishmalari va biometrik maʼlumotlarini saqlash va tarqatilishida tashqi taʼsirlardan himoya zarurati yuzaga kelmoqda. Shu nuqtai nazardan Konstitutsiyada daxlsizlik huquqi sifatida shaxsiy, oilaviy sir va maʼlumotlarning noqonuniy toʻplanishi va tarqalib ketishi cheklanishi muhim ahamiyatga egadir.
Mazkur modda 4-qismining ahamiyati shundaki, bir necha yillardan buyon jamiyatimizda “snos” bilan bogʻliq muammo dolzarblik kasb etayotgandi. Bunga oqilona yechim sifatida hech kim sudning qarorisiz uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi hamda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi orqali taʼminlanishi ham mustahkamlandi.
Jinoyat ishlari boʻyicha
Oltinsoy tuman sudining raisi
K.Nazarov
© Oltinsoy tumani hokimligi veb-saytlari 2024